Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyada sobiq prezident Bashar Asadni hibsga olishga order berildi
Foto: Reuters
Damashq sudi o‘tgan yilning dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan Suriya prezidenti Bashar Asadni hibsga olishga order berdi. Ayblovlar 2011 yilda Dar’a viloyatida hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini bostirish bilan bog‘liq. Aynan shu namoyishlar boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya ishtirokidagi keng ko‘lamli urushga aylangan qonli mojaroni boshlab bergandi. Asadning o‘zi o‘tgan yil dekabrida isyonchilar hokimiyatga kelganidan keyin qochib ketgan, u va oilasiga Rossiya tomonidan boshpana berilgan.
Suriyaning Sana axborot agentligi ma’lum qilishicha, Dar’ada shafqatsizlik bilan bostirilgan norozilik namoyishlari vaqtida halok bo‘lganlarning qarindoshlari sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Asad qasddan odam o‘ldirish, qiynoqlar, noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda ayblanmoqda.
Suriya Oliy sudi ta’kidlashicha, Suriya sudi tomonidan berilgan hibsga olish orderi Bashar Asadni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berish imkonini beradi.
Dar’ada norozilik namoyishlari 2011 yil mart oyida boshlangan. Aprel oyi oxirida norozilik namoyishlarini bostirish uchun shaharga armiya bo‘linmalari va zirhli texnikalar kiritilgan.
O‘shanda mamlakat xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘t ochgan. Aktivistlar Dar’adagi norozilik namoyishlarining dastlabki bir yarim oyida yuzlab namoyishchilar halok bo‘lganini ma’lum qilishgan.
Iyul oyida Fransiyaning Kassatsiya sudi Suriya sobiq prezidentini hibsga olish orderini bekor qilgandi. Sud qaroriga ko‘ra, Bashar Asad Suriya prezidenti sifatida harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun ham jinoiy javobgarlikka tortilishdan himoyalovchi immunitetga ega bo‘lgan.
Fransiyadagi order Asad hali Suriyada hokimiyat tepasida ekanida – 2023 yil noyabrida – 2013 yilda kimyoviy qurol qo‘llash bo‘yicha jinoiy ish doirasida berilgandi.
O‘shanda prokuratura Asadning davlat rahbari sifatida daxlsizligidan kelib chiqib, ushbu hibsga olish orderining qonuniyligiga e’tiroz bildirgandi.
2025 yil yanvar oyida, rejim qulab, Asad Suriyadan qochib ketganidan so‘ng, Fransiyada Suriya sobiq prezidentini insoniyatga qarshi jinoyatlar ayblovi bilan hibsga olish uchun yana bir order berildi. Bu ayblovlar 2017 yilda Suriya va Fransiya fuqaroligiga ega shaxs halok bo‘lgan Duma shahri bombardimon qilingani bilan bog‘liq.
Suriyani qariyb chorak asr boshqargan Bashar Asad o‘tgan yilning dekabrida hokimiyatdan ag‘darilib, Rossiyaga qochib ketgandi. Uning oilasi va o‘zi Suriyada tuzum qulaganidan so‘ng Moskvadan boshpana topgan.
2011 yilda boshlangan Suriyadagi fuqarolar urushi davomida hukumat yuz minglab odamlarni qiynoqlar odatiy hol bo‘lgan lagerlarda ushlab turgan.
«Sednaya» qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar uyushmasi (ADMSP) ma’lumotlariga ko‘ra, 2011 yildan 2018 yilgacha ushbu qamoqxonada qiynoqlar, tibbiy yordam yo‘qligi yoki ochlik oqibatida 30 mingdan ortiq mahbus qatl etilgan yoki vafot etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy suriyalik avtokratni hibsga olish uchun order berilishiga izoh berdi.
«Biz uni javobgarlikka tortish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘tgan yilning dekabr oyidan beri u Moskvada Ukrainadan borgan va boshqa jinoiy guruhlar bilan birga yashirinib yuribdi», – deb yozdi Zelenskiy telegramda.
«Jazosizlik poytaxtida dunyoning barcha eng mashhur qotillari va jinoyatchilari adolatdan qochib yurgani diqqatga sazovordir. Rossiya o‘zining va boshqalarning jinoyatlarini yashirmoqda», – dedi Ukraina prezidenti.
Mavzuga oid
10:01 / 23.12.2025
Bashar Asadning Moskvadagi hayoti: u nimalar bilan mashg‘ul?
09:41 / 20.12.2025
AQSh Suriyada IShID obektlariga zarba berdi
19:41 / 17.12.2025
«U endi Putinga kerak emas». The Guardian Bashar Asadning Moskvadagi hayoti haqida yozdi
18:29 / 17.12.2025