O‘zbekiston | 21:47 / 21.02.2021
84586
2 daqiqa o‘qiladi

Onlayn ob-havo xizmatlari O‘zbekistonda havo keskin sovishini prognoz qilmoqda

O‘zbekistonda 24 fevral, chorshanba tunidan boshlab havo harorati keskin sovishi kutilyapti. Buni qator gidrometeorologik xizmatlarning ob-havo bashoratlari ham tasdiqlamoqda.

Mamlakatda 23 fevral, seshanba kuni boshlanadigan yomg‘ir aksar hududlarda qorga aylanishi bashorat qilingan. 24 fevral kuni kechga borib havo harorati - 5 – 8 darajagacha, 25 fevral kuni kechasi esa -10 – 12 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Gidrometeorologik xizmatlar berayotgan bashoratlarga ko‘ra, respublika hududida sovuq havo hafta so‘ngigacha saqlanib qoladi. Yandeks ob-havo xizmati mart oyining ilk kunlaridan havo yana isiy boshlashini bashorat qilgan.

 

Avvalroq, 15 fevral kuni «O‘zgidromet» O‘zbekistonga Eron hududidan iliq va quruq havo kirib kelishi bilan hafta oxirida ob-havoda keskin o‘zgarish kutilayotgani haqida xabar bergandi. So‘ngra 18-21 fevralda O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududlari ustida shakllangan nam va deyarli salqin havo massalari kirib kelishi ham bashorat qilindi. «O‘zgidromet» hozircha boshqa gidrometeorologik xizmatlardan farqli fevralning so‘nggi haftasi sovuq kelishidan ogohlantirgani yo‘q.

P.S. Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatning aksar hududlarida havo sovishi bilan uylarni isitish asosiy masalaga aylanadi (ayniqsa o‘tgan yil yakunidagi sovuqdan keyin). Odamlar havo sovishidan avvalroq ogohlantirilsa, ular uyni isitishning tadorigini ko‘rib qo‘ygan bo‘lardi. Balki gaz bilan ta'minlanmagan hududlarga qo‘shimcha ko‘mir yoki propan yetkazib berish masalasi ham ko‘rilar. Chunki bu katta ehtimol bilan qish mavsumining oxirgi sovug‘i bo‘ladi...

Mavzuga oid