Jahon | 11:06 / 06.08.2025
3788
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda jazirama tufayli davlat idoralari va banklar yopiladi

Eron rasmiylari 6 avgust kuni mamlakatning aksariyat qismida davlat idoralari va banklar yopilishini e’lon qildi. Bunday qaror suv va elektr energiyasi iste’molini keskin oshirgan noodatiy jazirama tufayli qabul qilindi.

Foto: Majid Saeedi / Getty Images

Eron rasmiylari 5 avgust, seshanba kuni davlat televideniyesi orqali Tehrondagi, shuningdek, mamlakatning 31 viloyatidan 15 tasida davlat idoralari va banklari chorshanba kuni suv ta’minoti holatining yomonlashishi va elektr tarmog‘idagi yuklanishning oshishiga olib kelgan jazirama tufayli yopilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, tibbiyot muassasalari, xususiy kompaniyalar va ayrim bank filiallari faoliyatini davom ettiradi.

Eronda iyul oyi o‘rtalaridan beri jazirama davom etmoqda va kamida yana besh kun davom etadi. Vaziyat mamlakat janubida eng og‘ir, masalan, Obodon shahrida 3 avgust kuni havo harorati +50°C dan yuqori bo‘lgan. Eron viloyatlarida jazirama tufayli dam olish kunlari 2025 yil iyul oyining oxiri va 2024 yil, shuningdek, 2023 yilning avgustida ham e’lon qilingan. Rasmiylar muassasalar ishidagi pauza suv va elektr energiyasi iste’molini qisqartirishiga umid qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda mamlakatda soatiga 62 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, eng yuqori yuklamalar vaqtida unga 80 ming megavatt kerak bo‘ladi. Bu sohadagi inqiroz tufayli Tehron va mamlakatning boshqa shaharlari ham har kuni 2-4 soatga elektr energiyasini o‘chirishni boshladi. Bu allaqachon Tavanir davlat energetika kompaniyasi binosi oldida norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda mamlakatdagi ko‘plab korxonalarda jazirama tufayli haftasiga to‘rt kun elektr energiyasi bo‘lmayapti, deb yozadi Shargh mahalliy gazetasi. Natijada, ishlab chiqarish darajasi 2020 yilda, koronavirus pandemiyasi faoliyatni to‘xtatganida kuzatilgan darajaga tushdi. Eron ommaviy axborot vositalari mamlakat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yomon qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgani haqida xabar bermoqda.

Mavzuga oid