Jamiyat | 07:46 / 31.03.2019
10259
4 daqiqa o‘qiladi

Nasriddin Xo‘ja: «Xalq Afandini faqat Navro‘zda ko‘radimi?» 

Foto: Wikipedia

«Bag‘dodda-yu, Tehronda, Istanbulda-yu, Makkada — hamma yerda meni Nasriddin deb ataydilar». Bu jumlalar ko‘pchilikka «Xo‘ja Nasriddin Buxoroda» filmi orqali yaxshi tanish. Nasriddinning o‘zi esa haligacha Buxoroda yashaydi. Yo‘q, hamma bilgan, Labi Hovuz oldida eshakka minib, jilmayib turgan Afandining haykali xususida so‘z bormayapti. Biz aytayotgan mulla Nasriddin gapiradi, kuladi, kuldiradi, tomosha ko‘rsatadi. Lekin u haqida ko‘pchilik xabardor emas.

Asli kasbi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lgan buxorolik Rustam Sirojiddinov, mana 10 yildirki, Buxoroning ramzlaridan biri bo‘lgan Afandi obrazini jonlantirish bilan shug‘ullanadi.

«10 yildan beri «Afandi»lik qilaman. Xorijiy sayyohlarga tomoshalar ko‘rsataman. Tarjimonlar gap-so‘zlarimni tarjima qiladi. Topishmoqlar aytaman, savol-javob, fokuslar ko‘rsataman. Viktorinalar, tanlovlar uyushtiraman. Bolalar uchun alohida dasturim ham bor. Shou xarakteridagi bunday chiqishlarimni tomoshabinlar ijobiy qabul qilishyapti. Xalqlar orasida zakiyligi bilan afsonaga aylangan, tillarga tushgan Nasriddin Xo‘jani tirik ko‘rish xorijiy sayyohlarga ham qiziq», — deydi Rustam Sirojiddinov.

«Afandi»ning aytishicha, u xalq oldida ham tomosha ko‘rsatish tashabbusi bilan chiqqan. Lekin bunga, hozircha, erisha olmagan.

«3-4 yil burun Labi Hovuz bo‘yida, Afandi haykali oldida qahramon prototipini jonlantirish taklifi bilan chiqqandim. Lekin Turizm departamentidan menga ruxsat berishmadi. Mahalliy filarmoniyaga ham xuddi shu masalada murojaat qilganimda u deyishdi, bu deyishdi, e'tibor qaratishmadi.

Keyin Olmaota, Moskva, Toshkentda tomoshalar ko‘rsatib yurdim, repertuarimni namoyish qildim», — deydi u.

Rustam Sirojiddinov bir aktyordan iborat, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi mini teatr yo‘lga qo‘yilishi fikrini ilgari surmoqda.

«Nasriddin Xo‘ja Afandi Buxoroyi sharifniig ramzi. Unga ko‘pchilik qiziqadi. Lekin shaharda uning quruq haykali bor, xolos. Agar u «jonlantirilsa»,shaharning turistik imijiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Hozir sayyohlar buni qiziqib qabul qilyapti. Xalq ham ko‘rsa, yaxshi-ku. Nega odamlar Afandini faqat Navro‘z bayramlarida bo‘ladigan tomoshalarda ko‘rishi kerak?! Labi Hovuz atrofida yil, 12 oy mehmon bor. Lekin ular faqat quruq haykalni ko‘radi», — deydi zamonaviy «mulla Nasriddin».

Ma'lumot uchun, Nasriddin Xo‘ja AfandiMarkaziy Osiyo, Kavkazorti, Yaqin Sharq davlatlari orasida tanilgan folklor qahramon. U topqirligi, bilag‘onligi, so‘zga chechanligi bilan xarakterlanadigan hajviy qahramon. Nasriddin miniatyuralarda, badiiy asarlarda eshak mingan ko‘rinishda tasvirlanadi. Buxoro shahrida hamda Turkiyaning Nevshehir shahrida haykali bor. Tarixda haqiqatda yashab o‘tganligi haqida aniq faktlar mavjud emas.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 1 aprel kuni Buxoroda hazil-mutoyiba bayrami bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Nasriddin Afandi festivali ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid