Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi
Toshkent shahrida 15–17 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi yakunida parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
Foto: senat.uz
“Inson qadr-qimmati, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusida o‘tgan tadbirda 100 nafardan ortiq ishtirokchi — Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlari hamda a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, diplomatik korpus va OAV vakillari qatnashdi.

Tadbir dasturidan yalpi majlis hamda ikki tematik sessiya o‘rin oldi. Muhokamalarda iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoatni rivojlantirish, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda parlamentlarning o‘rni masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etilib, mamlakatda 5 million mutaxassisni sun’iy intellekt yo‘nalishida tayyorlashga qaratilgan dastur amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Forum yakunida qabul qilingan qo‘shma deklaratsiya parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish, parlament nazorati samaradorligini oshirish hamda barqaror va uzoq muddatli rivojlanishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishni nazarda tutadi. Hujjatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyatlarni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, ekologik xavfsizlik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha umumiy yondashuvlar belgilangan.

Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan xorijiy delegatsiyalar Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani ma’lum qilindi.
Uchinchi yig‘ilish o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilgan samarali maydon sifatida o‘z ishini yakunladi.

Mavzuga oid
15:10
Toshkentda O‘zbekiston–Koreya strategik sherikligi muhokama qilindi
23:24 / 12.12.2025
Qozog‘iston eshiklari markaziy osiyolik migrantlar uchun «ochilishi» mumkin
13:31 / 12.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: Markaziy Osiyo - tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik makoni
19:52 / 06.12.2025