Jamiyat | 22:00 / 05.01.2018
21576
3 daqiqa o‘qiladi

Yarashtiruv komissiyalari ajrashayotgan oilalar xususida xabardor qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 3 yanvar kuni imzolangan, 5 yanvardan qonuniy kuchga kirgan, «Alohida davlat organlari faoliyatining takomillashtirilishi va fuqarolar huquqlari va erkinliklari himoyasini kafolatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra Oila kodeksida nazarda tutilgan ajrashtirish mexanizmiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Endi sudlar va FHDYo organlari yarashtiruv komissiyalariga ular zarur choralarni ko‘rishi uchun yozma ravishda bildirishnoma jo‘natadi. Bildirishnoma er-xotinlarning birgalikda istiqomat qiladigan fuqarolar yig‘iniga, agar ular alohida yashashsa — ularning har biri yashayotgan joyga jo‘natiladi.

Sud tomonidan yarashish uchun muddat belgilangani yoki ajrashish ishi bo‘yicha sud majlisi qoldirilgani; shuningdek FHDYo bo‘limiga ariza tashlanganidan boshlab uch kun muddat ichida bildirishnoma jo‘natiladi.

Ma'lumot uchun: Oila kodeksining 42- va 43-moddalariga ko‘ra nikoh FHDYo bo‘limi tomonidan bekor qilinadi, qolgan barcha holatlarda sud tartibida hal qilinadi.

Oila kodeksining 42-moddasi. Er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratish.

Voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi.

43-modda. Er-xotindan birining arizasi bo‘yicha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratish

Agar er-xotindan biri:

- sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;

- sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;

- sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat'i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi.

Agar bolalar haqida, er-xotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga ta'minot berish uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi.

Sud ish bo‘yicha majlisni keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oylik muddat tayinlashga haqli.

FHDYo organlarida nikohni bekor qilish ariza topshirilgan kundan uch oy o‘tib qayddan o‘tkaziladi, ya'ni bu er-xotinni ushbu tartib bo‘yicha yarashtirishning cheklangan muddatidir.

Qonun «Xalq so‘zi» gazetasida e'lon qilindi 2018 yil 5 yanvardan kuchga kirdi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid