Deputat Rasul Kusherbayev avtomobilsozlik sohasi rahbarlariga savollar bilan yuzlandi.

«Balki men noto‘g‘ri o‘ylayotgandirman, sizlar mutaxassissizlar. Tasavvur qilib ko‘raylik, ayni paytda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishlamasa, 34 millionlik O‘zbekiston aholisi nimani yo‘qotadi?» – so‘radi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayev

Savolga UzAuto Motors`ning moliyaviy masalalar bo‘yicha boshqaruvi direktori Aleksandr Saxapov javob berdi.

«Kamida 18 mingta ish o‘rnini yo‘qotamiz. Bir nafar ishchi oilasida uch kishi bo‘lsa, bu raqamni uchga ko‘paytirishimiz kerak.

Ikkinchidan, biz QQS bo‘yicha to‘lovlarning o‘zidangina 4 trillion so‘m miqdoridagi budjet tushumlarini yo‘qotamiz», – dedi Aleksandr Saxapov.

Aleksandr Saxapov

Mahalliy bozordagi avtomobillar zavoddan ayrim defektlar bilan chiqishi rad etildi

Rasul Kusherbayevning boshqa bir savoli ortidan muhokama qizg‘in kechdi, bu savol uchun deputat populizmda ayblandi.

«Eksport uchun va mahalliy aholi uchun ishlab chiqilayotgan avtomobillar sifatida farq bor. Eksport namunasi juda yaxshi deyishadi. Men ko‘rmaganman. Afsuski, biz eksport uchun mo‘ljallangan avtomobillarni xarid qilishdan mahrummiz.

O‘zimizning mahalliy aholi uchun ishlab chiqilayotgan avtomobillar esa defektlar bilan chiqarilmoqda. Har bir olingan avtomobilni, Sergeli bozoriga olib borib, 400-500 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha yangi mashinaga qo‘shimcha xarajat qilib, rezinalarini o‘rnatish kerak. Go‘yoki, tasavvur paydo bo‘lyapti, zavod bilan Sergeli bozori ma'muriyati kelishib olgandek. Borishingiz bilan qayerda nima kamchiligi borligini topib berishadi. Yangi mashinada kamchiliklar borligini ko‘rib hayron qolasiz.

Savol: eksport uchun sifatli chiqarilayotgan avtomobillar nega o‘zimizning fuqarolarimiz uchun ham shunaqa sifatli chiqarilmaydi?»