22:43 / 29.08.2018
25654

Og‘ir atletikada dunyoni zabt etayotgan Osiyo. Unda o‘zbeklarning ham o‘z o‘rni bor

Foto: Hasan Pirmuhammedov

XVIII Osiyo o‘yinlarida eng uzoq davom etgan musobaqalardan biri – og‘ir atletika bo‘yicha bahslar yakuniga yetdi. 8 kun davomida har kuni bittadan vazn toifasidagi atletlar tosh ko‘tarishda bellashdilar. Uzoq yillardan buyon qit'ada gegemonlik qilib kelayotgan xitoylik va Osiyo grandlari qatorida sanaladigan qozog‘istonlik og‘ir atletikachilarning bu galgi aziadada qatnashmagani boshqa ishtirokchilarning imkoniyatlarini ancha oshirdi. Shu jumladan, O‘zbekiston termasi ham Osiyo o‘yinlaridagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Jakarta-2018 O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi uchun alohida ahamiyat kasb etdi: ilk oltin medal qo‘lga kiritildi, o‘zbek sportchisi musobaqaning tarixiy rekordini o‘rnatdi,  yakuniy jadvalda birinchi marta kuchli uchlikka kirish vazifasi uddalandi, medallarning sifati ham soni bo‘yicha avvalgi natijalardan yaxshirog‘iga erishildi.

Osiyo o‘yinlarining tosh ko‘tarish musobaqalarida O‘zbekiston sharafini 8 nafar sportchi himoya qildi, ulardan 5 nafari medal bilan ortga qaytadigan bo‘ldi. 2 yil oldingi yozgi Olimpiadada ishtirok etgan 5 sportchimizdan 3 nafari (Nuriddinov, Yoqubov, Jangaboyev) Jakartadagi turnirda qatnashdi; ularning uchalasi ham sovrindorlar safidan o‘rin oldi.

Dastlabki medalni 62 kg vazn toifasida Adhamjon Ergashev olib berdi. U dast ko‘tarishda 136 kg, siltab ko‘tarishda 162 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jami 298 kg natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi. Kumush medalga ega chiqqan vetnamlik sportchi Adhamjondan bor-yo‘g‘i 1 kg ko‘proq natijaga erishgandi. Agar dastlabki beshala urinishni ham muvaffaqiyatli yakunlagan Ergashev so‘nggi 165 kg.lik toshni siltab ko‘tara olganida edi, oltin medalga ega chiqishi ham hech gap emasdi.

Adhamjon Ergashev / Foto: Hasan Pirmuhammedov

19 yoshli sportchimiz 2014 yili Nankinda o‘tgan yoshlar olimpiadasida bronzaga sazovor bo‘lgan. Shundan so‘ng 2016 va 2017 yillardagi Osiyo birinchiliklarida hamda 2018 yilgi jahon chempionatida ham bronza medalini (faqat bir yo‘nalishda) qo‘lga kiritgan edi. Qolaversa, u shu yilning iyul oyida Toshkentda tashkil etilgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida mutlaq g‘olib bo‘ldi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Oradan bir kun o‘tib, 69 kg vazn toifasidagi vakilimiz Doston Yoqubov kumush medalni qo‘lga kiritdi. U dast ko‘tarishda 145 kg, siltab ko‘tarishda 186 kg natija ko‘rsatib, jami 331 kg ko‘rsatkich bilan 2-o‘ringa joylashdi.

Doston Yoqubov

Doston 4 yil oldin Incheonda 312 kg natija bilan 7-o‘rinni, Rio Olimpiadasida esa 313 kg bilan 14-o‘rinni band etgan edi. U, shuningdek, 2017 yil aprel oyidagi Osiyo chempionatida siltab ko‘tarish bo‘yicha bronza medaliga erishgan (umumiy 4-o‘rin) bo‘lsa, yil so‘ngida yana shu siltab ko‘tarish bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan edi (umumiy 6-o‘rin).

23 avgustdan ayollar terma jamoamiz vakillari ham bahslarga kirishdi, biroq umumiy 217 kg vazndagi toshni o‘ziga bo‘ysurdirgan Muattar Nabiyeva (58 kg) 3-pog‘ona sohibasidan 1 kg past natija bilan 4-o‘rinni qayd etdi. Shu kuni 77 kg vazn toifasidagi Shaxzod Xudoyberdiyev bahslarni anchagina muvaffaqiyatsiz o‘tkazib, so‘nggi o‘rinlardan birini band etdi. Ertasiga Sunnatilla O‘sarov (85 kg) 6-o‘rin bilan kifoyalandi.

O‘zbekiston og‘ir atletika jamoasining 26 avgust kungi bahslarda ishtirok etgan ikki vakili ham yuqori natijalar qayd etdi. Dastlab 75 kg vazn toifasida qatnashgan Omadoy Otaqo‘ziyeva 237 kg natija ko‘rsatib (101+136), kumush medal sohibasiga aylandi.

Omadoy Otaqo‘ziyeva / Foto: Hasan Pirmuhammedov

Osiyo o‘yinlarining kumush medali Otaqo‘ziyevaning karerasidagi eng katta yutuq bo‘ldi. U o‘tgan yili Osiyo chempionatida 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Otaqo‘ziyevaning muvaffaqiyatidan biroz o‘tgach, 105 kg vazn toifasida erkaklar o‘rtasidagi tosh ko‘tarish bahslari boshlandi. Olimpiada chempioni, Rio-de-Janeyroda olimpiya o‘yinlari rekordini (431 kg) o‘rnatgan Ruslan Nuriddinov Jakartada ham tengsiz atletga aylanib, O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlari tarixidagi og‘ir atletika bo‘yicha birinchi oltin medalini olib berdi. U 421 kg (191+230) natija ko‘rsatib, ushbu musobaqaning ham tarixiy rekordini yangiladi. Kumush medalni olgan iroqlik atlet chempiondan naq 16 kg ortda qoldi.

Ruslan Nuriddinov / Foto: Hasan Pirmuhammedov

Ma'lumot uchun, Nuriddinov tizzasidan operatsiya qilingani sabab Incheondagi aziadada ishtirok etmagandi. 2014 yili ushbu jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz o‘tgach, bir yil reabilitatsiya bosqichini o‘tishga majbur bo‘ldi. 2015 yilda yana bir marta operatsiya qilingach, qayta tiklanib sportga qaytishi uchun 10 oy vaqt talab qilindi.

26 yoshli Ruslan bundan ancha avval, 2010 yili Guanjoudagi Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunlagandi. U, shuningdek, 2012 yili London olimpiadasida 404 kg natija bilan 4-o‘rinni olish bilan birga jahon va Osiyo chempionatlarida bir necha marta oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Osiyo o‘yinlarining mutlaq chempioni Ruslan Nuriddinov Kun.uz`ga bergan intervyusida quyidagilarni ta'kidladi: «2010 yilda yutqazgan edim, 2014 yilgi Osiyo o‘yinlarida esa olgan jarohatim sabab qatnasha olmagandim. Alloh g‘alaba qozonishimni aynan mana shu bugunga bitgan ekan, g‘olib bo‘ldim.

Ishonasizmi, bahs oldidan murabbiylar bilan ozgina tortishib qoldik. Qaysi ma'nodaki, 222 kg ko‘targanimdan keyin chempionlik naqd bo‘lgach, ular 230 kg ko‘tarib nima qilasan, oldinda jahon chempionati bor, o‘zingni asragin deyishdi. Men esa bunga rozi bo‘lmadim va aynan mana shu og‘irlikni ko‘tarishni istadim. Ochig‘ini aytsam, tosh ko‘targanimdan so‘nggina Osiyo o‘yinlari tarixida og‘ir atletika bo‘yicha rekord o‘rnatganimni bildim va bundan juda xursandman».

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Tosh ko‘tarish bo‘yicha bellashuvlarning so‘nggi kunida Rustam Jangaboyev terma jamoamiz jamg‘armasini yana bir medal bilan boyitdi. +105 kg vazn toifasidagi vakilimiz 455 kg natija (203+252) ko‘rsatib, bronza medali sohibiga aylandi. Jangabayev kumush medalni olgan eronlik atletdan 1 kg pastroq ko‘rsatkichni qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Jangaboyev 2016 yilga yozgi Olimpiadada ham qatnashgan, o‘shanda 432 kg natija bilan 6-pog‘onadan joy olgandi. U o‘tgan yili umumiy 437 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirgan holda Osiyo chempioni bo‘lgan.

Rustam Jangaboyev / Foto: Hasan Pirmuhammedov
Foto: Hasan Pirmuhammedov

Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yuqoridagi natijalar bilan ushbu sport turi bo‘yicha jadvalning 3-o‘rnidan joy oldi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bu – terma jamoamiz tarixidagi eng yaxshi natija.

Eslatib o‘tamiz, tosh ko‘tarishda jahonning tengsiz grandi bo‘lgan Xitoy hamda Osiyo yetakchilaridan bo‘lmish Qozog‘iston og‘ir atletikachilari avvalgi olimpiadalarda doping iste'mol qilgani aniqlanib, bir necha bor o‘z tasdig‘ini topgach, Jakartadagi turnirdan chetlatildi.

Og‘ir atletika bo‘yicha KXDRning 10 ta medalidan 8 tasi oltin ekani tahsinga sazovor. Shimollik koreyslar umumjamoa hisobida hozirgacha erishgan 12 ta oltin medalidan 8 tasini og‘ir atletika bo‘yicha bahslarda qo‘lga kiritdi. Aslida bu hayratlanarli holat emas, sababi ushbu terma 2014 yilgi Osiyo o‘yinlarida Xitoydan keyin 2-o‘rinni, 2010 yili esa Xitoy va Qozog‘istondan keyin 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Boz ustiga, Xitoyning mutlaq g‘alabali seriyasi boshlanishidan oldin, ya'ni 1978 yilgi Osiyo o‘yinlarida ham aynan Shimoliy Koreya bu sport turi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan edi.

Xitoyning mutlaq g‘alabali seriyasi deganda 1982-2014 yillar oralig‘idagi Osiyo o‘yinlarining og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalarini nazarda tutmoqdamiz. Ushbu 8 ta aziadada xitoylik tosh ko‘taruvchilar ketma-ket g‘olib bo‘lib kelishayotgan edi. Ular nafaqat Osiyo o‘yinlari, balki Olimpiada bahslarida ham yaqqol yetakchi sanalishadi. Yozgi Olimpiadalardagi og‘ir atletika bahslarining umumiy-tarixiy medallar jadvalida Sobiq Ittifoqdan keyin Xitoy 2-o‘rinni egallab turibdi.

Shu o‘rinda ta'kidlash o‘rinliki, sportning ushbu turida osiyolik atletlar so‘nggi 10-15 yilda katta sakrashni amalga oshirib, jahonning yaqqol yetakchisiga aylanib oldi. Olimpiadalardagi natijalar buning yaqqol isbotini ko‘rsatib turibdi.

Birgina fakt: 2004 yilgacha bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadalarda og‘ir atletika bo‘yicha bahslar jadvalining yuqori o‘nligiga kira olgan Osiyo termalari soni 2-3 tadan oshmas edi. 2004 yilgi Olimpiadada bu raqam 4 taga, 2008 yilda 6 taga ko‘tarildi. 2012 yilga kelib, London Olimpiadasida dastlabki 3 o‘rin ham Osiyo jamoalariga tegishli bo‘ldi (Xitoy, KXDR, Eron).

Yana to‘rt yil o‘tib, og‘ir atletikada sariq qit'aga teng keladigani qolmadi: 2016 yili Rio-De-Janeyroda dastlabki 6 o‘rin qit'amiz termalari tomonidan ishg‘ol etildi. Boz ustiga, tosh ko‘tarishdagi 15 ta oltin medaldan 13 tasi Osiyo vakillariga nasib etdi. Ular orasida O‘zbekistonning 9-o‘rinni olishini ta'minlagan Ruslan Nuriddinov ham bor edi.

Mavzuga oid
Top