O‘zbekiston | 09:25 / 04.08.2021
7210
3 daqiqa o‘qiladi

Sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Shutterstock

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi negizida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilindi.

Qarorda belgilanishicha, institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat ilmiy muassasasi bo‘lib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari tatbiq etilishi belgilangan.

Institut direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Institut tuzilmasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Institutning “Intellektual dasturiy tizimlar” qo‘shma laboratoriyasi tashkil etiladi. Qo‘shma laboratoriya Institutning tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Institutga respublikadagi ilmiy tashkilotlar va oliy ta'lim muassasalarining raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt sohasida amalga oshirayotgan ilmiy va o‘quv faoliyatiga, jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali huzurida tashkil etilayotgan Raqamli texnologiyalar ilmiy-innovatsion markaziga yaqindan ko‘maklashish hamda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qo‘shimcha vazifa yuklatiladi.

Qarorda mazkur institut Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Bo‘z-2 mavzesi, 17-a uy manzilda operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilishi qayd etilgan.

Mavzuga oid