O‘zbekiston | 12:01
2213
3 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

9 may kuni O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida, 10 mayda esa aksariyat hududlarida yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq kuzatiladi. Havo harorati shanbada +28…+33 daraja atrofida bo‘ladi, yakshanbadan +20…+25 darajagacha pasayadi. Joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi ham mumkin.

Foto: Kun.uz

Juma kunduzi O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati +34…+37 daraja atrofida, janubda +39 darajagacha bo‘lgan quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika shimoli-g‘arbiy hududlarida biroz havo biroz salqinroq bo‘lib, harorat +28…+33 daraja atrofida bo‘ladi.

9 may kuni mamlakatning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarida ayrim joylarda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat barcha joylarda +28…+33 darajagacha pasayadi.

10 mayda O‘zbekiston hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Ayrim joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Nisbatan salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, kunduzi havo harorati +20…+25 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

11 mayda Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, kechasi va ertalab Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 2–3 darajaga ko‘tariladi.

Shanba kuni shimolda va cho‘l hududlarda, yakshanba-dushanba kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha, 9–10 mayda ayrim joylarda ba’zida 23–25 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 10–11 mayda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 8–9 may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 8 mayda +34…+36 daraja, 9 mayda +30…+32 daraja bo‘ladi. 10 mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi +20…+22 daraja bo‘ladi.

11 mayda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +23…+25 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi, 9 mayda shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid