Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush: Rossiya maqsadlaridan chekinyaptimi?
Urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etarkan, ayrim tahlilchilar fikricha, ham frontdagi, ham iqtisodiyotdagi vaziyat bir bo‘lib Rossiyani bir qator ambitsiyalaridan voz kechishga majbur qilmoqda. Lekin bu mulohazaga qarshi fikrlar ham bor. Ayni mavzu Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bahsni keltirib chiqardi.
Zelenskiy Donbassdan har ikki tomonning qo‘shinlarini olib chiqqan holda, erkin iqtisodiy zona tashkil etish masalasini referendumga qo‘yishga tayyorligini aytdi. Lekin referendumning Rossiyani qoniqtirmaydigan natija bilan tugashi ehtimoli bu tashabbusga RFning munosabatini so‘roq ostida qoldirmoqda.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Rossiyaning ambitsiyalari o‘zgarib borayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘z yuritdi.
Shuhrat Rasul: Butun urush davomida Rossiya talablari dinamikasi muttasil o‘zgarib bordi. Dastlab 2022 yil mart oyida Istanbulda ilgari surilgan talablardan bugun deyarli hech narsa qolmadi. Rossiya urushni boshlash arafasida, xususan, urush boshlangan kuni Putinning mashhur “maxsus operatsiya maqsadlari” haqidagi nutqini eslaylik: u yerda Ukraina davlatchiligi yo‘q qilinishi aytilgan edi. Ammo Ukraina davlatchiligi yo‘qolmadi.
“NATOning sharqiy blokidan hamma chiqib ketadi” degan talablar ham o‘zini oqlamadi – hech kim u yerdan chiqib ketmadi. Aksincha, ikki kun oldin Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ryabkovning o‘zi Yevropa Ittifoqiga murojaat qilib: “Agar xohlasangiz, Yevropa va Yevropa Ittifoqiga hujum qilmaslik majburiyatini konstitutsiyamizga kiritib qo‘yamiz”, dedi. Holbuki, aynan shu Ryabkov avvalroq NATOdan 1997 yilgi chegaralargacha infratuzilmani olib chiqishni talab qilgan edi. Bugun esa Rossiya bu talablardan birortasini ham kun tartibiga qo‘yayotgani yo‘q.
Rossiya hatto “to‘rtta viloyatni qo‘shib oldik, Xerson va Zaporojyeni to‘liq ma’muriy chegaralari bilan berasizlar” degan talablarni ham bekor qildi. Boshqacha aytganda, Rossiya ilgari surib kelgan go‘yoki kapitulyatsion talablar transformatsiyaga uchrab, hozir Ukraina va Yevropaning pozitsiyasiga ancha yaqinlashdi. Hozircha asosiy tortishuv taxminan 20 foiz hudud masalasi atrofida ketyapti.
Bundan tashqari, yana ikki-uchta pozitsiya mavjud. Katta ehtimol bilan, biz doim aytib kelganimizdek, hozir “mustahkamlik poygasi” ketmoqda: qaysi davlatning ichki resurslari va chidamliligi kuchliroq ekani sinovdan o‘tmoqda. Rossiya uzoq vaqt yolg‘on ishlatib keldi: “Bizning zaxira mustahkamligimiz kuchli, kerak bo‘lsa 20 yil urushamiz”, degan bayonotlar yangradi. Putinning o‘zi ham: “Iqtisodimiz zo‘r, sanksiyalar bizga faqat foyda keltiryapti”, degan ritorikani tinimsiz takrorlab keldi. Ammo faktlar boshqacha manzarani ko‘rsatdi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevro, ya’ni taxminan 106 milliard dollar miqdorida yordam ajratgach, bu Rossiya uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Hozir Rossiyaning bunga munosib qarshi argumenti yo‘q. Rossiya iqtisodi yana ikki yil davomida hozirgi intensivlikdagi urushni ko‘tara olmaydi. Bundan tashqari, bugungi kunda neft narxi 32 dollar atrofida. Bu ikki omil – neft narxining Rossiya iqtisodi uchun kritik darajada pasayib borayotgani va davlat budjetining bo‘shab qolayotgani Putinning pozitsiyasini yaqin ikki-uch oy ichida o‘zgartirishga majbur qilsa kerak.
Oybek Sirojov: Rossiyaning fundamental talablari o‘zgargani yo‘q. Urush boshidagi asosiy masala Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi edi va bugun ham bu talab o‘z kuchida qolmoqda. Rossiya hozir ham aynan shu masalani kun tartibiga qo‘ymoqda.
Endi ikkinchi masala – imkoniyatlar, ya’ni resurslar masalasiga to‘xtalaylik. Dekabr oyining boshida Ukrainaning kelgusi yilgi budjeti qabul qilindi va u YaIMga nisbatan 18,5 foizlik kamomad bilan tasdiqlandi. Shu davrda Rossiya budjeti ham qabul qilindi, undagi kamomad 1,6 foizni tashkil etadi. Men iqtisodchi emasman, ammo bu raqamlarning o‘ziyoq ma’lum bir xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Ikkinchidan, biz so‘nggi to‘rt yil davomida ushbu urushni tahlil qilib kelmoqdamiz. Shu vaqt mobaynida “Rossiya uch oyda qulaydi” yoki “olti oyda qulaydi” degan fikrlarni ko‘p bora eshitdik. Ammo raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda Rossiya yalpi ichki mahsulotining taxminan 7-10 foizini urushga sarflamoqda. Taqqoslash uchun aytsak, Ikkinchi jahon urushi davrida Sovet Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining 47 foizdan ortig‘ini urushga yo‘naltirgan. Bu bilan aytmoqchimanki, Rossiyada hali ham resurslar mavjud.
Uchinchi masala – Yevropaning yordami. Haqiqatan ham Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevro, ya’ni taxminan 106 milliard dollar miqdorida yordam ajratdi. Ammo e’tiborli jihati shundaki, bu mablag‘ ikki yilga mo‘ljallangan. Tabiiy savol tug‘iladi: nega aynan ikki yilga?
Nazariy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, agar tomonlar urushni haqiqatan to‘xtatmoqchi bo‘lsa, buni amalga oshirish imkoniyatlari bor. Masalan, AQSh tomonidan razvedka ma’lumotlarining vaqtincha berilmagani Ukrainaning jangovar imkoniyatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi va bu holat bir hafta ichida yaqqol sezildi. Agar AQSh haqiqatan Rossiyaning ustunligi bilan urushni yakunlamoqchi bo‘lganida, razvedka ma’lumotlarini bermasligi kifoya edi – bunday holatda Rossiya Donbassdagi bahsli hududlarning 20 foizini qisqa muddatda egallab, urushni o‘z foydasiga tugatishi mumkin edi.
Yoki boshqa tomondan qaraylik: agar Rossiyani butunlay tiz cho‘ktirish maqsadi bo‘lganida, nega to‘rt yil davomida Ukrainaga so‘ragan barcha mablag‘ va harbiy texnika to‘liq berilmadi? Bu holat shuni ko‘rsatadiki, urushda barcha tomonlar o‘z manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilmoqda va aynan shu omil urushning cho‘zilishiga sabab bo‘lyapti.
Suhbatni batafsil You Tube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
15:24 / 02.04.2026
🔴 LIVE: Xitoyning taklifi va NATOdagi parchalanish | "Geosiyosat"
09:57 / 02.04.2026
Ayrim o‘zbekistonliklar Vladivostok aeroporti orqali Rossiyaga kiritilmadi
08:52 / 02.04.2026