So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan eng katta mavzulardan biri bu «buxanka» non narxi oshishi bo‘ldi. Dastlab, bug‘doy, un va non mahsulotlari narxi bozor tamoyillariga asosan erkin qo‘yib yuborilishi e'lon qilinganda hisobga-kitoblarga ko‘ra non narxi 1500 so‘m atrofida bo‘lishi bildirilgandi. Ammo taxminlar o‘zini oqlamadi va «buxanka» bahosi yana ko‘tarila boshladi. Bu holatning sabablarini o‘rganish, ko‘zda tutilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida tahririyatimizga soha ekspertlarini taklif qildik.
Suhbatdoshlarimiz Moliya vazirligi agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof-muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Mirzayev va Davlat statistika qo‘mitasi narxlar statitistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov bo‘lishdi.
– Buxanka non narxining bu qadar keskin oshishiga nima sabab bo‘ldi? Axir reja bo‘yicha narx 1450-1500 so‘m atrofida to‘xtashi kerak ediku?

To‘lqin Mirzayev: – Non narxi oshgani rost, ammo 2000-2500 so‘mga chiqib ketdi, degan gaplarga qo‘shilmayman. Narxning o‘rtacha diapazoni 1600-1700 so‘m atrofida turibdi. Bu ham baribir prognozlarga nisbatan baland narx. Bunday vaziyat yuzaga kelishiga bir necha omillar sabab bo‘ldi:
1. Eng asosiysi, hali non ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida haqiqiy raqobat muhiti shakllanib ulgurmadi, ishlab chiqaruvchilarning norasmiy tarzda hududiy bo‘linishi (bir ishlab chiqaruvchi cheklangan joyga mahsulot berishi) davom etyapti;
2. Non ishlab chiqaruvchilar o‘z quvvatining 50 foizidan ortiqrog‘idan foydalanishyapti, bu jihatdan eskicha tartibda ishlashyapti, sababi, ularga oldin un cheklangan miqdorda berilgan, istasalar ham to‘la quvvat bilan ishlay olishmagan. Ularning erkin tamoyillarga o‘tishi, mahsulot hajmini oshirishi va yangi bozorlar izlashi uchun vaqt kerak. Hozir shu o‘tish davri narxga ta'sir qildi;
3. Mavsumiy omil: agar non narxi erkinlashtirilishi bug‘doy o‘rimi mavsumiga to‘g‘ri kelganida, balki biz narx oshishini sezmasdik ham. Ammo bilamizki, kuz-qish mavsumida non iste'moli oshadi, talab ko‘payadi. Bundan tashqari, narx liberallashtiriluvi paxta terimi davriga to‘g‘ri kelib qoldi. Bu mavsumda esa aynan buxanka nonga talab keskin oshadi;








