O‘zbekiston | 23:36 / 30.03.2026
1060
2 daqiqa o‘qiladi

Aprelda ob-havo qanday bo‘lishi ma’lum qilindi

Bahorga xos iliqlik kuzatiladi, dastlabki kunlarda ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, ba’zi joylarda esa quruq ob-havo saqlanadi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida O‘zbekistonda bahoriy beqaror ob-havo kuzatiladi. Oyning dastlabki kunlarida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, ba’zi joylarda esa quruq ob-havo saqlanadi.

Oy davomida harorat nisbatan yuqori bo‘ladi: kechalari +12...+17 darajadan +7...+12 darajagacha, kunduz kunlari esa +27...+32 darajadan +15...+20 darajagacha o‘zgarib turadi. Eng iliq kunlarda harorat +28...+33 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Oyning birinchi o‘n kunligida hududlarda qisqa muddatli yomg‘irlar va momaqaldiroq kuzatiladi. Ayrim hududlarda, xususan Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida 1–3 aprel kunlari yog‘ingarchilik bo‘lmasligi kutilmoqda.

Aprel oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida ham yomg‘irli kunlar prognoz qilinmoqda. Har bir o‘n kunlikda o‘rtacha 1–3 kun yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.

Shuningdek, aprel oyida keskin isish davrlari qisqa muddatli sovuqlar bilan almashib turishi ehtimoli bor. Ayrim kunlari tungi harorat pasayib, sovuq tushishi mumkin.

Qayd qilinishicha, kuzatuvlar davrida 2022 yil aprel oyi eng iliq bo‘lgan, 2009 yil aprel oyi eng sovuq sifatida qayd etilgan.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid