Sport | 15:41 / 18.10.2016
5136
3 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti»ning yillik sof daromadi 89 foizga o‘sdi

Foto: Mirror

Angliyaning «Manchester Siti» jamoasining o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘rgan daromadi 479 mln dollarni tashkil qildi. Bu 2014/2015 yilgi mavsumdagi 430 mln dollar (358,1 mln funt sterling) bilan solishtirganda 11 foizga o‘sishni ko‘rsatadi. Yillik hisobot jamoa rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Bu jamoa uchun rekord ko‘rsatkich sanaladi. «Siti» bu orqali Angliya premer-ligasida daromad ko‘rish bo‘yicha «Manchester Yunayted»dan keyin ikkinchi o‘rinni qayd etgan.

Klubning o‘tgan mavsumdagi sof daromadi miqdori 25,5 mln dollarni tashkil qilgan va bu 89 foizlik o‘sish demakdir.

Klubning o‘yinlar teletranslyatsiyasidan oladigan daromadi 19 foizga o‘sdi, bunga «Manchester Siti» o‘tgan mavsumda YeChL yarim finaliga qadar yetib borgani sabab hisoblanadi. Etihad Stadium stadionida o‘tkaziladigan uy o‘yinlariga chiptalar sotilishi orqali ko‘riladigan daromad miqdori 21 foizga oshdi, bu 2015 yilning yozida tribunalar kengaytirilgani bilan bog‘liq.

Brand Finance ma'lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» brendi bahosi 905 mln dollarni tashkil qilmoqda, bu qiymat 1 yil ichida 105 mln dollarga qimmatlashgan. Brand Finance reytingida ushbu klub faqat «Manchester Yunayted», «Real» va «Barselona» jamoalaridan ortda qolmoqda - to‘rtinchi o‘rin.

«Manchester Siti» City Football Group holdingi tarkibiga kiradi, bu holding AQShda «Nyu-York Siti», Avstraliyada «Melburn Siti» va Yaponiyada «Yokogama Marinos» jamoalarini o‘z ichiga olgan.

«Shaharliklar»ning qarzi yo‘q. Shayx Mansur 2008 yilda jamoani sotib olgandi. O‘tgan 8 yil davomida uning sarmoyalari evaziga jamoa o‘sishga erishdi.

O‘tgan mavsum yakunidan keyin «Manchester Siti» yozda yangi futbolchilar xaridi uchun 140 million funt sarfladi.

Holbuki 5 yil oldin «Manchester Siti» mavsumni 194,9 million funtlik zarar bilan yopgandi. Moliyaviy yaxshilanish «Etihad» stadionida yana 8000 o‘rin (bu orqali stadion sig‘imi 54,041 o‘ringa yetdi) va City Football Group hamda China Media Capital Holdings tomonidan 265 million funt investitsiya kirtilishi ortidan ro‘y berdi.

Mavzuga oid