Jahon | 12:15 / 30.01.2026
6037
7 daqiqa o‘qiladi

Kurdlar, neft va geosiyosat: Suriya rahbari yana Moskvada

Ash-Shar’aning Moskvaga uch oy ichida ikkinchi bor tashrifi oddiy diplomatik marosim emasligi aniq, balki Suriya kelajagi bo‘yicha savdolashuvdir. Tahlilchilarga ko‘ra muhokama stolida Rossiyaning Tartus va Xmeymimdagi bazalari, kurdlar kabi muhim masalalar turibdi. Moskva mintaqada harbiy mavjudligini mustahkamlashni xohlasa, Damashq hududiy yaxlitlikni tiklash va tashqi bosimlarni neytrallash yo‘lini qidirmoqda. Mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida so‘z yuritishdi.

Ash-Shar’a uch oy ichida nega ikkinchi marotaba Moskvaga bordi?

Anvar Yo‘ldoshev: Asosiy masala Rossiyaning Suriyadagi ikki harbiy bazasi bilan bog‘liq. Ulardan biri Tartusdagi harbiy-dengiz bazasi, ikkinchisi esa Xmeymimdagi avia bazadir. Moskva bilan uchrashuvlarda aynan shu bazalarning kelajagi muhokama qilingan. Hozir Ahmad Ash-Shar’aga xalqaro qo‘llab-quvvatlash nihoyatda zarur. Moskvadagi uchrashuvda Vladimir Putin uni Suriyani birlashtirish, mamlakatning hududiy yaxlitligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun ochiqchasiga maqtagani ham bejiz emas. Bu ijobiy baholarning ortida Rossiyaning aniq manfaatlari yotibdi, ya’ni ikki harbiy bazani Suriya hududida saqlab qolish istagi. Meningcha, bu masalada Rossiya hozircha kamida 80 foiz natijaga erishgan. Tartus va Xmeymimda rus bazalari qoladi. Ushbu bazalarda Rossiyaning taxminan 15 ming nafar harbiy xizmatchisi joylashgan. Rossiya uchun Yaqin Sharq ustidan strategik nazoratni saqlab qolish muhim vazifalardan biridir.Bu holat Suriya hukumati uchun ham ma’lum darajada xavfsizlik kafolatini beradi.

Rossiyaning 15 ming askari u yerda shunchaki turibdi deb bo‘lmaydi. Zarurat tug‘ilsa Moskva ittifoqchilarini tashlab ketishi ham mumkin, buni boshqa hududlardagi tajriba ko‘rsatgan. Ammo hozirgi bosqichda Ahmad Ash-Shar’aning hokimiyatda qolishi Rossiya manfaatlariga mos kelmoqda. Agar Rossiya o‘z bazalarini saqlab qolsa, Ash-Shar’aning keyingi siyosiy yoki iqtisodiy qarorlari ikkinchi darajali masalaga aylanadi. Kelgusida, albatta, iqtisodiy masalalar ham kun tartibiga chiqadi. Ammo hozircha asosiy manfaat bitta: Rossiyaning Suriyadagi harbiy mavjudligini saqlab qolishdir.

Kamoliddin Rabbimov: Rossiya uchun bu masala faqat harbiy bazalar bilangina cheklanmaydi, balki uning kengroq geosiyosiy manfaatlariga borib taqaladi. Suriya tomoni uchun esa masalaning boshqa jihatlari mavjud. So‘nggi uchrashuvda Vladimir Putin Ahmad Ash-Shar’aga murojaat qilib, uning hokimiyatga kelgach Suriyani birlashtirish, hududiy yaxlitlikni tiklash, xalqni jipslashtirish va siyosiy tizimni mustahkamlash yo‘lidagi harakatlarini alohida ta’kidladi. Bu bilan Putin o‘z pozitsiyasini ham ochiq bildirdi. Ya’ni u shuni nazarda tutdiki “Rossiyaning kurdlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati bo‘lgan, ammo Moskva bu yo‘ldan bormadi. Agar Suriya Rossiyaning harbiy bazalarini saqlab qolishga rozi bo‘lsa, Rossiya hozirgi siyosiy kursini davom ettiradi”.

Bu bayonot bevosita Suriyaning shimoli-sharqiy hududlariga taalluqli. Mazkur hudud Turkiya, Iroq bilan chegaradosh bo‘lib, yirik neft konlariga ega va u yerda kurdlar istiqomat qiladi. Kurdlar Yaqin Sharqdagi eng yirik millatlardan biri bo‘lib, ularning soni 40 million atrofida. Asosan Turkiya, Suriya, Iroq va Eronda yashashadi. Shu paytgacha Suriyaning shimoli-sharqidagi kurd hududlari markaziy hokimiyatdan deyarli mustaqil edi. Bashar Asad davrida Damashq bu hududlarni nazorat qila olmadi. Buning birinchi sababi neft resurslarining kurdlar qo‘lida bo‘lgani, ikkinchi sababi esa AQSh va Yevropa Ittifoqining, xususan Fransiyaning ularni qo‘llab-quvvatlaganidir. Fransiya Suriya masalasida tarixiy ta’sirini saqlab qolishga urinib keladi. Shu sababli Suriya atrofidagi siyosiy jarayonlarda Parij doim faol pozitsiya egallaydi. Hozirgi paytda Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron bilan Ahmad Ash-Shar’a o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan.

Fransiya kurdlarga avtonomiya berilishini talab qilmoqda, Ash-Shar’a esa bu shartlarni qabul qilmayapti. Chunki kurdlar shu paytgacha yirik davlatlar tomonidan Damashqqa qarshi siyosiy bosim vositasi sifatida ishlatib kelingan. Endi vaziyat o‘zgarmoqda. Suriya shimoli-sharqdagi hududlar ustidan nazoratni qayta qo‘lga ola boshladi. Bu esa nafaqat hududiy, balki iqtisodiy ustunlikni ham anglatadi. Neft konlari ustidan nazorat Damashqqa moliyaviy resurslar yaratadi. Bashar Asad davrida esa aksincha, kurdlarning tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Suriyani bosqichma-bosqich zaiflashtirdi va oxir-oqibat siyosiy tizimning qulashiga olib keldi. Hozirgi yangi siyosiy davrda kurdlarni davlat tizimiga integratsiya qilish jarayoni ketmoqda. Prezident farmoni bilan ularga fuqarolik berildi. Avvallari ularning katta qismi Suriya fuqarosi ham hisoblanmas edi. Bu jarayonda Turkiyaning roli alohida ahamiyatga ega.

Anqara Suriyada kurdlar ustidan markaziy nazorat kuchayishini qo‘llab-quvvatlaydi. Sababi Turkiya uchun eng katta xavf — separatizm. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab kurd separatistik harakatlari Turkiyada ko‘plab terrorchilik hujumlariga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, Abdulla O‘jalan boshchiligidagi marksistik-sotsialistik oqimlar davlatga qarshi jiddiy tahdid solgan. Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, millatchilikdan ko‘ra diniy birdamlikka asoslangan siyosiy yondashuvni ilgari surdi. Bu orqali kurdlar bilan ziddiyat ma’lum muddat yumshadi. Ammo G‘arbdagi ayrim kuchlar hanuz Turkiyadagi kurd separatizmini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Turkiya Suriyada kurd avtonomiyasi paydo bo‘lishidan qat’iy xavotirda. Chunki bunday holat zanjirli tarzda Iroq, Eron va oxir-oqibat Turkiyaga ham tarqalishi mumkin. Shu sababli mintaqadagi to‘rtta davlatning hech biri hududiy parchalanishni istamaydi. Hozircha eng keng va institutsional avtonomiya faqat Iroqda saqlanib qolmoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid