APL: yetakchining minimalizmi

«Arsenal» – «Nyukasl Yunayted» 1:0
Gol: Eze, 9 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Uayt, Subimendi (Lyuis-Skelli, 81), Rays, Edegor, Eze (Martinelli, 53), Madueke (Saka, 81), Havers (Yokeresh, 34)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tiau, Byorn, Mayli, Tonali, Uillok (Elanga, 86), Gimarayns (Voltemade, 75), Remsi, Myorfi (Vissa, 66), Osula (Barns, 66)
Ogohlantirishlar: Martinelli, 71. Rays, 86 – Byorn, 57. Poup, 74

«Arsenal» oxirgi o‘yinlaridan farqli o‘laroq, bu safar muxlislarini uzoq qiynamadi va tezkor gol urdi. Yana – burchak zarbasidan. So‘nggi vaqtlarda jamoa burchak zarbalaridan gol ura olmayotgandi, ammo bu safar jamoa murabbiylar shtabi standart vaziyatni ijro etishga yangicha yondashishdi. To‘p burchakdan yerlatib jarima maydoniga yetkazildi, u yerda to‘pni yolg‘iz qabul qilgan Havers uni jarima maydoni tashqarisida zarba berishga tayyor turgan Ezege oshirdi. Ingliz yarimhimoyachisi olis burchak tomon kuchli va aniq zarba yo‘lladi.

E’tiborli jihati, bu gol orqali «Arsenal» bir mavsumda burchak zarbalaridan eng ko‘p gol urgan (17) jamoaga aylandi. Bu orqali jamoa o‘zining 2023-24 yillar mavsumida o‘rnatilgan rekordini bittaga yangiladi.

Ammo ushbu golda ishtirok etgan ikki futbolchi o‘yin davomida jarohat olishdi. Avvaliga o‘yinning yarim soati ortda qolganida Kay Havers raqib futbolchisi bilan to‘qnashuvdan keyin gazonga yotdi va almashtirishni so‘radi, uning o‘rniga Yokeresh o‘yinni davom ettirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Eze o‘z o‘rnini Martinelliga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.

O‘yin mezbonlar ustunligida davom etdi va o‘yin oxirlariga borib Arteta Saka va Lyuis-Skellini ham maydonga tashladi, ulardan birinchisi jarohat tufayli 22 martdan buyon ilk bor o‘ynadi, asli chap qanot himoyachisi bo‘lgan ikkinchisi esa ilk bor markaziy yarimhimoyachi pozitsiyasiga tushirildi.

«Kanonirlar» kichik hisobdagi g‘alabani saqlab qolishdi va chempionlik poygasida yana oldinga chiqib olishdi. Ochkolari sonini 73 taga yetkazib olgan londonliklarda mavsum yakuniga qadar yana to‘rt o‘yin qoldi, bu o‘yinlar «Fulhem», «Vest Hem», «Byornli» va «Kristal Pelas»ga qarshi kechadi. Ikkinchi o‘rinda kelayotgan va 70 ochkoga ega «Siti»ning keyingi raqiblari esa kuchliroq: «Everton», «Bornmut», «Brentford», «Kristal Pelas» va «Aston Villa».