Jahon | 11:43 / 01.11.2016
6606
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh Mo‘suldagi amaliyot doirasida Raqqani to‘sib qo‘yadi

Foto: © AFP

IShIDga qarshi AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Mo‘suldagi amaliyotlari doirasida Suriyaning Raqqa shahrini to‘sib qo‘yishni rejalashtirayapti. Shu bilan iroqlik jangarilarning Suriyadagi gumashtalaridan yordam olishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb yozmoqda "Izvestiya" gazetasi "Tebranmas qat'iyat" amaliyoti qo‘mondonligiga tayangan holda.

Avvalroq, AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter koalitsiya bir necha haftadan so‘ng, IShIDning Suriyadagi poytaxtini ozod qilish amaliyotini boshlashini bildirgan edi. Raqqaga hujum so‘nggi vaqtlarda IShIDga qarshi keng qamrovli maxsus amaliyotning ikkinchi yirik bosqichi bo‘ladi. Oktyabr oyi o‘rtasida Iroq xavfsizlik kuchlari AQSh va boshqa ittifoqchilar yordamida Mo‘sulni jangarilardan ozod qilishga kirishgandi. 

AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Mo‘sulda 5-6 ming jangari mavjud, biroq Iroq qo‘shinlari tez va keskin harakat qilmoqda. 

31 oktabr kuni Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari No‘'mon Kurtulmush Raqqani IShIDdan ozod qilish amaliyotini Turkiya armiyasining Suriya shimolidagi "Frot qalqoni" harbiy amaliyoti yakunlangach va Mo‘sul jangarilardan tozalangach, o‘tkazish lozim, degan fikrni bildirgan edi. 

"Tebranmas qat'iyat" amaliyoti shtabida ma'lum qilishlaricha, Raqqada g‘arbparast koalitsiya va suriyalik ittifoqchilar ishtirokida amaliyot o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, "o‘zlarini xalifalik deb e'lon qilgan tashkilot poytaxtini Iroqdagi bosh qo‘rg‘oni — Mo‘suldan ajratib qo‘yishdir". 
 

Mavzuga oid