O‘zbekiston | 17:08 / 06.03.2019
4461
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Xalqaro sirk san'ati festivali o‘tkaziladi

Foto: Global Look Press/Zheng Rongxi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro sirk san'ati festivali nizomini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 yanvardagi 55-son qaroriga muvofiq Xalqaro sirk san'ati festivali 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Hujjat bilan Xalqaro sirk san'ati festivali nizomi tasdiqlanishi mumkin.

Xalqaro sirk san'ati festivalini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinadi:

O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

Toshkent shahar hokimligining mahalliy budjeti mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi festivalni o‘tkazish bo‘yicha mas'ul etib belgilanadi.

Xalqaro sirk san'ati festivali nizomiga ko‘ra, festival quyidagilarni nazarda tutgan holda o‘tkaziladi:

jahon sirk san'ati yutuqlaridan bahramand bo‘lish, milliy sirk san'ati an'analarini asrab-avaylash, tomoshabinlarning sirk san'atiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, milliy sirk dasturlari badiiy saviyasi va qamrovini kengaytirish;

sirk san'atining betakror ruhi va qiyofasini, o‘ziga xosligini e'tirof etish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, tinchlik, do‘stlik va ahillikni, boy tarixiy va betakror madaniyatimizni keng targ‘ib etish keng targ‘ib etish, mamlakatimiz sirk san'atini jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish; 

milliy sirk san'atini yanada rivojlantirish, boshqa xalqlarning sirk san'ati an'analarini o‘rganish maqsadida ijodiy muloqotlar olib borishni yo‘lga qo‘yish;

madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, sirk san'ati sohasidagi ilmiy o‘rganish va izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish, davra suhbatlari, taqdimot va mahorat darslarini tashkil etish.

Festival 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni yuqori darajada amalga oshirish maqsadida Xalqaro sirk san'ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy-qo‘mita tuziladi va Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Festivalni o‘tkazishning aniq sanasi va muddati Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi.

Festival O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Festival doirasida quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:

mahalliy va xorijiy sirk ustalari tomonidan ko‘rgazmali namoyishlar, ijodiy uchrashuvlar, sayillar, matbuot konferensiyalari, davra suhbatlari, taqdimot va mahorat darslari, ilmiy-amaliy konferensiya;

xorijiy va O‘zbekiston sirk san'ati ustalarining Toshkent shahri bo‘ylab madaniyat maskanlarida sirk dasturlari namoyishi;

sirk ustalarining Xalqaro ko‘rik-tanlovi;

Festival ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlar ishtirokida “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasida tantanali taqdirlash marosimi va sirk namoyishlari bilan yakunlanadi.

Festivalga Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan Xalqaro hay'at a'zolari, faxriy mehmonlar va ishtirokchi sifatida turli mamlakatlardan ijodiy delegatsiyalar taklif etiladi va ularning yashash, ovqatlanish, O‘zbekistonga kelib-ketish (uchinchi davlat orqali uchishlari ham), ichki transport xarajatlari Tashkilotchi tomonidan qoplanadi.

Ko‘rik-tanlovda namoyish etiladigan sirk dasturlari musiqalari fonogramma yoki orkestr orqali ijro etiladi.  

Festivalda o‘z hisobidan ishtirok etish istagini bildirgan sirk ustalari, xorijiy davlatlardan taniqli olimlar, mutaxassislar va faxriy mehmonlar Tashkilotchi taklifi asosida qatnashishi mumkin.

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etishni istagan sirk artistlari va sirk jamoalari ko‘rik-tanlovni o‘tkazish sanasidan ikki oy oldin tashkilotchiga quyidagilarni taqdim etishi kerak:

rekvizitlar ro‘yxati va unga tegishli texnika pasporti;

ishtirokchilar soni;

hayvonlar uchun tegishli veterinariya xulosasi;

taqdimot ijod namunasidan (video, CD, DVD) lavhalar.

Har bir ishtirokchi festival dasturida 1 yoki 2 ta sahna ko‘rinishi bilan chiqishi mumkin. Faqatgina masxarabozlar bundan mustasno.

Tsirk dasturini ko‘rik-tanlov davomida namoyish etilishi kamida 6 martagacha amalga oshirilishi mumkin.  

Festival ishtirokchilari quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishlari shart:

veterinariya hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasidagi mavjud normativ qoidalar talablariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish;

Vashington konvensiyasi (CITES), hayvonlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha xalqaro hujjatlar talablariga qat'iy amal qilish;

sirk dasturi ijrosi vaqtida, mashg‘ulotlar davomida xavfsizlik va mehnat muhofazasiga rioya qilish;

festival davomida respublika ichki qonunlari, urf-odatlariga amal qilish;

havo-akrobat gimnastlari o‘zlari foydalanadigan chiqish uchun jihozlariga joriy yilda berilgan texnik sertifikatlarga ega bo‘lishi lozim.

Ishtirokchining salomatligi va hayotiga xavf tug‘diradigan chiqishlarni ko‘rsatish taqiqlanadi (agar maxsus xavfsizlik vositasi bo‘lmasa).

Sug‘urta polisiga ega bo‘lmagan ishtirokchilarning sirk dasturlari ko‘rib chiqilmaydi.

Tanlovda ishtirok etish ketma-ketligi festival rejissyori tomonidan belgilanadi.

Festival doirasida o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilar quyidagilarni taqdim etishlari lozim:

ishtirokchi ma'ruzasining 4-5 betdan iborat to‘la matni va 300 so‘zdan kam bo‘lmagan tezislari;

ishtirok etish uchun ma'lumotnomasi (rezyume);

ma'ruza taqdimoti (prezentatsiya);

ma'ruzaning o‘zbek, ingliz va rus tillariga tarjima qilingan matni;

3 dona 6 x 9 o‘lchamdagi rangli fotosurat.

Ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etishni istagan olim va mutaxassislar tomonidan ushbu hujjatlar Festival o‘tkaziladigan yilning 1 sentyabriga qadar tashkilotchiga taqdim etilishi zarur.

Ko‘rik-tanlov va ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilarning yakuniy ro‘yxati Tashkiliy qo‘mita tomonidan aniqlanib, Festival boshlanish vaqtida kamida bir oy oldin ishtirokchilarga ma'lum qilinadi.

O‘zbek, ingliz va rus tillari festivalning ishchi tillari etib belgilanadi.

Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar tashkilotchi tomonidan ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

Toshkent shahar hokimligining mahalliy budjeti mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Festivalning ishtirokchilari va xorijiy mehmonlar, shuningdek, xalqaro hay'at a'zolari Tashkiliy qo‘mita tomonidan Festival o‘tkaziladigan davr va hududda yotoqxona, ovqatlanish va belgilangan marshrut bo‘yicha transport bilan ta'minlanadilar.

Festival xorijiy mehmonlarining O‘zbekiston hududidagi alohida mehmonxona va transport xarajatlari ularni taklif etgan mezbon tashkilot va muassasalar yoki mehmonlarning o‘zlari tomonidan qoplanadi.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasi hududida Festivalning barcha xorijiy ishtirokchilari va mehmonlar uchun ichki qatnovlar bo‘yicha avia va temir yo‘l chiptalari belgilangan tartibda sotiladi, mehmonxona haqi ham so‘mda qabul qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid