Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolton: Ukraina NATOga kirishga intilishdan voz kechmasligi kerak
Rossiya bilan kelishuv Ukrainaga faqat qisqa muddatli “nafas rostlash” imkonini berishi mumkin, deb hisoblaydi AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton. U urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarda Rossiyaga yon bosishdan ogohlantirmoqda.
Foto: Sebastian Elias Uth/Ritzau Scanpix/picture alliance
AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton Ukrainaga urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda Rossiyaga yon bosmaslikni maslahat qildi. “Hatto hozir kelishuv tuzilsa ham, ikki-uch yildan keyin ruslar baribir uchinchi marta ham hujum qiladi”, — dedi Bolton 18 dekabr, payshanba kuni chiqqan Der Spiegel haftanomasiga bergan intervyusida.
“Bu — strategik dilemma, uni Tramp ham, uning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham, (AQSh prezidentining kuyovi — tahr.) Jared Kushner ham tushunmaydi. Ular kelishuv tuzishni xohlaydi. Qanday shartlarda bo‘lishi ularga mutlaqo farqli emas, muhimi — bu 31 yanvargacha bo‘lsin, shunda Tramp Nobel tinchlik mukofotiga nomzod bo‘lishga ulguradi”, — dedi u.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini yakunlash bo‘yicha Berlinda yaqinda bo‘lib o‘tgan muzokaralarni sharhlar ekan, Trampning sobiq maslahatchisi Kiyevning NATO a’zoligiga intilishdan voz kechib, evaziga xavfsizlik kafolatlari olish haqidagi mulohazalarini “ulkan xato” deb atadi. “Men bunga rozi bo‘lmasdim. Trampning o‘zi ham NATO shartnomasining 5-moddasi bo‘yicha ishonmaydi. Unda Trampdan NATOdan tashqari beriladigan xavfsizlik kafolatlarining qiymati qanday? Bu — xavfsizlik illyuziyasi”, — deb ta’kidladi siyosatchi.
Bolton Trampning birinchi prezidentlik muddatida 17 oy davomida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan. U strategik masalalar bo‘yicha Oq uy rahbari bilan kelishmovchiliklar sabab iste’foga chiqqan.
Hozirgacha Ukraina rasman Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish maqsadidan voz kechmagan. “Biz shunday xavfsizlik kafolatlarini istardik. Ularga loyiqmiz deb hisoblaymiz”, — dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 18 dekabr kuni Bryusselda YeI sammitida jurnalistlarga. Uning aytishicha, NATO a’zoligi maqsadini mustahkamlab qo‘ygan konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishning hojati yo‘q. Bu qarorni Ukraina xalqi qabul qilishi kerak, dedi Zelenskiy.
U AQSh Ukrainaning alyansga kirishiga qarshi chiqishda davom etayotganidan afsus bildirdi. “Bu masalada AQSh siyosati izchil. NATO a’zoligi bo‘yicha pozitsiya o‘zgarmayapti. Ular bizni unda ko‘rmayapti. Hozircha”, — dedi Zelenskiy. U kelajakda bu pozitsiya o‘zgarishiga umid bildirib: “Balkim kimdir Ukraina armiyasi qanchalik kuchli ekanini va u NATOni zaiflashtirmasdan, aksincha mustahkamlashini tushunib yetar. Bu — siyosat masalasi”, — dedi.
Vaqtinchalik muqobil variant sifatida Zelenskiy Ukraina uchun YeIga a’zo bo‘lishni taklif qildi. “Aslida, Yevropa Ittifoqiga a’zolik — xavfsizlik kafolatlarimizning bir qismi, — dedi u. — Faqat iqtisodiy emas, geosiyosiy jihatdan ham”. Kiyev uchun Rossiya bu qarorga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi muhim.
Stiv Uitkoff va Jared Kushner 14–15 dekabr kunlari Germaniya poytaxtida Ukraina va bir qator Yevropa mamlakatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Bu uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Amerika tomoni urush tugashi holatida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berishga va’da qilgan. Biroq Kiyev tomonidan ehtimoliy hududiy yon berishlar masalasi hal etilmay qolgan.
Dekabr oyi boshida Uitkoff va Kushner Moskvaga borib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazgan. Tomonlar bu muzokaralar tafsilotlarini oshkor etmagan.