Jamiyat | 21:36 / 28.04.2017
16990
4 daqiqa o‘qiladi

O‘z joniga qasd qilishga og‘dirganlik uchun jazo kuchaytiriladi

Parlamentda “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. U o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va unga og‘dirish bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Norma.uz’ning yozishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi, Prezidentning 2008 yil 23 iyundagi PF–896-son “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida Oliy sud huzuridagi Tadqiqot markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibida kelishib, ishlab chiqildi.
 
Qonun loyihasida o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va unga og‘dirish holatlari sonini kamaytirish, jinoiy-huquqiy chora-tadbirlar orqali fuqarolarning hayotini yanada samarali himoya qilinishini ta'minlash maqsadida, Jinoyat kodeksining (JK) 103-moddasi 1-qismining sanksiyasida ko‘zda tutilgan ozodlikdan mahrum etish jazo muddatini oshirish yo‘li bilan, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazganlik uchun jazo chorasini kuchaytirish hamda ushbu moddaning ikkinchi qismiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan jinoyatlar uchun qattiq turdagi jazo choralarini kuchaytirishni va o‘zini o‘zi o‘ldirishga og‘dirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
 
Sud statistikasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdiki, JK 103-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etish oxirgi yillarda turli xil ko‘rsatkichlarda ekanligi kuzatilmoqda.

Jumladan, 2013 yilda sudlar tomonidan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish bilan bog‘liq 52 nafar shaxsga nisbatan 43 ta jinoyat ishi, 2014 yilda sudlar tomonidan 75 nafar shaxsga nisbatan 64 ta jinoyat ishi, 2015 yilda sudlar tomonidan 56 nafar shaxsga nisbatan 54 ta jinoyat ishi, 2016 yilda sudlar tomonidan 53 nafar shaxsga nisbatan 49 ta jinoyat ishi ko‘rilgan.
 
Jazo amaliyotining tahliliga ko‘ra, 2013 yilda mazkur turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslarning 39 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi, 2 nafariga jarima jazosi, 2014 yilda mazkur turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslarning 52 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 8 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi, 3 nafariga jarima jazosi, 2015 yilda mazkur turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslarning 40 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 8 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi, 1 nafariga jarima jazosi, 2016 yilda mazkur turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslarning 29 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 5 nafariga ozodlikni cheklash, 3 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi, 1 nafariga jarima jazosi tayinlangan.
 
Hozirgi kunda shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish ijtimoiy xavfli jinoyat deya baholanib, unga nisbatan MDHga a'zo barcha davlatlar Jinoyat kodeksi va qonunlarida jinoiy javobgarlik belgilangan. 
 

Mavzuga oid