Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Ma’lumki, amaldagi ayrim tartibotlar biznesning tabiiy o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, kichik biznes sub’yektlari tushumi 1 milliard so‘mgacha bo‘lganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tadi.

Mazkur chegara 2019 yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar 1 milliard so‘mlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta sub’yektga bo‘lish amaliyotiga o‘tmoqda.

Shu sababli 2026 yil 1 iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirish taklif qilindi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi bildirildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Bu orqali kichik biznes uchun soliq hisoblash va to‘lash jarayoni soddalashadi, ma’muriy yuk kamayadi, aylanmalarni yashirish va biznesni sun’iy bo‘lishga rag‘bat pasayadi.

QQS ma’muriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga o‘tgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda. 2025 yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq to‘lovchilarning 77 foizi QQS to‘lovchilarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bois, past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini bekor qilish, import bo‘yicha majburiy QQSga o‘tish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.

Kichik biznes sub’yektlariga nisbatan ma’muriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish hamda soliq xavfi 500 million so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.