Jahon | 14:22 / 11.10.2025
3936
4 daqiqa o‘qiladi

 “MDH integratsiya uchun emas, tartibli ajralish uchun tuzilgandi” – siyosatshunos 

Kun.uz shu hafta Dushanbe shahrida o‘tkazilgan ikki xalqaro sammit yuzasidan siyosatshunoslar tahliliga quloq turdi. Sammitda nutq so‘zlagan Rossiya prezidentiga ko‘ra, MDH 30 yillik tarixida namunali integratsiya nima ekanini isbotlagan. Siyosatshunos fikricha, aslida bu tashkilot sovet ittifoqi qulagach, integratsiya uchun emas, tartibli ajralish uchun tuzilgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 9-10 oktyabr kunlari ikki sammit o‘tkazildi, Biri – “Markaziy Osiyo + Rossiya”, ikkinchisi MDH davlat rahbarlari sammiti. Rossiya bilan birinchi sammit yangi formatda Qozog‘istonda birinchi marta o‘tkazilgan. O‘shanda prezident Emomali Rahmon bu formatning sababini Putindan so‘rab, Rossiyadan noligan chiqishi – ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan. 

Dushanbe sammitiga kelsak, bu galgi muloqotning qator muhim jihatlari bor. Birinchidan, mintaqaning besh prezidentlari shu paytgacha Xitoy va AQShda bo‘lishdi. Bundan tashqari, turli davlatlarga Yevropa yetakchilari kelib, muzokaralar o‘tkazdi. 

“Markaziy Osiyo + YeI”, “Markaziy Osiyo + Xitoy” sammitlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shundan kelib chiqib, Rossiya ham tezroq mintaqa bilan navbatdagi muloqotini o‘tkazishi lozim edi. 

Ikkinchidan, Rossiya Ukrainadagi urush sabab Markaziy Osiyodagi o‘rni va ta’sirini sezilarli yo‘qotdi. Ayni paytda global maydonda Moskvaning yonida unga dushmanlik kayfiyati bo‘lmagan yagona mintaqa – Markaziy Osiyo bo‘lib qolmoqda. Moskva esa avvalgi ta’sirini tiklashga albatta harakat qiladi. 

Kun.uz bilan gaplashgan Strategik va mintaqalararo tadqiqot instituti eksperti Azizjon Karimovga ko‘ra, “Markaziy Osiyo + Rossiya” sammitiga – mintaqani Moskva ta’sirida ushlash emas, urushdan keyin bu davlatlarga ko‘proq hamkor bo‘lishga intilish degan rakursdan qarash kerak. 

Prezident Putin so‘zini savdo-iqtisoddan boshladi, tovar ayirboshlash hajmi oshganini aytdi. Katta davlatlar – masalan, Xitoy, Hindistonga borish uchun Rossiyaga yo‘l kerak. Bundan tashqari, sovet ittifoqi davrida qolgan respublikalardan Rossiyaga energiya borgan bo‘lsa, bugun Rossiyadan ularga bormoqda. Shundan kelib chiqib, Moskvaga boshqa gigantlar kabi sammit o‘tkazishi kerak edi degan fikrni bermagan bo‘lardim”, - deydi davlat tahliliy markazi xodimi. 

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Markaziy Osiyo bugun antirossiya ham emas, rusparast ham emas. Mintaqaning besh davlatlari iloji boricha Moskvaning jahlini chiqarmaslik, lekin yaqinlashib ham ketmaslik payida. 

MDH sammitiga kelsak, 19 ta hujjat qabul qilingan. Ichida «MDH+», ShHTga kuzatuvchilik maqomini berish hujjatlari ham bor. Ekspert Karimov fikricha, bu muloqotning yanada kengayishi. Rabbimovning aytishicha esa bir tashkilotni boshqasiga ulash, formal qadam. 

Umuman olganda, Rossiyaning dominant roli aks etadigan MDH – bahsli tuzilma bo‘lib qolmoqda. U tuzilganda a’zo bo‘lgan Gruziya, Ukraina, Moldova bugun yo‘q. Armaniston bir necha marotaba sammitlarda qatnashmadi. Asosiy qolgan davlatlar baribir – Markaziy Osiyo respublikalaridir. Lekin Putin aytgan integratsiya – bu tuzilma prioritetlari boshida emas. Chunki ittifoq qulagan onda bu tuzilma tinchgina uning a’zolarini bir-biridan ayirib, mustaqil davlatga aylantirishni ko‘zlagan edi. 

Suhbatni to‘liq formatda Kun.uz’ning YouTube sahifasida, jonli efirlar bo‘limidan tomosha qilasiz. 

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid