Sport | 15:42 / 08.08.2021
37851
9 daqiqa o‘qiladi

Tokiodagi qahramonlar. O‘zbekiston Olimpiadani qanday o‘tkazdi?

Erkaklar o‘rtasidagi suv polosi bo‘yicha Gretsiya va Serbiya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv (10:13) 2020 yilgi Tokio Olimpiadasini yakunlab berdi. 16 kun o‘tdi, 339ta medallar shodasi o‘ynaldi. Endi Tokio-2020 ham o‘tmishga aylandi.

Fto muallifi Almurat Mamadaminov

8 avgust kuni O‘zbekistonning olimpiadadagi so‘nggi vakili Bahodir Jalolov finalda amerikalik raqibni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston turnirda jami 5ta medal olib (3 oltin va 2 bronza), umumiy reytingning 32-pog‘onasidan joy oldi (Serbiyalik suv polochilar o‘z delegatsiyasiga uchinchi oltin medalni olib berishdi va 1ta kumush hamda 5ta bronzasi ham bo‘lgan Serbiya 34-o‘rindan 28-o‘ringa ko‘tarilib, O‘zbekistonni 31-o‘rindan 32-o‘ringa tushirib yubordi).

O‘zbekistonlik sportchilar Tokioda sportning 17 turidan 71ta yo‘llanma bilan ishtirok etishdi. O‘zbekistonga besh jamoa - taekvondo, dzyudo, og‘ir atletika, erkin kurash va boks jamoalari bittadan medal olib berdi. Kun.uz Tokio Olimpiadasi yakunlarini sarhisob qiladi. 

Ulug‘bek Rashidov, oltin (Taekvondo)

O‘zbekiston delegatsiyasi olimpiadaning ikkinchi kunidayoq medallar hisobini ochdi. Taekvondo jamoasidagi «qora toychoq», 19 yoshli Ulug‘bek Rashidov (-68 kg) barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqdi va sport ixlosmandlarining sevimlisiga aylandi.

O‘zbekiston taekvondoda yana bir medal olishga yaqin edi, ammo Nikita Rafalovich (-80 kg), avval yarimfinalda, keyin bronza uchun bahslarda yutqazib qo‘ydi. Taekvondochi qizlar Nigora Tursunqulova va Svetlana Osipova ham medallar uchun bahslarga yetib bora olishmadi.

Davlat Bobonov, bronza (Dzyudo)

Yozgi Olimpiadaning beshinchi kungi bahslariga kelib O‘zbekiston delegatsiyasi jamg‘armasiga yana bir medal qo‘shib qo‘yildi.

-90 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan dzyudochi Davlat Bobonov esa dastlab italiyalik Nikolas Mungay to‘sig‘idan o‘tdi. Ikkinchi davrada ukrainalik Kedjau Nabalini birinchi raunddayoq mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo chorakfinalda Yevropa chempioniga qarshi bahsda birgina xato tufayli alamli mag‘lubiyatga uchradi. Uning raqibi finalga chiqqach, bronza uchun o‘tish bahslarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lgan Bobonov yana ikki bahsni o‘z foydasiga hal qilib, Olimpiada sovrindoriga aylandi.

Dzyudo jamoasi 11 yo‘llanma bilan turnirga borgandi, ammo Sharofiddin Lutfullayev, Sardor Nurillayev, Hikmatilloh To‘rayev, Sharofiddin Boltaboyev, Muhammadkarim Xurramov, Bekmurod Oltiboyev, Diyora Keldiyorova, Farangiz Hojiyeva hamda Gulnoza Matniyazova kabi dzyudochilar medalsiz ortga qaytishdi.

Akbar Jo‘rayev, oltin (Og‘ir atletika)

O‘zbekistonliklar navbatdagi medalni ko‘p kutib qolishdi. 3 avgust, Olimpiadaning 11-kuniga kelibgina og‘ir atletika jamoasining to‘rtinchi vakili, 21 yoshli Akbar Jo‘rayev ulkan g‘alabaga erishib, o‘zbekistonliklarni xursand qildi.

-109 kg vazn toifasida chiqish qilib, armanistonlik polvonga qarshi raqobatni dramatikaga aylantirgan Jo‘rayev ikki yo‘nalishda Olimpiada rekordini o‘rnatgan holda chempion bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 193 kg, siltab ko‘tarishda 237 kg natija ko‘rsatdi (Olimpiya rekordi), jami 430 kg.ni (bu ham Olimpiya rekordi sifatida qayd etildi) o‘ziga bo‘ysundirdi.

Bungacha og‘ir atletika jamoasining -55 kg vazn toifasi vakili Muattar Nabiyeva dast ko‘tarishda Olimpiada rekordini qayd etgan bo‘lsa-da, yakunda to‘rtinchi o‘rinda qolib ketgandi (98+114). -67 kg vazn toifasidagi Adhamjon Ergashev jami 312 kg (139+173 kg) tosh ko‘targan va musobaqani oltinchi o‘rinda yakunlagan, -76 kg vazn toifasi vakili Kumushxon Fayzullayeva esa oltinchi o‘rinni (101+126) egallagandi.

Bekzod Abdurahmonov, bronza (Erkin kurash)

2016 yilda Rio Olimpiadasida bronza uchun bahsda alamli mag‘lubiyatga uchragan Behzod Abdurahmonov o‘z maqsadiga Tokioda erishdi va Olimpiada sovrindoriga aylandi.

74 kg vazn toifasi vakili Bekzod Abdurahmonov 5 avgust kungi dasturda 1/8 finalda Puerto-Riko vakili Franklin Gomesni 10:0 hisobida yengib, chorakfinalga chiqdi. Biroq 1/4 finalda rossiyalik ikki karra jahon chempioni Zaur Sidakovga yengildi. Sidakov finalga chiqqach, Abdurahmonovda bronza medali uchun kurashish imkoniyati yuzaga keldi.

U bronza medali uchun kurashga o‘tish bosqichida Gvineya-Bissau vakili Augusto Midanani osonlik bilan mag‘lub etdi (10:0), bronza uchun bahsda qozog‘istonlik Daniyar Kaysanov ham unga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi (13:2).

Erkin kurashchilar jamoasining boshqa vakillari G‘ulomjon Abdullayev (-57 kg) va Javrail Shapiyev (-86 kg) bronza medal uchun bahslarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Magomed Ibragimov (-97 kg) esa ilk bahsdayoq yengilgani va raqibi finalga chiqa olmagani tufayli bronza uchun kurashish imkoniga ega bo‘lmadi.

Bahodir Jalolov, oltin (Boks)

Rio Olimpiadasining yana bir alamzadasi, superog‘ir vazn toifasi vakili Bahodir Jalolov turnirning tengsiz bokschisi ekanini isbotladi. Besh yil muqaddam chorakfinalda britaniyalik Jozef Joysga mag‘lub bo‘lib, medalsiz qolgan ushbu bokschi bu safargi turnirga asosiy favorit sifatida tashrif buyurdi.

Jalolov finalgacha bo‘lgan yo‘lda ozarboyjonlik Magomed Abdullayev, hindistonlik Satish Kumar va britaniyalik Freyzer Klarkni mag‘lub etdi. Finalda esa AQSh vakili Richard Torresni ilojsiz ahvolda qoldirdi va o‘z oltin medaliga ega chiqib, O‘zbekiston turnirni yuqori kayfiyatda yakunlashini ta'minlab berdi.

Dzyudo kabi boks jamoasi ham turnirga eng ko‘p yo‘llanma bilan kelgan va bu jamoa Rio Olimpiadasidagi kabi eng ko‘p medallar qo‘lga kiritishi kutilgandi. Lekin 11 bokschidan 10 nafari yarimfinalga ham chiqa olmadi - Sanjar Tursunov va Shahnoza Yunusova ilk bosqichdayoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Mirazizbek Mirzaxalilov, Fanat Qahramonov, Dilshod Ro‘zmetov va Tursunoy Rahimova nimchorak finalda ishtirokini to‘xtatdi, Bobo-Usmon Boturov, Shahobiddin Zoirov, Elnur Abduraimov va Rayhon Qodirova esa chorakfinalda turnirni tark etib, medalsiz qolishdi.

Yunon-rum kurashi (4ta), qilichbozlik (3ta), yengil atletika (7ta), suzish (2ta), kanoeda eshkak eshish (4 ta), akademik eshkak eshish (2 ta), sport gimnastikasi (2ta), badiiy gimnastika (6ta), o‘q otish sporti (2ta), velosport (2ta), zamonaviy beshkurash (2ta) va tennis (1ta) bo‘yicha jamoalar esa muvaffaqiyatsiz ishtirok etib, medalsiz qaytishdi.

Shu bilan birga, medal ololmagan bo‘lsa-da, yengil atletikachi Safina Sa'dullayeva, qilichboz Zaynab Dayibekova, og‘ir atletikachi Muattar Nabiyeva, yunon-rum kurashchi Mo‘minjon Abdullayev, dzyudochi Bekmurod Oltiboyev kabi sportchilar ham medallarga yaqin kelib, o‘z ishtiroki bilan muxlislarda katta taassurot qoldirishdi.

Yakunlar

Olimpiadada AQSh delegatsiyasi ham eng ko‘p medal (113), ham eng ko‘p oltin (39) olgan holda birinchi bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Xitoy (38 oltin, 32 kumush, 18 bronza - jami 88), Yaponiya (27 oltin, 14 kumush, 17 bronza - jami 58), Buyuk Britaniya (22 oltin, 21 kumush, 22 bronza - jami 65) hamda Rossiya olimpiya qo‘mitasi (20 oltin, 28 kumush, 23 bronza - jami 71) egalladi.

Olimpiadada jami 93 davlat kamida bitta medal oldi, O‘zbekiston 3 oltin va 2 bronza bilan 32-o‘rinda joylashdi.

Bu medallar sifati bo‘yicha O‘zbekiston uchun Olimpiadalar tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natija bo‘ldi. 2016 yilgi Rio Olimpiadasida 13ta medal (4ta oltin, 2ta kumush va 7ta bronza) qo‘lga kiritilgan, o‘shanda O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy reytingda 21-o‘rinni egallagandi.

O‘zbekiston medallar bo‘yicha MDHda rasman 1-o‘rin, amalda 2-o‘rinni egalladi (Rossiya davlat sifatida diskvalifikatsiya qilingani tufayli, rossiyalik sportchilar olimpiadada Rossiya olimpiya qo‘mitasi jamoasi sifatida ishtirok etdi).

Shuningdek, Markaziy Osiyoda 1-o‘rin, turkiy mamlakatlar orasida 1-o‘rin (Turkiya 2 oltin, 2 kumush va 9 bronza bilan 34-o‘rin), islom mamlakatlari orasida 2-o‘rin (Eron 3ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza olib, 27-o‘rinda), Osiyo mamlakatlari ichida 5-o‘rinni (Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Erondan keyin) egalladi.

O‘zbekistonlik sportchilar jami 3ta olimpiada rekordini yangilashdi.

Mavzuga oid