Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampchi Karlson Trampning ashaddiy tanqidchisiga aylandi
Tramp prezidentlikka qaytishidan oldin Taker Karlson degan konservativ jurnalist haqida tez-tez gapirardik. Uning Trampni favqulodda qo‘llashi, Moskvada Putin bilan intervyu olishga borib, Ukrainadagi urush haqida asossiz gaplar aytgani uchun tanqid qilganimiz esimda. Buni qarangki, o‘shanda Trampni og‘zidan bol tomib maqtagan Karlson bugun Trampning saylanishiga yordam berganidan afsuslanib yuribdi.
AQShning Eronda boshlagan urushi, Isroilning Amerikaga ta’siri ko‘pchilik tasavvur qilganidan ham katta ekanini ko‘rgan Karlson Trampni qo‘llagani noto‘g‘ri bo‘lganini tushunib yetibdi. Karlson juda katta odam, respublikachilar partiyasining Trampdan keyingi eng mashhur vakili desa ham bo‘ladi. Shu sabab bu mavzuga alohida video to‘xtalsak, arziydi.
«Afsusdaman...»
«Tramp saylanishiga hissa qo‘shganim uchun hali uzoq vaqt vijdon azobida yursam kerak. Bu holatda shunchaki fikrimni o‘zgartirdim, deyish kamlik qiladi. Odamlarni chalg‘itganim uchun pushaymonman», dedi jurnalist navbatdagi efirlaridan birida.
Taker Karlson Trampni saylov oldidan qanaqa qo‘llab yurganini eslasangiz kerak. Jurnalist respublikachilar orasida mashhur, shu sabab Tramp kampaniyasi vakillari undan unumli foydalanib qolishgandi. Taker Baydenni mazax qilar, Trampni qutqaruvchidek ko‘rsatishga urinardi. Ayniqsa Ukrainadagi urush masalasida Jo Bayden ma’muriyatini keskin tanqid qilardi.
Karlson urush ketayotgan bir vaqtda Moskvaga borib, Putin bilan intervyu qilib kelgan. Katta ehtimol tayyorlangan savollarga tayyorlangan javoblarni qulog‘ini qimirlatmay eshitib kelgan Karlson Putinga bir dona ham kelishuvdan tashqari savol berolmagandi. Bu intervyu amalda Putinni oqlash uchun xizmat qilgan, Kreml uni bajonidil barcha sahifalarida ulashgandi.
Karlson Tramp saylanganidan keyin ham uning targ‘ibotida faol bo‘ldi. Lekin Amerika Eronda urush boshlagach, uning prezidentga nisbatan pozitsiyasi keskin o‘zgardi. Har qancha g‘alati bo‘lmasin, Taker Karlson Donald Trampning Amerikadagi eng ashaddiy tanqidchisiga aylanib qoldi. Demokratlar orasida ham bunaqa mashhur tanqidchi topolmaysiz.
Karlson Amerika Eronga qarshi Isroilning so‘rovi bilan urush boshladi deb hisoblab, aynan shundan qattiq g‘azablanishini yashira olmayapti. Oxirgi bir necha oy davomida uning intervyulari asosan Isroilning Amerikaga ta’siri, yahudiylar, musulmonlar, nasroniylar, Erondagi urush haqida bo‘lmoqda.
Fevral o‘rtalarida Karlson Isroilga borib, Amerikaning bu davlatdagi elchisi Mayk Xakabi bilan intervyu uyushtirdi. Bu suhbatni butun dunyoda keng muhokama qilishdi, davlatlar unda aytilgan gaplar bo‘yicha izoh talab qildi, norozilik bildirdi.
Bu intervyu nimasi bilan muhimligini tushuntirish uchun suhbatdosh haqida ikki og‘iz. Mayk Xakkabi – sionist, ya’ni nasroniy sionist. Bunday e’tiqoddagi nasroniylar Isroil Yaqin Sharqdagi go‘yoki «Xudo tomonidan berilgan yerlarga» egalik qilishga haqli deb hisoblaydi. Ularning iddaosicha, Isroil go‘yoki Injilda ko‘rsatilgan chegaralarda mavjud bo‘lishi kerak. Xakkabi «Falastin davlati tuzilmasligi kerak», «Isroilni qo‘llash Amerikaning diniy vazifasi» deb hisoblaydi.
Karlson ana shu elchining oldiga bordi-da, «ayting-chi, janob elchi, Xudo va’da qilgan yerlar degan da’vo qayerdan paydo bo‘ldi?» deb so‘radi. Elchi javobni Injildan boshlab, uchta urushni, ikki intifodani, Livan bilan urushlarni ham tilga olishni unutmadi. Lekin Karlson uni siquvga oldi: «Isroil mavjud bo‘lishga haqli deyapsiz, bu bo‘yicha muammo yo‘q, lekin yana qaysi davlatda Isroil kabi mavjud bo‘lish huquqi bor?» Elchi yana gapni Injilga taqashga intilganda Karlson uni qo‘shimcha savollar bilan shoshirib qo‘ydi.
Butun suhbat davomida Karlson hozirgi Isroil hukumati qilayotgan ishlar nega Amerika rahbariyati tomonidan qo‘llanayotgani haqida savol berdi, lekin elchi yana javobni diniy asosga olib borib taqayverdi. Bir so‘z bilan aytganda, debat shaklida o‘tgan uch soatga yaqin intervyuni Taker Karlson yutdi.
Jurnalist bu intervyu bilan cheklanmadi, Isroil Amerikaga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ko‘plab efirlar qildi. G‘azoda cherkov yopilgani, zamonaviy xolokost ketayotgani haqida suhbatlar chiqardi. Hatto Tramp o‘zining ashaddiy tarafdori bo‘lgan Karlsonni axmoq deb atab bir nechta post yozdi, Karlson MAGA jamoasidan ketkazilganini aytdi. Trampgacha yetib bordimi, bilib olavering Karlson qanchalik chuqurlashib ketganini.
Uning pozitsiyasi nega muhim?
Endi Taker Karlsonning pozitsiyasi nega muhim ekani haqida. Amerikada so‘z erkinligi borasida muammo yo‘q go‘yoki. Axir ularda so‘z erkinligi Konstitutsiyada Birinchi tuzatishi bilan mustahkamlab qo‘yilgan, hukumat so‘z erkinligini cheklashga oid hech qanday qaror qabul qilolmaydi, jurnalistlarni ta’qib qilish katta jinoyat hisoblanadi.
Lekin mana shu Amerikada ham matbuot masalasida hammasi joyida emas. Amerikada odamlar fikriga ta’sir qila oladigan barcha yirik nashrlar qaysidir milliarderga, biror kompaniyaga tegishli. Partiyalar nashrlarni ochiqchasiga qo‘llaydi, moliyalashtiradi. Shu uchun Amerikada jurnalistlar sportchilar darajasida, juda katta maosh oladi. O‘ylamang, amerikalik jurnalistlar, telekanallar reklama orqasidan «pul tagida qolib ketgan» deb, hammasining ortida qandaydir siyosiy kuch va iqtisodiy baquvvat «Sem amaki» turgan bo‘ladi.
Masalan, Washington Post Jyeff Bezosga tegishli. O‘zbekchasiga moslaydigan bo‘lsak, agar Amazon biror amerikalik fermerning yerini tortib olsa yoki do‘kon quraman deb odamlarning uylarini snos qilsa, bu haqda hamma yozsa ham, Washington Post yozmaydi, ishonavering. NYT va CNN demokratlarga og‘ishadi, FOX News respublikachilarniki. Boylar matbuot kuchiga ega bo‘lish uchun shunaqa katta pul to‘kadiki, oqibatda Amerikada mustaqil nashrlarni topish qiyin. Borlari ham ommaviy fikrga ta’sir qiladigan darajada emas. Bunday kuchga egalar yo respublikachilar, yo demokratlarga og‘ishadi.
Taker Karlson ana shu mediamakonda juda noodatiy shaxs. FOX Newsʼdan ketganidan keyin u shundog‘am mustaqil jurnalistga aylanib ketgandi, lekin baribir respublikachilar piarida qatnashardi, juda faol qatnashardi. Oxirgi bir necha oy ichida esa Taker Karlson ko‘z o‘ngimizda Amerikadagi eng yirik mustaqil nashrga aylanib bormoqda. Uni YouTubeʼning o‘zida 5,5 milliondan ortiq odam kuzatadi, videolarini millionlab odamlar tomosha qiladi, aynan boshqalarga o‘xshamagani uchun. Respublikachi Karlson respublikachi prezidentning eng ashaddiy tanqidchisiga aylanishi jarayonini kuzatish juda qiziqarli.
Mavzuga oid
21:32 / 25.04.2026
Uitkoff va Kushnerning Eron bilan muzokaralar uchun Pokistonga safari bekor qilindi
20:02 / 25.04.2026
Politico Rubioni 2028 yilda AQSh prezidentligiga nomzod deb hisoblamoqda
19:53 / 23.04.2026
Yaqin Sharqdagi urush: Tramp «yaxshi yangiliklar» va’da qilmoqda, Eron bo‘g‘ozdagi kemalarga hujum qilmoqda
23:12 / 21.04.2026