Buxoro amirining Karmanadagi qarorgohi: polyak askarlari kazarmasi, pillachilik idorasi, bugun esa xarobazor
Buxoroning so‘nggi amiri Sayid Olimxonning otasi Sayid Abdulahadxon 1894 yildan vafotiga qadar amirlikni Karmanadan turib boshqargani haqida ma'lumotlar bor.
Shu davrda u Karmana atrofida Charmgarchorbog‘, Gulchorbog‘, Bog‘i olchin, Jarchorbog‘ kabi bir nechta chorbog‘lar qurdirgan. Shulardan bugungacha faqat bittasi saqlanib qolgan. Bu – Karmana tumanining Ko‘hnaqo‘rg‘on mahallasida, Zarafshon daryosiga yaqin hududda joylashgan Mirzachorbog‘.
Mazkur obida Sayid Abdulahadxonning yozgi qarorgohi hisoblangan. 1900-1905 yillarda barpo etilgan, betakror me'moriy uslubga ega ushbu saroy nafaqat tarixiyligi, balki naqqoshlik, ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi san'atining o‘sha davrga xos namunalari aks etgani bilan qimmatlidir.
Mirzachorbog‘ning qurilishida me'mor Abdurahim Turdimurod o‘g‘li G‘azg‘oniy bosh-qosh bo‘lgan; o‘sha davrning nomdor ganchkor ustasi Shirin Murodov ham ishtirok etgan.
Saroy 1942–43 yillarda polyak askarlari uchun kazarma qilib berilgan. So‘ngra qishloq xo‘jaligi uchun foydalanishgan, jumladan, pillachilik idorasi bo‘lgan. Afsuski, bugun u xarobazorga aylangan.
Keyingi yillarda Madaniyat vazirligi ko‘plab tarixiy obidalarga e'tibor qaratdi, ayrimlari katta mablag‘ evaziga ta'mirlandi, obod etildi. Ammo negadir Mirzachorbog‘ga na Madaniyat vazirligi, na mahalliy hokimiyat «nazar solmoqchi» emas. Hatto atrofini begona o‘tlardan tozalab qo‘yishning imkoni yo‘qdek, go‘yo.
Karmanada bunday saroy borligini chet ellik turistlar tugul ko‘plab karmanaliklarning o‘zlari bilmaydi. Bilganlar esa borib, tilla izlab ko‘rish maqsadida o‘zi qarovsiz bo‘lgan qarorgohning devor va ganchkor naqshlarini buzib tashlashmoqda. Bundan 2–3 yil oldin mavjud bo‘lgan saroyning old kirish qismi hozirda butunlay qulab tushgan. Sababi, mahalliy aholi o‘rtasida saroyning o‘rta kirish qismidagi zinaning tagidan yaqin o‘tmishda bir sandiq tilla chiqqani (hozir bu zina yo‘q) xususida gap-so‘z yuradi. Agar ahvol shu tariqa davom etsa, yana 5–10 yildan so‘ng saroy butunlay qulashi aniq.
Ma'lumot uchun, Amir Abdulahadxon 1857 yil 26 martda Karmanada tug‘ilgan. U 1885 yil 4 noyabrda rasman Buxoro taxtiga o‘tirgan. 1894 yildan umrining oxirigacha Karmanada turib amirlikni boshqaradi. 1910 yil 53 yoshida vafot etadi.
Yaqinda Buxoro viloyati Romitan tumanida tashkil etilgan turistik majmuada Buxoro amiri Sayid Abdulahadxonning Rossiya imperatori Nikolay II'ga sovg‘a qilgan ov chodiri nusxasi aynan tiklangan edi.
Karmanadagi amir qarorgohining bunday ahvolda qolayotgani – turizm sohasi «o‘sish nuqtalari»dan biri sifatida ko‘rilayotgan ayni vaqtlarga yarashmaydigan holat.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
20:43 / 27.12.2024
Buxoro viloyatida zilzila sodir bo‘ldi
12:33 / 13.12.2024
Buxoroda 2,6 mln dollarlik kriptoaktivlar bilan savdo qilgan 17 yoshli o‘smir ushlandi
10:24 / 02.12.2024
Buxoro viloyati hokimiga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi
13:41 / 30.11.2024