O‘zbekiston | 00:44 / 15.06.2019
27965
4 daqiqa o‘qiladi

15 iyundan barcha oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlanadi

Foto: KUN.UZ

15 iyundan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlanadi.

2019-2020 o‘quv yili qabulida abituriyentlar uchun ko‘plab yangiliklar va qulayliklar yaratilgan:

Birinchidan, O‘zbekistonda qator yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi. Jumladan, 8 ta xorijiy hamda 8 ta mahalliy oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, joriy o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi;

Ikkinchidan, Prezidentimizning tashabbusiga ko‘ra, respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari qariyb 20 foizga oshirilib, 120 mingdan ortiq abituriyentlarni talabalikka qabul qilish imkoniyati yaratildi. Jumladan, abituriyentlar Amaliy koinot texnologiyalari, Raqamli iqtisodiyot, Texnologik ta’lim, Maktabgacha ta’lim psixologiyasi va pedagogikasi, Urbanistika, Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati, Devorbop va pardozbop qurilish materiallari texnologiyasi, Sanoat korxonalarida innovatsion loyihalar boshqaruvi kabi yangi zamonaviy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tanlovda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar;

Uchinchidan, barcha abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishlari mumkin, bu degani – abituriyentlar o‘z kuch va bilimlarini bir vaqtning o‘zida uchta turli oliy ta’lim muassasasida sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi;

To‘rtinchidan, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy (CEFR tizimi bo‘yicha) sertifikat yoki xalqaro tan olingan imtihon tizimlarining (IELTS, TOEFL, JLPT, DSD, DELF kabi) sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlarga test sinovlarini topshirishda chet tili fanidan maksimal ball beriladi va ular ushbu fandan imtihon topshirishdan ozod etiladi;

Beshinchidan, kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi abituriyentlarga ortiqcha navbatlarsiz va odamlar bir joyda to‘planib qolishining oldini olgan holda imtihonlarni topshirishga imkoniyat yaratadi;

Oltinchidan, ko‘plab abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlardan kelib chiqib, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun asosiy qabul kvotalariga qo‘shimcha ravishda alohida qabul kvotalari belgilandi;

Yettinchidan, Adliya vazirligining tashabbusiga ko‘ra, abituriyentlar tanlangan 5 ta oliy ta’lim muassasasiga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (onlayn tarzda) orqali hujjatlarini bepul topshiradilar;

Sakkizinchidan, faqat oldingi yillar bitiruvchilari test sinovlarida ishtirok etishlari uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida to‘lovni amalga oshiradilar. Bunda, nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar to‘lovdan ozod etiladilar;

To‘qqizinchidan, bo‘lajak talabalarga, o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi beriladi;

O‘ninchidan, bakalavriat bitiruvchilari, bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga turdosh bo‘lmagan magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ham tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

Ushbu o‘quv yilida ham test sinovlari adolatli va shaffof o‘tkaziladi va test sinovlarini katta sig‘imli salqin binolarda kuzatuv kameralari ostida xotirjam topshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.

Test sinovlari jarayoni katta monitorlarda hamda televideniyeda har kuni onlayn tarzda uzatib boriladi.

Mavzuga oid