Jamiyat | 01:34 / 29.11.2017
57963
6 daqiqa o‘qiladi

Gazdan zaharlanish va birinchi yordam ko‘rsatish haqida nimalarni bilishimiz kerak?

Foto: Shutterstock

Kuz-qish mavsumida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholining bu boradagi savodxonligini oshirish maqsadida KUN.UZ muxbiri "O‘ztransgaz"dan shu mavzuda olingan ma'lumotlarini taqdim etadi.

Is gazi nima?

Is gazi (uglerod oksidi) - rangsiz, ta'msiz, hidsiz zaharli gaz. Kimyoviy formulasi - CO. U yer yuzida energiyaning jadal ishlatilishidan yuzaga keluvchi, tabiatda eng ko‘p tarqalgan zaharlovchi gazlardan biridir. Qazib olinadigan yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligi is gazining bosh manbai hisoblanadi. U asosan ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligi sabab yuzaga keladi. Nafas olinuvchi havo tarkibida 0,1 foiz is gazining bo‘lishi o‘lim holatiga olib kelishi mumkin! Is gazi organizmga tushganda u qon tarkibidagi gemoglabin va kislorod tashuvchi eritrotsitlarni o‘zaro bog‘lab, kislorodning tana bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi. Natijada inson hushini yo‘qotadi.

Foto: gispp.ru

Is gazidan zaharlanishning umumiy belgilari

Bosh miya tizimida: uyquga tortish, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, hushini yo‘qotish;

Ko‘rish tizimida: ko‘z oldining qorong‘ulashishi;

Eshitish tizimida: eshitish qobiliyatining pasayishi;

Teri qismida: terlash kuchayishi;

Nafas olish tizimida: nafas olishning og‘irlashishi, yo‘tal;

Yurak qismida: Puls va AB ortishi;

Mushaklar tizimida: Tremor (qaltirash).

Qanday holatlarda is gazidan zaharlanish xavfi yuqori bo‘ladi?

  • Shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda;
  • Avtoulovlar turargohlarida;
  • Yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda;
  • Uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda;
  • Pechka bilan istiladigan uylar, hammomlar, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.

Bundan tashqari, hozirgi savdo do‘konlarida sotilayotgan, gazda ishlaydigan har xil turdagi gaz uskunalari, jumladan, Eron davlatida ishlab chiqilgan "kamin" gaz uskunasi chiroyli, ixcham ko‘rinishli, isitish mavsumida ishlatib, keyin boshqa joyga olib qo‘ysa bo‘ladigan qulayliklarga egadir. Biroq ushbu gaz uskunasi boshqa davlatda ishlab chiqilgani sabab, uni o‘rnatish va foydalanishga doir texnik pasport o‘zbek yo rus tillariga tarjima qilinmagan. Buning oqibatida undan foydalanishdagi xavfsizlik qoidalari bilan tanishish imkoni bo‘lmaydi. O‘zboshimchalik bilan, mutaxassisning ko‘rsatmasisiz Qurilish me'yorlari va qoidalari talablarini buzgan holatda o‘rnatilmoqda. Natijada esa insonlar is gazidan zaharlanib vafot etmoqda.

Tabiiy gazdan foydalanishda nimalar taqiqlanadi?

  • O‘zboshimchalik bilan uyni gazlashtirish, gaz asbobi o‘rnini almashtirish, uni yangilash va tuzatish;
  • Gaz asboblari o‘rnatilgan xonalar rejasini o‘zgartirish;
  • Dudburon va shamollatish tizimlarini o‘zgartirish;
  • Xavfsizlik va sozlash avtomatikasini uzib qo‘yish;
  • Maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek o‘z harakatlarini nazorat qila olmaydigan shaxslarning gaz asboblaridan foydalanishi;
  • Gaz va gaz asboblaridan boshqa maqsadlarda foydalanish;
  • Gaz asboblari o‘rnatilgan xonada uxlash va dam olish;
Foto: Fotolia

Suyultirilgan gazdan foydalanishda nimalar taqiqlanadi?

  • Bo‘sh va suyultirilgan gazli ballonlarni xona hamda yerto‘lalarda saqlash;
  • Gazlashtirilgan xonaga 50/55 litr sig‘imli ballondan bittadan ortiq yoki 27 litrli ballondan ikkitadan ortiq qo‘yish;
  • Ballonlarni qizishdan saqlaydigan to‘siq o‘rnatilgan bo‘lsa, ballon bilan isitish asbobining oralig‘i 0,5 metrgacha qisqartirilishi mumkin, ballon bilan to‘siqning orasi esa 10 santimetrdan kam bo‘lmasligi kerak;
  • Ballonlar bilan o‘t yoqish eshigining oralig‘i 2 metrdan oz bo‘lmasligi lozim;
  • Xonaga o‘rnatilgan ballonlar almashtirilayotganda elektr yoritkichlarni yoqib-o‘chirish, ochiq olovdan, elektr isitish asboblari va isitish pechkalaridan foydalanish;
  • Ballonlarni almashtirish ishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxslar borligida ballonlarni almashtirish.

Gazdan zaharlanganda birinchi yordam qanday ko‘rsatiladi?

Barcha holatdagi og‘ir zaharlanishlarda zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur. Shifokor yetib kelgunga qadar quyidagilarni amalga oshirish kerak:

  1. Jabrlanuvchini zudlik bilan gazlangan hududdan toza havoga olib chiqish kerak;
  2. Jabrlanuvchining qo‘l va oyoqlarini ko‘tarilgan holatda yotqizish;
  3. Nafas olishiga xalaqit beruvchi barcha narsalarni yig‘ishtirish (tugmalarni yechib, yoqani ochish, kamarni bo‘shatish va boshqalar);
  4. Jabrlanuvchining uxlab qolmasligini nazorat qilish. Jabrlanuvchini yurgizish taqiqlanadi;
  5. Jabrlanuvchi nafas olmayotgan bo‘lsa, unga toza havoda yoki havosi yaxshi aylanadigan xonada sun'iy nafas oldirishni boshlash lozim;
  6. Nashatir spirtini hidlatish;
  7. Hushiga kelgan vaqtida yiqilib, jarohatlanmasligi uchun choralar ko‘rish;
  8. Jabrlanuvchining holati yaxshi bo‘lsa, issiq choy yoki qahva ichirish;
  9. Kislorod yostig‘i yordamida kislorod berish.

Mavzuga oid