Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Raqobat kayfiyati integratsiyaga soya soladi” - ekspertlar qozoq mediasi haqida
Qozog‘iston mediasida O‘zbekiston prezidentining BMT sessiyasi doirasida AQSh prezidenti bilan uchrashgani, lekin qozoq diplomatiyasi bunga erisholmagani, qator iste’folarga ham shu sabab bo‘lgani aytilmoqda. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bunday taqqoslash va raqobat kayfiyati ikki mamlakatning ham manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi haqida so‘z bordi.
Qozog‘iston prezidenti Nyu York safaridan keyin tashqi ishlar vaziri va tashqi siyosatga mas’ul boshqa qator kadrlarni almashtirgani qozoq matbuotida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mediamakonda bu iste’folar aynan AQSh safari bilan bog‘liqligi, tashrif davomida AQSh prezidenti bilan uchrashuv tashkil etilmagani, vaholanki bunday natijaga o‘zbek diplomatiyasi erisha olganiga urg‘u berilmoqda.
Avvalroq shunga o‘xshash taqqoslashlar O‘zbekistonning sportdagi yutuqlari fonida ham ko‘zga tashlangandi.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” haftaligida qatnashgan siyosiy tahlilchilar O‘zbekiston bilan raqobatchilik kayfiyati qo‘shni mamlakat jamoatchiligida kuchayib borayotgandek taassurot borligi, bu esa mintaqa kelajagi uchun ijobiy holat emasligini aytishdi.
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:
— Zbignev Bjyezinskiy 1997 yilda “Buyuk shaxmat doskasi” degan kitob yozgan. Unda Markaziy Osiyoning lideri kim degan savolni berib, O‘zbekiston va Qozog‘istonni solishtiradi. Shundan buyon butun dunyoda, mintaqa bo‘yicha ekspertlarda va siyosiy elitalarda men Bjyezinskiy sindromi deb ataydigan qarash shakllangan. Bu o‘tmishda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka kattagina soya soldi.
Ba’zan u davlatning, ba’zan bu davlatning diplomatiyasi kuchli rol o‘ynashi mumkin. Lekin bizda hali mintaqaviy diplomatiya va mintaqaviy koordinatsiya kuchli shakllangani yo‘q. Bu – 2016 yilga qadar mintaqani bo‘lib tashlashga, qarama-qarshi qo‘yishlarga olib keldi. Tashqi dunyoda Markaziy Osiyo integratsiyasini istamaydigan qudratli davlatlar ham bor.
Ayni paytda Qozog‘istonning auditoriyasida ham mana shunday kayfiyat juda kuchlilik qilyapti. Bu narsani ham inkor qilib bo‘lmaydi. Qozog‘istonda ba’zi bir siyosatshunoslar, ba’zi bilan siyosiy doiralar orasida o‘zini O‘zbekiston orqali o‘lchash urfga kirib qolgan. Bu – mintaqadagi integratsiyaga va hamkorlikka ma’lum bir ma’noda soya soladi, xalaqit beradi. Ayniqsa, mintaqaviy integratsiya jarayonlari hali boshlanmagan, lekin koordinatsiya boshlangan bir vaqtda.
Shuhrat Rasul, siyosiy sharhlovchi:
— Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi masalasini O‘zbekiston ko‘targanida Qozog‘istonning ko‘plab ekspertlari, hatto mashhur sharhlovchisi Do‘sim Satpayev ham qandaydir g‘ayirlik bilan qabul qilishgandi. “Bu bizning iqtisodiy manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi”, degan gaplar ko‘p bo‘lgan.
Kechagi voqeada ham, qozoq mediasini kuzatdim, ular o‘zlari shu qiyoslashni, raqobatni ko‘tarib chiqyapti. O‘zbekiston matbuotida bu haqda hech kim hech narsa deyayotgani yo‘q. Na bosma, na internet nashrlarimizda bunaqangi taqqoslash, raqobatga undash, “biz mana bu yerda qozoqlarni yutib qo‘ydik” deganga o‘xshash gaplar yo‘q. Lekin qozoq mediasida shu mazmundagi chiqishlar talaygina.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bir qancha strategik shartnomalar bor, jumladan abadiy do‘stlik to‘g‘risida ham. O‘zi shu ikki davlat – Markaziy Osiyodagi bosh integrator. Shunday ekan, Qozog‘istonning ayrim medialari graduslarni sal tushirsa yaxshiroq bo‘lardi.
Hamma katta o‘yinchilar bizni yaxlit hudud deb ko‘rayotgan bir paytda, mintaqaviy “liderlik”ka talashish – bu o‘spirincha fikrlash bo‘lib qoladi. Qozog‘istonlik faollarga O‘zbekiston Qozog‘istonga nisbatan mutlaqo xayrixohligini tushuntirishimiz kerak. Va ular ham bizga nisbatan xuddi shunday xayrixoh bo‘lishi kerak.
Kamoliddin Rabbimov:
— Bunday kayfiyatdan tashqi dunyo foydalanadi. Bu kayfiyat ichkaridan shakllanayotgan ekan, kimda ko‘proq shakllanyapti degan savolga Shuhrat aka javob berib o‘tdi. Har bitta jamiyat o‘zining tafakkurini ham tahlil qilishi kerak. Nima uchun bizda shunday tafakkur bor va bu bizga qanchalik foyda olib keladi, degan savollar qo‘yilishi kerak.
Anvar Yo‘ldoshev, tarix fanlari doktori, siyosiy fanlar nomzodi, professor:
— Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta savdo aylanmamiz Qozog‘iston bilan. O‘tgan yili 6,5 mlrd dollar bo‘lgan. Bu o‘sishi kerak. Agar bunaqa kayfiyatlar bo‘lsa, bu o‘smaydi. Shunday ekan, bunday narsalarga OAV orqali ta’sir qilish kerak. Ijobiyga o‘zgartirishga harakat qilish kerak. Nafaqat Qozog‘iston, balki Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan ham Markaziy Osiyo jipsligi ustida ishlash kerak. Kooperatsiyadan endi integratsiyaga qadamlar qo‘yilishi zarur.
Bektosh Berdiyev, siyosiy sharhlovchi:
— Biz, universitetlar xalqaro konferensiyalar o‘tkazamiz. Olimlarimiz ham xuddi shu yerdagi gaplarni aytyapti: birlashishimiz kerak. Lekin bu gaplar jamoatchilikka chiqmayapti. Jamoatchilikka olib chiqish OAVning qo‘lida. Shunday ekan, qozog‘istonlik siyosiy sharhlovchilar, faollarni efirga chaqiraylik, gaplashib olaylik. Kerak bo‘lsa, biz ham borib, qozoq mediasida chiqaylik.
Taniqli siyosiy sharhlovchilarning hamkorligi integratsiyaga katta yo‘l ochadi. Chunki xalq ko‘proq ularni ko‘radi, professorlarni emas.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:10 / 22.12.2025
🔴 LIVE: Rossiya maslahat uchrashuvlariga qo‘shiladimi? | "Geosiyosat"
08:45 / 18.12.2025
Rahmon: chegara kelishuvlari Markaziy Osiyoda ishonch va barqarorlikni kuchaytirdi
14:46 / 17.12.2025
🔴 LIVE: “Rossiyaning beshta talabi bor” – Ryabkov | "Geosiyosat"
13:07 / 17.12.2025