“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida tarmoqlararo kooperatsiya aloqalari jadallashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 yanvardagi PQ-99-son “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv Raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish ishlari faollashtirilib mahalliy korxonalar bilan hamkorlik masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatida joylashgan “Uzpromarm” MChJ korxonasining ishlab chiqarish bazasiga amaliy tashrif amalga oshirildi.
Tashrif davomida “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari tomonidan ishlab chiqarish obektlarini dastlabki texnik auditdan o‘tkazib, “Uzpromarm” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali shartnomalar imzolashni jadallashtirish va “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalari ehtiyoji uchun yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning texnik buyurtma parametrlariga mosligi asosida o‘zlashtirishni tashkillashtirish bo‘yicha kelishib olindi.
Bugungi kunga qadar “Uzpromarm” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali 132,0 mlrd so‘mlik jami 185 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, yetkazib berilgan mahsulotlar kesimida tizimda 10,0 mln dollarga yaqin import qisqartirish samaradorligiga erishildi.
Uzpromarm shartnoma asosida “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalarida mavjud to‘xtatish-berkitish armaturasini ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga hamda neft va gaz konlari uchun zarur bo‘lgan fontanli armaturalarni yetkazib bermoqda.
“Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarning taxminan 40 foiz qismini texnologik mahsulotlar bilan ta’minlamoqdamiz. Ishlab chiqarish quvvatini 2000 donadan 5000 donagacha ko‘tarishni rejalashtirganmiz. Hozir shu masalada “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati bilan muzokaralar olib boryapmiz. Mahalliylashtirishga yanada chuqurroq yondashish, yirik korxonalar bilan kooperatsion munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ish olib boryapmiz”, deydi “Uzpromarm” MChJ rahbari maslahatchisi Akmal Soipov.
Ma’lum bo‘lishicha, korxona mutaxassislari “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi texnologik jarayonlar bilan tanishish asnosida u yerdagi holatni o‘rganadi va ta’mirlash ishlariga jalb etiladi.
“Uzpromarm” MChJ rahbari Orifjon Hamidovga ko‘ra, zavod hamda aksionerlik jamiyati o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlik davlat budjetining tejalishiga olib keladi: “Zavodimizda 14 ta turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaramiz. Bir yilda taxminan 2000 donagacha mahsulot yetkazib beramiz. “O‘zbekneftgaz” AJ bilan imzolagan shartnomalarimiz asosida mahsulotlarni qayta ishlab, respublikamizdagi bo‘linmalariga yetkazib beryapmiz.
Har yili neft-gaz sohasida to‘xtatish-berkitish armaturalari, fontanli armaturalar uchun milliardlab mablag‘ sarflanadi. Yangisini sotib olishdan ko‘ra, uni qayta ta’mirdan chiqarib foydalanish 50 foizgacha mablag‘ni iqtisod qilishga sabab bo‘ladi. Davlat budjetiga bundan katta foyda kelishi shubhasiz”.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ zavodlari ehtiyoji uchun ekspluatatsiya bosqichida zarur bo‘ladigan mahsulot va xizmatlarni hozirdanoq mahalliylashtirishda “Process and Water Chemicals” MChJ QK ham qator ishlarni amalga oshirdi. Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “Process and Water Chemicals” MChJ QK bilan hamkorlikda texnologik suv sifatini yaxshilash uchun ishlatiladigan 150 xil turdan ortiq kimyoviy reagentlarni respublikada ishlab chiqarish tashkil etildi.
“Korxonamiz Fransiyaning SUEZ (Veolia) kompaniyasining litsenziyasi asosida kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaradi. Biz faoliyatimizning 2017 yilda boshlaganmiz. Kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha texnologik qurilmalar Yevropadan olib kelingan.
“O‘zbekneftgaz” AJ sohasi, energetika yo‘nalishi, kimyo sanoati, ichimlik suvi ishlab chiqariladigan korxonalar uchun zarur bo‘lgan kimyoviy mahsulotlarni yetkazib beryapmiz. Hozirda neft-gaz tarmoqlaridagi korxonalar tomonidan 80 foiz mahsulotlarimiz sotib olinyapti. Bu juda katta natija.
Kelgusida Turkiyaning Akdeniz Chemson kompaniyasining Lisenziyasi asosida Respublikamizdagi sement, beton va temir beton mahsulotlari uchun kimyoviy mahsulotlarni ham mahalliylashtirishni rejalashtirganmiz. Ushbu loyiha 2022 yilning o‘zida yo‘lga qo‘yamiz”, deya ma’lum qiladi “Process and Water Chemicals” MChJ QK rahbari Jahongir Ro‘zioxunov.
Ushbu kimyoviy mahsulotlar “Uzbekistan GTL” va «Uz-Kor Gas Chemical» zavodi hamda lisenziarlar talablariga javob berganini hisobga olgan holda, korxonalar bilan respublika elektron kooperatsiya portali (cooperation.uz) orqali 55 turdagi mahsulotlar bo‘yicha 61,1 mlrd so‘mlik shartnoma imzolandi. Qolgan 18 turdagi mahsulot bo‘yicha tajriba-sinov ishlari davom ettirilmoqda.
Aytish joizki, yangi o‘zlashtirilgan kimyoviy mahsulotlar quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
Birinchidan xlor konsentratsiyasini kamaytirish, quvurlar ichida cho‘kindi hosil bo‘lishi oldini olish, korroziyadan himoya qilish uskunalar uzoq davr mobaynida ishlashini ta’minlaydi;
Ikkinchidan suvni sovitish tizimidagi mikrobiologik o‘sishni boshqarish, ozuqa suvi qattiqligini kamaytiradi.
Chirchiq shahrida joylashgan “KUKIL GASPACKS” MChJ QK” MChJ korxonasida esa “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar uchun flanetsli bo‘g‘inlar, quvurlar, to‘xtatish-berkitish armaturalar uchun har xil turdagi grafitli qistirmalar yetkazib berilmoqda. Bugungi kunga qadar “KUKIL GASPACKS” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali 5,4 mlrd so‘mlik jami 15 ta shartnoma imzolangan.
Tashrif davomida “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari tomonidan ishlab chiqarish obektlari bilan yaqindan tanishildi, “KUKIL GASPACKS” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali shartnomalar imzolashni jadallashtirish va “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalari ehtiyoji uchun yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni texnik buyurtma parametrlariga mosligi asosida o‘zlashtirishni tashkillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ kelgusida tizim korxonalarida mavjud quvuro‘tgazgichlar, nasoslar va gaz haydash agregatlari uchun zarur bo‘lgan prokladkalarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishib oldi.
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024