Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh armiyasi haydovchisiz yuk mashinalar konvoyini sinovdan o‘tkazadi
Foto: Oleg Sabitov
AQSh armiyasi haydovchisiz yuk mashinalarni jangovar harakatlar hududiga oziq-ovqat va o‘q-dori yetkazib beruvchi konvoylarda sinovdan o‘tkazmoqchi. Avtonom mashinalar insonlar orasida yo‘qotishlarni kamaytirish va ta'minot sifatini oshirishga imkon beradi.
Avtonom yuk mashina Expedient Leader-Follower’ni (yoki ExLF) yaratish bilan Robotic Research startapi shug‘ullanmoqda. Kompaniya bu maqsadda 50 mln dollar miqdorida 3 yillik grant olgan.
Ta'kidlanishicha, startap harbiy texnikaga guruhdagi harakatlarini muvofiqlashtirishga imkon beruvchi avtopilot tiziminigina ishlab chiqmoqda. Bu tizim Oshkosh modelidagi yuk mashinalariga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda tizim 10 ta mashinaga o‘rnatilgan, biroq ularning sinovi 2019 yildan oldin o‘tmaydi.
Harbiylar tomonidan haydovchisiz transportning qo‘llanishi ko‘plab axloqiy muammolar paydo bo‘lishiga olib keladi, deb hisoblamoqda “Yangi Amerika” jamg‘armasi ilmiy xodimi Piter Singer.
“Tasavvur qiling, kichik bola oziq-ovqat va o‘q-dorini jangovar harakatlar hududiga iloji boricha tezroq yetkazishga dasturlangan haydovchisiz mashinalar konvoyi oldidan yugurib chiqib qoldi. Bunday vaziyat mahalliy aholi o‘rtasida noroziliklarga yoki isyonchi otryadlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Boshqa tomondan esa tajribali dushman konvoy yo‘lida uni to‘xtatish va yo‘q qilish uchun ataylab to‘siqlar qo‘yishi mumkin. Harbiy texnika xususida yo‘lovchilarga mo‘ljallangan haydovchisiz avtomobillar texnologiyalari to‘g‘ri kelishi dargumon”, deb aytgan Singer.
Bundan avvalroq haydovchisiz mashinalar konvoyi sinovi Yaponiyada o‘tkazilgan. Dastlabki bosqichda yuk mashinasi kabinasida ko‘zda tutilmagan vaziyatlarda chora ko‘ra oladigan haydovchi o‘tiradi. Avtomobilsozlik kompaniyalari 2020 yilgacha texnologiyani mukammal holatga keltirib, mamlakat yo‘llariga to‘liq avtonom mashinalarni chiqarishga va'da bergan.