Angliya: yetakchining minimalizmi

«Byornli» – «Manchester Siti» 0:1
Gol: Holand, 5 (0:1)
«Byornli»: Dubravka, Estev, Hamfris (Florentinu, 82), Ekdal, Hartman, Uoker, Uord-Prouz, Loran (Edvards, 87), Entoni (Trezor Ndayishimiye, 87), Chauna (Foster, 72), Flemming (Broyya, 82)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, Ayt Nuri (Gonsales, 65), Mateus Nunes, Bernardu Silva, O`Rayli, Sherki, Doku, Semenyo (Savio, 65), Holand

«Manchester Siti» «Byornli» maydoniga imkon qadar ko‘proq gol urishni maqsad qilgan holda tashrif buyurdi, «shaharliklar» jamoasi uchun «Arsenal» bilan poygada har bir gol muhim – mavsum yakunida ochkolar teng kelib qoladigan bo‘lsa, birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. O‘yinning 6-daqiqasidayoq mehmonlar namunali qarshi hujum uyushtirishdi va Doku Holandni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, norvegiyalik hujumchi mavsumdagi 24-golini nishonladi. Xosep Gvardiola jamoasi ko‘proq gol urgani tufayli layv rejimda turnir jadvalining birinchi o‘rniga ko‘tarildi.

Birinchi bo‘lim davomida hisob yiriklashib ketishi ham mumkin edi. Hisob 0:0 holatida ham Semenyo Sherkini ideal pozitsiyaga chiqargan, ammo Rayan Dubravkani dog‘da qoldira olmagandi. Slovakiyalik ushbu darvozabon o‘yin davomida yana ko‘plab seyvlar amalga oshirdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

1:0 – Gvardiola jamoasi 20 dan ortiq zarba bergan bo‘lsa-da, kichik hisobdagi g‘alaba bilan cheklandi. Ammo «Siti» ochkolari sonini «Arsenal»nikiga yetkazib oldi (70 tadan) va to‘plar nisbati bir xil bo‘lganiga (+37) qaramay, ko‘proq gol urgani evaziga (63 ga qarshi 66) turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Byornli» esa rasman APL bilan xayrlashdi – jamoa keyingi mavsumni yana chempionshipda o‘tkazadi.

Abduqodir Husanov mazkur bahsda to‘liq harakat qildi. Sofascore portali o‘zbekistonlik futbolchining harakatlarini 7,7 ballga loyiq ko‘rdi. «Siti» safida yana shunday baho Rayan Sherkiga berilgan. Bu «shaharliklar» o‘yinchilariga berilgan eng yuqori ballar. Hatto gol muallifi Erling Holandga 7,6 ball berilgan. O‘yindagi eng yuqori ballni Martin Dubravka olgan – 9,5 ball.