Jahon | 20:21 / 15.10.2025
3957
5 daqiqa o‘qiladi

NATOdagilar alyans havo hududiga kirgan Rossiya samolyotlarini urib tushirish imkoniyatini muhokama qiladi

Foto: Federico Gambarini / picture alliance / Getty Images

Bryusselda NATOning mudofaa vazirlari darajasidagi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu uchrashuvda muhokama qilinadigan asosiy masala – Rossiya tomonidan havo tahdidlari, aniqrog‘i, alyans havo hududini buzib kirgan samolyotlarga hujum qilinishiga imkon beradigan qoidalar va protokollar bo‘ladi, deb yozadi The Telegraph.

Rossiya aviatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha NATOning barcha mamlakatlari uchun yagona tamoyillar to‘plamini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Alyansning yuqori martabali diplomatining Politico nashriga aytishicha, umumiy ko‘rsatmalar mavjudligiga qaramay, hozirda NATOning turli havo missiyalari «hali ham quroq ko‘rpani eslatadi».

NATOda muayyan havo tahdidlariga javob berishning umumiy aniq qoidalari yo‘q – ko‘pincha alyansning turli a’zolari milliy darajada qabul qilingan turli qoidalar bo‘yicha harakat qilishadi. Masalan, ba’zi mamlakatlarda biror harakatni amalga oshirish uchun o‘z qiruvchi samolyotlari uchuvchilaridan tahdid mavjudligini vizual tasdiqlash majburiy bo‘lsa, boshqalarida shunchaki radarlardan olingan ma’lumotlar yetarli, deb yozadi The Telegraph.

The Telegraph’ning qayd etishicha, vazirlar alyans havo hududini buzib kirgan Rossiya samolyotlari yo‘q qilish uchun nishon hisoblanadigan parametrlar to‘plamini aniqlab olmoqchi. Muhokama jarayonidan xabardor manbaning aytishicha, har bir holatda e’tiborga olinadigan asosiy omillar samolyotning parvoz trayektoriyasi va bortda qurol-yarog‘lar bor-yo‘qligi bo‘ladi.

Yana bir yuqori martabali diplomat Politico bilan suhbatda yagona qoidalarni yaratish uchun mamlakatlar «imkon qadar ko‘proq milliy cheklovlardan xalos bo‘lishi» kerakligini tasdiqladi. «Biz barchamiz ushbu cheklovlar o‘z ma’nosini saqlab qoladimi yoki yo‘qligini diqqat bilan va tanqidiy baholashimiz kerak», – deya qayd etgan u.

Belgiya mudofaa vaziri Teo Franken uchrashuv boshlanishidan oldin jurnalistlarning savollariga javob berarkan, uchrashuvda Rossiya nishonlariga zarba berish bo‘yicha qarorni aynan kim qabul qilishi kerakligi (alohida mamlakatlarning harbiy rahbariyati yoki NATO zobitlari) muhokama qilinishini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, gap nafaqat samolyotlar, balki dronlar va kemalar haqida ham ketmoqda.

«Bizda [Belgiyada] qarorni NATO ofitseri qabul qiladi. Ammo o‘z qoidalariga ega mamlakatlar bor – masalan, Polsha va boshqa ko‘plab mamlakatlar. Bu suverenitet masalasi ham, shuning uchun muhokama oson bo‘lmaydi», – deya qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya Federatsiyasini provokatsiya sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan keyingi harakatlardan ogohlantirdi. «Rossiyaliklarga murojaat qilishga ijozat bering: agar ular ataylab NATOga qarshi biror narsa qilishga urinsa, bizda NATO havo kengligi va hududining har bir dyuymini himoya qilish uchun barcha vositalar va vakolatlar mavjud», – dedi u.

NATO davlatlari Rossiya ishtirokidagi bir qator hodisalardan so‘ng sharqiy chegaralarini himoya qilishni faol muhokama qila boshladi. 10 sentabrga o‘tar kechasi 20 ga yaqin dron Polsha havo hududini buzib o‘tgandi, ularning bir qismi qiruvchi samolyotlar tomonidan urib tushirildi. 19 sentabr kuni Rossiyaning MiG-31 rusumli uchta samolyoti Estoniya havo hududiga uchib kirdi va u yerda taxminan 12 daqiqa qoldi. Ikkala holatda ham Polsha va Estoniya Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasi doirasida NATO bo‘yicha hamkorlari bilan rasmiy maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘ragan.

Ushbu hodisalardan tashqari, Yevropaning turli mamlakatlarida strategik obektlar yaqinida noma’lum dronlar harakatlanishi tobora ko‘proq uchray boshladi. So‘nggi haftalarda bu Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Germaniya, Fransiyada kuzatildi. Bir necha holatlarda dronlar tufayli fuqarolik aeroportlarini vaqtincha yopishga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid