O‘zbekiston | 22:14 / 17.11.2020
12374
3 daqiqa o‘qiladi

DTM professional ta'lim muassasalariga bo‘ladigan saralash imtihonlari bo‘yicha ma'lumot berdi

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov professional ta'lim muassasalariga bo‘ladigan saralash imtihonlari bo‘yicha ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Rajabovga ko‘ra, Davlat komissiyasi majlisining bayoni bilan respublikadagi 725 ta yangi professional ta'lim muassasalariga shu yilning 20 noyabridan 30 noyabrga (30 noyabr kuni ham) qadar saralash imtihonlari bo‘lib o‘tadi.

«Bunda test sinovlar katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 ta kollej va texnikumlarda, Andijon viloyatida 9 ta, Buxoro viloyatida 4 ta, Navoiy viloyatida 4 ta, Jizzax viloyatida 8 ta, Namangan viloyatida 3 ta, Xorazm viloyatida 5 ta, Qashqadaryo viloyatida 8 ta, Farg‘ona viloyatida 7 ta, Samarqand viloyatida 10 ta, Sirdaryo  viloyatida 5 ta, Surxondaryo viloyatida 8 ta, Toshkent viloyatida 13 ta, Toshkent shahrida 9 ta binoda test sinovlari bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, yig‘ilish bayoni bilan 128 ta kollej, 50 ta texnikumga, jami 200 mingdan ortiq abituriyentlarga test sinovi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda», – dedi u 16 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ma'lum bo‘lishicha, test sinovlar ikki smenada o‘tkaziladi, birinchi smenada test sinovlari soat 9-00 da va ikkinchi smena test sinovlari 14-00 da boshlanadi.

«Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan hududga birinchi smenada soat 8-00 da, ikkinchi smenada esa 13-00 da yetib kelishi lozim.

Test sinovlariga abituriyentlar pasport va ruxsatnomasi asosida hududga kiritiladi.

Respublikadagi kollej va texnikumlarga o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim bosqichidagi mutaxassisliklarga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ishlab chiqildi. Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasida ikkita blokdan mutaxassislik fani, har bir fandan 30 ta savol, 30 ta savol uchun 1 soat vaqt ajratiladi.

Umumiy ball 189 ballni tashkil etadi, shundan, 1-blok fani uchun 3,2 ball, 2-blok fani uchun 3,1 ball», – dedi Davlat test markazi direktori o‘rinbosari.

Ta'kidlanishicha, guruh nazoratchisi sifatida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlarini jamoatchilik asosida jarayonga jalb qilish komissiya bayonida belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid