“Kichik biznes subektlarining oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida” prezident farmoni eʼlon qilindi.

QQSga oʻtish chegarasi oshirildi

2026-yil 1-iyundan boshlab umumiy soliq rejimiga oʻtish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 12 000 baravari etib belgilanadi. Bu summa hozirda 4 mlrd 944 mln soʻmga teng.

2020-yil 1-yanvardan buyon umumiy soliq rejimiga oʻtish chegarasi 1 mlrd soʻm edi.

6 foizlik QQS

2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasi boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga (davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar hamda yirik soliq toʻlovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

Soddalashtirilgan tartibda:

  • QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
  • foyda soligʻi stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
  • sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi berilmaydi;
  • soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan QQS boʻyicha mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va toʻlangan soliqning bir qismini qaytarib berish tartibi qoʻllanmaydi; QQSning mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi;

Soddalashtirilgan tartibdagi tadbirkorlik subyektlaridan tovarlar va xizmatlarni sotib olgan xaridorlarda QQS summasini hisobga olish huquqi saqlanib qoladi.

QQS boʻyicha soddalashtirilgan tartibga oʻtish yoki uni qoʻllashdan voz kechish tadbirkorlik subyektlari tomonidan xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan amalga oshiriladi.

Soddalashtirilgan tartibdan umumbelgilangan tartibga oʻtilganda, soliq toʻlovchi bunday oʻtish sanasida oʻz balansida mavjud boʻlgan tovar-moddiy zaxiralar va uzoq muddatli aktivlar qoldiqlarining balans qiymatida hisobga olingan QQS summalarini belgilangan tartibda hisobga olish huquqiga ega boʻladi.