O‘zbekistonga sovuq havo oqimi kirib keladi. Mamlakat shimolida harorat 22 daraja sovuq bo‘lishi kutilyapti
23-26 fevralda O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, 23 fevralda respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, 24 fevralda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tog‘oldi va tog‘li hududlarning ba'zi joylarida kuchli bo‘ladi.
Havo harorati 24 fevralda kechasi va kunduzi 2-7 daraja iliq bo‘ladi, 25-26 fevralda harorat kechalari 7-12 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 2-7 daraja sovuqqacha pasayadi.
Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida 23 fevralda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, 24 fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 24-25 fevralda Qoraqalpog‘istonda harorat kechalari 17-22 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja sovuqqacha, Xorazm viloyatida kechalari 12-17 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 5-10 daraja sovuqqacha pasayadi.
23-25 fevralda ba'zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha, ba'zida esa 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
21 fevral uni Kun.uz saytida onlayn ob-havo xizmatlari O‘zbekistonda havo keskin sovishini prognoz qilayotgani, unga ko‘ra, mamlakatda 23 fevral kuni boshlanadigan yomg‘ir aksar hududlarda qorga aylanishi kutilayotgani aytilgandi. Xabarda «O‘zgidromet» hozircha fevralning so‘nggi haftasi sovuq kelishidan ogohlantirmagani qo‘shimcha qilingandi.
«O‘zgidromet» bu masalada Kun.uz’ga qo‘shimcha izoh berdi.
«Onlayn ob-havo xizmatlari tomonidan beriladigan ob-havo prognozlari turli hisoblash modellarining ma'lumotlari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn ob-havo xizmatlarining veb-saytlariga joylashtirib boriladi. Boshqacha aytganda, ushbu ma'lumotlar sinoptik mutaxassislar tomonidan chuqur tahlil qilinib, qayta ishlanmagan prognozlash ma'lumotlaridir. Shuning uchun ham turli modellar tomonidan taqdim etiladigan ob-havo prognozlari tez-tez o‘zgarib turadi hamda bir-biridan farqlanadi. Jahon davlatlarining Milliy gidrometeorologiya xizmatlari mazkur ma'lumotlardan foydalangan holda, uning tahliliy natijalari asosida asoslangan ob-havo prognozlarini taqdim etadi.
O‘zgidromet Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi, shuningdek, Jahon meteorologiya tashkiloti Jahon ob-havo xizmatining gidrometeorologik ma'lumotlarni to‘plash, ishlov berish va tarqatish bo‘yicha Mintaqaviy telekommunikatsiya markazi funksiyalarini bajarishini e'tiborga olgan holda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan noqulay ob-havoni belgilovchi meteorologik elementlarni doimiy kuzatadi hamda ushbu jarayonlar sodir bo‘lishga to‘liq ishonch hosil qilib, asoslangan 2-6 kunlik ob-havo prognozlarini tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, O‘zbekiston aholisiga berib boradi. Ta'kidlash joizki, ushbu ma'lumotlar ko‘p yillik tajribaga ega malakali sinoptiklar tomonidan O‘zbekiston hududining ko‘p yillik iqlim xususiyatlarini inobatga olgan holda taqdim etiladi», deyiladi izohda.