Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh O‘zbekiston fuqarolariga ham immigratsion viza berishni to‘xtatdi
75 ta davlat, xususan O‘zbekiston fuqarolari uchun 21 yanvardan kuchga kiradigan “viza tanaffusi” – ishlash va yashash uchun beriladigan vizalarga amal qiladi. «Bu mamlakatlardan bo‘lgan arizachilar AQSh uchun moliyaviy yuk bo‘lish xavfi yuqori», – demoqda Davlat departamenti. Bu taqiq – AQShga sayohat vizalariga, jumladan 2026 yilgi Jahon chempionatiga bormoqchi bo‘lganlarga taalluqli emas.
Ochiq manbalardan olingan surat
AQSh prezidenti ma’muriyati 75 ta davlat fuqarolari uchun immigratsion vizalar bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatmoqda. Bu – Vashingtonning immigratsiyaga qarshi choralarni kuchaytirishining bir qismi hisoblanadi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining aytishicha, bu tanaffus ayrim Lotin Amerikasi mamlakatlari, Bosniya va Albaniya kabi Bolqon davlatlari, Pokiston va Bangladesh kabi Janubiy Osiyo mamlakatlari, O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afrika, Yaqin Sharq va Karib havzasidagi ko‘plab davlatlar fuqarolariga ta’sir qiladi.
Tanaffus joriy yil 21 yanvardan boshlanadi.
Reuters ko‘rgan rasmiy xabarnomaga ko‘ra, departament AQSh vizasiga ariza topshirayotgan barcha shaxslar uchun «eng yuqori darajadagi tekshiruv va saralash»ni ta’minlash maqsadida barcha siyosatlar, qoidalar va ko‘rsatmalarni «to‘liq qayta ko‘rib chiqish» jarayonidan o‘tkazmoqda.
Viza tanaffusi ta’sir qiladigan davlatlar ro‘yxati (Reuters manbasi keltirgan ro‘yxat):
Afg‘oniston, Albaniya, Jazoir, Antigua va Barbuda, Armaniston, Ozarbayjon, Bagama orollari, Bangladesh, Barbados, Belarus, Beliz, Butan, Bosniya, Braziliya, Kambodja, Kamerun, Kabo-Verde, Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Kuba, Dominika, Misr, Eritreya, Efiopiya, Fiji, Gambiya, Gruziya, Gana, Grenada, Gvatemala, Gvineya, Gaiti, Eron, Iroq, Kot-d’Ivuar (Fil suyagi sohili), Yamayka, Iordaniya, Qozog‘iston, Kosovo, Quvayt, Qirg‘iziston, Laos, Livan, Liberiya, Liviya, Shimoliy Makedoniya, Moldova, Mo‘g‘uliston, Chernogoriya, Marokash, Myanma, Nepal, Nikaragua, Nigeriya, Pokiston, Kongo Respublikasi, Rossiya, Ruanda, Cent-Kits va Nevis, Cent-Lyusiya, Cent-Vinsent va Grenadinlar, Senegal, Serra-Leone, Somali, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya, Tanzaniya, Tailand, Togo, Tunis, Uganda, Urugvay, O‘zbekiston va Yaman.
AQSh elchixonalari va konsulliklariga yuborilgan xabarda – «ushbu mamlakatlar fuqarolari AQShda davlat ijtimoiy yordamlaridan foydalanishga intilganlik alomatlari mavjud»ligi aytilgan.
«Ushbu mamlakatlardan bo‘lgan arizachilar AQShda davlat uchun moliyaviy yuk bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar hisoblanadi va mahalliy, shtat hamda federal hukumat resurslariga murojaat qilish ehtimoli mavjud», — deyiladi rasmiy xabarnomada.
Bu qaror AQShga tashrif buyurish (visitor) vizalariga ta’sir qilmaydi. Chunki bu turdagi vizalar 2026 yilgi Jahon chempionati va 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga AQSh mezbonlik qilishi sabab e’tibor markazida turibdi.
Qaror noyabr oyida AQSh diplomatlariga yuborilgan ko‘rsatmadan keyin qabul qilindi. O‘shanda ulardan viza arizachilarining moliyaviy jihatdan o‘zini ta’minlay olishini va AQShda bo‘lish vaqtida davlat subsidiyalariga qaram bo‘lib qolmasligini tekshirish so‘ralgan edi.
«Davlat departamenti uzoq yillik vakolatidan foydalanib, AQSh uchun 'public charge' bo‘lishi va Amerika xalqining saxovatidan suiiste’mol qilishi mumkin bo‘lgan potensial muhojirlarni nomuvofiq deb topadi. Ushbu 75 mamlakatdan immigratsion vizalarni ko‘rib chiqish Davlat departamenti immigratsiya jarayonlarini qayta baholaguncha to‘xtatiladi — bu davlat nafaqasi va ijtimoiy yordamlarni olish uchun keladigan xorijliklarning kirib kelishining oldini olishga qaratilgan», — degan Davlat departamenti matbuot xizmati rasmiysi Tommi Pigott.
Xabarnomada AQSh konsullik xodimlariga – «print authorized» (chop etishga ruxsat berilgan), ammo hali chop etilmagan vizalarni ham, chop etilgan, ammo konsullik bo‘limidan chiqib ketmagan vizalarni ham rad etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Donald Tramp yanvar oyida lavozimga qaytgach, immigratsiyaga qarshi keng ko‘lamli choralarni boshladi. Uning ma’muriyati immigratsiyani majburiy nazorat qilishni keskin kuchaytirdi, AQShning yirik shaharlariga federal agentlarni yubordi: ular migrantlar hamda AQSh fuqarolari bilan zo‘ravon to‘qnashuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Aslida Tramp noqonuniy immigratsiyani to‘xtatishni va’da qilib saylov kampaniyasini olib borgan bo‘lsada, uning ma’muriyati qonuniy immigratsiyani ham qiyinlashtirdi. Masalan, yuqori malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan H-1B vizalari arizachilariga yangi va qimmat to‘lovlarni joriy qildi.
«Bu harakat kelasi bir yil ichida qariyb 315 ming nafar qonuniy muhojirni rad etadi va AQShga kelayotgan qonuniy muhojirlarning deyarli yarmiga taqiq qo‘yadi», — degan Immigratsiya tadqiqotlari direktori va Selz fondi immigratsiya siyosati bo‘yicha raisi Devid Bir.
AQSh davlat departamentiga ko‘ra, Tramp lavozimga kelganidan beri 100 mingdan ortiq viza bekor qilingan. Ma’muriyat shuningdek vizalarni berishda yanada qat’iy siyosat joriy qilgan — jumladan, ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish kuchaytirilgan va qo‘shimcha skrining kiritilgan.
Respublikachi Tramp, noyabr oyida Oq uy yaqinida afg‘onistonlik shaxs tomonidan amalga oshirilgan otishmadan so‘ng barcha «Uchinchi dunyo mamlakatlari»dan migratsiyani «doimiy to‘xtatish»ga va’da bergan edi.
Mavzuga oid
08:41
Eron AQShning ehtimoliy zarbasi haqidagi xabarlar fonida osmonini yopdi
22:51 / 14.01.2026
Daniya Grenlandiyaga ilg‘or harbiy bo‘linmalarni yuboradi
22:42 / 14.01.2026
Muzliklar uzra katta raqobat: Grenlandiya AQShga nega kerak?
20:56 / 14.01.2026