O‘zbekiston | 10:34 / 29.05.2026
3239
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva: QQS bo‘yicha chegaraning oshirilishi kichik biznes uchun muhim yengillik bo‘ladi

O‘zbekistonda kichik biznes uchun soliq yukini yengillashtirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar tadbirkorlar tomonidan ijobiy qarshi olinmoqda. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ma’lum qilib, QQS to‘lashga o‘tish bo‘yicha chegaraning 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha oshirilishi minglab tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning qayd etishicha, so‘nggi yillarda mazkur masala kichik biznes vakillari uchun eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan. Hududlarga safarlar davomida tadbirkorlar QQS to‘lashga o‘tish uchun belgilangan 1 milliard so‘mlik chegaraning pastligi, soliq ma’muriyatchiligining murakkabligi, tekshiruv va hisobotlarning ko‘pligi haqida muntazam murojaat qilib kelishgan.

Uning ta’kidlashicha, amaldagi tartib ayrim korxonalarni biznesini erkin rivojlantirish o‘rniga sun’iy ravishda bo‘lishga majbur qilayotgan edi.

Prezident tomonidan imzolangan yangi farmonga muvofiq, QQS to‘lashga o‘tish bo‘yicha chegara 5 milliard so‘mgacha oshirildi. Bu o‘zgarishlardan, avvalo, oilaviy korxonalar, kafe va do‘konlar, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hamda o‘z mehnati bilan iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shayotgan minglab fuqarolar manfaat ko‘radi.

Shuningdek, farmonda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid