O‘qituvchilar istagan vaqtda, istagan joyda malaka oshirishlari mumkin. Bu qanday amalga oshiriladi?

Endi xalq ta'limi tizimi xodimlari masofadan turib malaka oshirishlari mumkin. Buning uchun ularda telefon yoki kompyuter va internet bo‘lishining o‘zi kifoya qiladi.
Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshirishda “Uzluksiz kasbiy ta'lim” elektron platformasi yo‘lga qo‘yildi. Institut mutasaddilari platformaning ishlash tartibi, yaratilgan qulayliklar haqida gapirib berishdi.
Pedagog qanday qilib o‘zi xohlagan sharoitda malaka oshirishi mumkin?
Xalq ta'limi tizimi xodimlari ishdan ajralmagan holda, istagan paytda va istagan joydan turib kasbiy malakalarini oshirishlari mumkin. Buning uchun planshet, telefon, kompyuter qurilmalaridan biri va internet bo‘lsa bas. 12 oy davomida kerakli kreditlar to‘plangach ularga sertifikatlar beriladi.
Platformaga onlinedu.uz manzili orqali kirib ro‘yxatdan o‘tiladi. Hozirgi kunda platformada maktab direktorlari, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari fan metodistlari va o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari joriy qilingan.
Ro‘yxatdan o‘tib o‘z shaxsiy kabinetiga ega bo‘lgan xodim diagnostikadan o‘tkaziladi, ya'ni uning ko‘nikmalarida qay darajada bo‘shliqlar mavjudligi aniqlanadi va platforma unga shu bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun kurslar taqdim etadi.
Onlayn malaka oshirish kursi qanday bo‘ladi?
Ular eng kami 15 daqiqadan iborat videodarslar bo‘lib dars yakunida mavzu yuzasidan taqdimot va test topshiriqlari beriladi. Xodim shu mavzuni to‘liq o‘zlashtirib, savollarga to‘g‘ri javob bersagina keyingi darsga o‘tishi mumkin bo‘ladi. Unga qayta tayyorlanish uchun istagancha qayta imkoniyat beriladi, har bir imkoniyat vaqti 40 daqiqadan oshmaydi.
Tinglovchi barcha darslarni o‘rganib o‘zlashtirib bo‘lgach, diagnostikada aniqlangan 8ta kompetensiya bo‘yicha undagi olingan ko‘nikmalar solishtiriladi. Natijalarga qarab tinglovchiga qo‘shimcha kurslar ham taklif etiladi. Malaka oshirish kursidagi darslarni tugatgach tinglovchiga olgan bilimiga qarab kreditlar beriladi. Ilmiy-tadqiqot instituti rektori o‘rinbosari Farhod Karimov platformaning e'tiborga molik jihatlari xususida so‘zlab berdi:
“Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 yanvardagi PQ-4963-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha xalq ta'limi tizimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsadida institut tomonidan “Uzluksiz kasbiy ta'lim” maxsus elektron platformasi yaratildi. Ruxsat bersangiz mazkur platformaning imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tsam, zero bu ma'lumotlar barcha xodimlar uchun kerakli hisoblanadi:
- Maxsus platforma “tas-ix” da joylashtirilgani va personal kompyuter bilan birga mobil telefon orqali (android, ios) kirish imkoniyati;
- mustaqil onlayn ro‘yxatdan o‘tish va malaka oshirish;
- har bir tinglovchining shaxsiy kabineti;
- malaka oshirishni boshlashdan oldin kasbiy kompetensiyalar bo‘yicha diagnostikadan o‘tish;
- diagnostika natijalariga asosan individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasining shakllanishi;
- individual trayektoriyaga asosan platforma tomonidan ehtiyojga asoslangan kurslarning taklif etilishi;
- har bir kursdagi alohida mavzu bo‘yicha videodars, taqdimot, adabiyotlar mavjudligi;
- har bir mavzudan keyin o‘zlashtirish darajasini aniqlash imkoniyati (agarda tinglovchi ma'lum mavzuni o‘zlashtirishi past bo‘lsa keyingi mavzular ochilmaydi);
- rahbar va mutaxassislar kamida 30 soat (15 kredit), pedagoglar 36 soat (18 kredit) malaka oshirishdan o‘tgandan keyin malaka oshirganlik to‘g‘risidagi elektron sertifikat;
- har bir tinglovchining natijalaridan kelib chiqib shaxsiy portfoliosi shakllanishi;
- muqobil malaka oshirish shakllaridan foydalanish va uchun muayyan kredit to‘plash imkoniyati;
- malaka oshirish davrida turli vebinarlarda cheklanmagan vaqtda va cheklanmagan tinglovchilar soni ishtirok etishi (bunda tinglovchi onlayn vebinarda ishtirok etmasa vebinarning arxivini ko‘rishi mumkin);
- vebinarlar o‘tkazish payida turli onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish imkoniyati;
- yaratilgan kurslar sifatini baholash (5 balli tizimda);
- tinglovchilar va tyutorlar o‘rtasida o‘zaro muloqot qilish va fayl almashish;
- tinglovchilar tomonidan o‘zlarining mualliflik kurslarini joylashtirish va boshqa tinglovchilarga o‘rtoqlashish.
2021 yil 1 martdan boshlab fan metodistlari mazkur platforma orqali kredit-modulga asoslangan malaka oshirish boshlandi. 1 may holatiga 1647 nafar metodist malakasi oshirilib tegishli sertifikatga ega bo‘ldi.
Metodistlar uchun ehtiyojga asoslangan 30 ta videokurs tayyorlandi va joylashtirildi.
15 iyuldan boshlab maktab direktorlari ham mazkur platformada malaka oshirishi boshlandi. Ular uchun 8 ta kompetensiya bo‘yicha ehtiyojga asoslangan 192 ta videokurs tayyorlanmoqda.
“Uzluksiz kasbiy ta'lim” maxsus elektron platformasini takomillashtirish davom ettirilmoqda. Bunda quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
- Har bir fan metodisti o‘ziga biriktirilgan hudud va fan kesimida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini monitoring qilish va baholash mumkin;
- Turli yo‘nalishlarda so‘rovnomalar o‘tkazish milliy tizimi (google formdan imkoniyatlaridan kengroq ) yaratiladi;
- Butun tizim xodimlarining kasbiy rivojlanishini turli kesimlarda monitoring qilish va kuzatib borish (dashboard);
- Maxsus platforma orqali dars va vebinar o‘tgan tyutorlarning faolligini kuzatish va ularning o‘quv soatlarini hisoblash va elektron jurnal yuritish;
- Kasbiy diagnostika turlarini kengaytirish;
- nodavlat ta'lim muassasalari va oliy ta'lim muassalari uchun sub tizim yaratish.
Kreditlar nima?
Kredit – bir so‘z bilan aytganda xodimning o‘z ustida ishlagani uchun beriladigan bahosi. U boshqalardan farqli o‘laroq, xorijiy kurslarni tugallaganligi, yoki o‘quvchisi olimpiadalarda faxrli o‘rinlarni egallaganligi xaqidagi sertifikatlar bo‘lsa inobatga olinadi. O‘sha sertifikatda belgilangan kreditlar platformada to‘playotgan kreditlarga qo‘shib beriladi. Ya'ni malaka oshirish kursida o‘qib to‘planadigan bahoni u o‘z ustida ishlab avvaldan to‘plagan hisoblanadi. Shu o‘rinda kreditlar miqdori ham ahamiyatli, kreditlar minimal 15-20dan, maksimal 54dan baland bo‘lishi mumkin. Xodimning bir yilda to‘plagan kreditlari miqdori 15 ball bo‘lsa u o‘z-o‘zidan malaka oshirishdan ozod etiladi. Xodimning pedagogik faoliyatidagi yutuqlari tan olinadi.
O‘quvchisi respublika va xalqaro olimpiadalarda o‘rin egallagan o‘qituvchilar uchun yuqori kreditlar beriladi. Bunday pedagoglar 54 kreditga ega bo‘lishadi va 3 yil mobaynida majburiy malaka oshirishdan ozod etilib, malaka sertifikatlari 3 yilgacha yangilanib boradi.
Sertifikatlar QR kodga ega bo‘lib, undagi raqamlar orqali uning kimga tegishli ekanligini aniqlash mumkin.
Milliy vebinar tizimi - o‘zbekcha “zoom”
Institut tomonidan amalga oshirilgan samarali ishlardan biri - yangi malaka oshirish kurslarida foydalanish uchun yaratilgan Milliy vebinar tizimi bo‘ldi. Ma'lumki, pandemiya davrida zoom platformasi eng keng tarqalgan va ommalashgan ilovalardan biri bo‘ldi. Jamoa yaratgan Milliy vebinar tizimi mazkur ilovadagi barcha funksiyalarni o‘zida jamlab, ayrim jihatlarda undan ustunlikka ham ega. Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyevning so‘zlariga ko‘ra, bu ilova ishtirokchilar soni cheklanmaganligi, vaqt chegaralanmaganligi va bepul ekanligi bilan foydalanuvchilarga katta qulaylik yaratadi.
“Tizimda bir vaqtning o‘zida 3 mingdan ortiq tinglovchi foydalanishi mumkin. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, serverlarni ko‘paytirib, internet sifatini yanada oshirsak, bu vebinar tizim kelgusida keng ommalashadi. Tizimning ustun jihatlaridan biri – uning xavfsizligi ta'minlangan.
Platformada malaka oshirayotgan xodim bilan dars o‘tayotgan o‘qituvchi shu vebinarda yuzma-yuz ko‘rishishi imkoniyati yaratilib, kurslarning qiziqarli va jonli bo‘lishi kafolatlanadi” dedi rektor.
Malaka oshirishdan maqsad mutaxassisni qiynash emas, unga yordam berish
Hozirga qadar pedagoglar 5 yilda bir marta 144 soatlik malaka oshirish kursida o‘qishlari shart edi. Bu borada ko‘plab muammolar yuzaga kelganligi sir emas: ayniqsa korrupsion holatlarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Shunday kurslarda ishtirok etgan 12,5 mingdan ortiq pedagoglar orasida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi tizimni tubdan o‘zgartirish zarurligini ko‘rsatdi va shunday muammolar aniqlandi:
1. Malaka oshirish kurslarining faqat malaka oshirish institutida yo‘lga qo‘yilishi ta'lim sifatining pastligiga olib kelgan. Oqibatda pedagoglar bu yerga toifa olishlari uchun malaka oshirganlik to‘g‘risida sertifikat zaruriyati sababligina o‘qishga kelishgan.
2. O‘qituvchilarning malaka oshirish jarayonida bir oylik o‘qishlari sabab maktablarda darslarning o‘tilmay qolish holatlari bo‘lgan. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, fizika, matematika, kimyo fan o‘qituvchilari o‘qishda bo‘lganligi sababli boshqa fan o‘qituvchisi shunchaki “o‘quvchilarni ushlab turish” uchun darsga kirgan. Bir oy davomida o‘sha fanning o‘tilmasligi ta'lim sifatiga ta'sir qilmay qolmaydi.
3. Tadqiqot ishtirokchilari ta'kidlashlaricha, bir oy davomida o‘qituvchining kun bo‘yi o‘qishda bo‘lishi oilaviy munosabatlarga ham ta'sir qilar ekan. Maktablarda dars beradigan o‘qituvchilarning katta qismi xotin-qizlar bo‘lganligi sabab ular uchun bu qiyinchilik tug‘dirgan. Ishtirokchilarning 12 foizi buni qayd etgan.
4. Malaka oshirishdagi yakuniy imtihon, malaka ishini yozish kabi yuklamalar korrupsion holatlarning gurkirashiga olib kelgan. O‘qishga kelgan xodim ertalabdan kechgacha darsda bo‘ladi, berilgan topshiriqlarni bajarib keladi va yana 50-60 betlik bitiruv malaka ishi yozishi, yakuniy imtihonga tayyorlanishi kerak bo‘ladi. Jismonan va ruhan buncha yuklamani bajarish qiyin. Malaka oshirishdan maqsad mutaxassisni qiynash emas, unga yordam berishdan iborat bo‘lishi lozim.
Endi pedagog imtihondan o‘tolmasa qaytadan pul to‘lab malakasini oshirish haqida qayg‘urmaydi
Tizimni korrupsiyadan xoli qilish uchun yuqoridagi holatlarning barchasidan voz kechildi. Malaka oshirayotgan mutaxassis endi imtihon uchun emas, taqdim etilgan ma'lumotlarni o‘zlashtirish uchun platformadan foydalanadi. O‘quv kurslari yakunida maktab direktorlari olgan ko‘nikmalari orqali o‘z rahbarlik qiladigan muassasani rivojlantirish uchun yo‘lga qo‘yadigan ishlari haqida, o‘qituvchilar esa o‘z darslarini boyitish maqsadida o‘rgangan yangi metodlari asosida dars o‘tib beradi. Bu jarayonlar vebinar tizim orqali amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, hukumatimiz xalq ta'limi xodimlari uchun qulay, sifatli va sermazmun malaka oshirish tizimini joriy qilishga sharoit yaratmoqda. Bu o‘z o‘rnida o‘qituvchi-pedagoglar zimmasidagi mas'uliyatni oshirib, ta'lim sifatini ko‘tarishga xizmat qiladi. O‘ylaymizki, jamiyatning ravnaqi va millatning kelajagi uchun mas'ul shaxslarni tarbiyalayotgan muallimlar yaratilgan bu imkoniyatlardan unumli foydalanish orqali o‘z mamnuniyatlarini bildirishadi. Yangilangan tizimning zalvorini his qilmaslik, uni yana samarasiz holga keltirishi tabiiy.
Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati Ⓣ
Tavsiya etamiz
Merkelning azaliy raqibi. Shols o‘rniga Germaniya kansleri bo‘ladigan Fridrix Mers haqida nimalar ma’lum?
Jahon | 21:04 / 05.03.2025
Xushlanmagan Temu: O‘zbekiston uni bloklashga qaror qildi
O‘zbekiston | 19:20 / 05.03.2025
Elektr va gaz limiti sovuq oylarda o‘zgartiriladimi?
O‘zbekiston | 16:03 / 05.03.2025
Shavkat Mirziyoyev FVV rahbari nega ishdan olinganini aytdi
O‘zbekiston | 10:52 / 05.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Putin Ukrainada ba’zi shartlarda o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor – Bloomberg
Jahon | 21:46
-
Toshkent va Andijon shaharlari o‘rtasida qo‘shimcha temiryo‘l qatnovi tashkil etildi
O‘zbekiston | 21:37
-
Ukraina birinchi marta Fransiyaning Mirage qiruvchi samolyotlaridan foydalandi
Jahon | 21:24
-
Firibgarlar Singapur bosh vaziri dipfeyk videosidan foydalanib kriptovaluta sotdi
Jahon | 21:22
Mavzuga oid

11:03 / 28.12.2021
Hukumat tanqididan so‘ng qayta tashkil etilgan institut. Tizimda nimalar o‘zgardi?

09:00 / 09.09.2021
A.Avloniy ilmiy-tadqiqot instituti salohiyatli kadrlarni yuqori maoshli ishga taklif etadi

16:00 / 06.06.2021