Jahon | 14:27
1280
3 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqda keskinlik: AQSh bazalardagi shaxsiy tarkibni qisqartirmoqda

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharqda keskinlik kuchayishi fonida AQSh mintaqadagi asosiy harbiy bazalardagi shaxsiy tarkibni qisqartirmoqda. Xususan, Eronning ehtimoliy zarba tahdidlari sabab Qatardagi Al-Udeyd aviabazasidan ayrim harbiylar va xodimlar vaqtincha olib chiqilmoqda.

Foto: Master Sgt. Joshua Strang/US Air Force/AP

OAV xabarlariga ko‘ra, Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgan bir paytda AQSh mintaqadagi muhim harbiy bazalardagi shaxsiy tarkibni qisqartirmoqda. Reuters va AFP, shuningdek CNN manbalarga tayanib xabar berishicha, Qatardagi Al-Udeyd aviabazasidan — AQShning Yaqin Sharqdagi eng muhim harbiy bazasidan ayrim harbiy xizmatchilar va xodimlarga 14 yanvar, chorshanba kuni kechqurungacha vaqtincha chiqib ketish buyrug‘i berilgan.

Reuters’ga suhbatdoshlardan biri “gap e’lon qilingan evakuatsiya haqida emas, balki rejim (faoliyat tartibi) o‘zgarishi haqida ketyapti”, deb qayd etgan. Qatarning Davlat axborot byurosi OAV xabarlarini tasdiqladi. U X platformasida bergan bayonotda choralar Eronda aholi ommaviy norozilik namoyishlari bilan bog‘liq ravishda paydo bo‘lgan “mintaqadagi keskinlik”ka javoban ko‘rilayotganini bildirgan.

Qatardagi Al-Udeyd aviabazasida doimiy ravishda taxminan 10 000 nafar harbiy xizmatchi va fuqarolik xodimlari joylashgan. Baza, shuningdek, mintaqadagi AQSh qurolli kuchlari uchun qo‘mondonlik markazi vazifasini ham bajaradi. Dpa agentligi qayd etishicha, hozirgi paytda Yaqin Sharqda taxminan 40 000 nafar amerikalik harbiy joylashgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi harbiy kemalarda xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, AQShning doimiy bazalari Bahrayn, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, shuningdek Iroq, Suriya va Iordaniyada ham bor.

Eronda hukumatga qarshi noroziliklar 2025 yil 28 dekabrdan beri davom etmoqda. Dastlab aholi milliy valuta qadrsizlanishi fonidagi moliyaviy inqirozga qarshi chiqqan, ammo tez orada namoyishchilarning iqtisodiy talablari siyosiy talablarga aylangan.

Noroziliklar mamlakatning 25 viloyatidagi 60 dan ortiq shaharni qamrab olgan. Eng yirik aksiyalar Tehronda, shuningdek, g‘arb va janubi-g‘arbiy hududlardagi Malekshohi, Kermanshoh, Lordegan shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda. Hukumat namoyishlarni bostirishga kirishgan, biroq voqealar bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar yo‘q — bir necha kundan beri mamlakatda internet ishlamayapti. Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs (IHR) huquq himoya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar vaqtida kamida 3428 kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ortiq odam hibsga olingan.

Eronda noroziliklar qattiqqo‘llik bilan bostirilayotgani fonida AQSh prezidenti Donald Tramp Tehronga nisbatan bir nechta “juda qattiq” harakat variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, harbiylar Trampga Eronga zarba berish bo‘yicha bir necha ssenariylarni taqdim etgan. Keyinroq Tramp Erondagi namoyishchilarni mamlakatdagi davlat muassasalarini egallashga chaqirgan. AQSh, shuningdek, o‘z fuqarolarini Eronni tark etishga da’vat qilgan. Tehron esa mintaqadagi Amerika harbiy obektlariga javob zarbalari berish bilan tahdid qilgan.

Mavzuga oid