156 mln dollar tashqi qarz evaziga qurilgan shina zavodi 2 barobar arzonga sotildi
Angren shina zavodi “Tatneft”ga 826 mln so‘m emas, 826 mlrd so‘mga sotilgan. Bu – bitim imzolangan kundagi kurs bo‘yicha 73,2 mln dollar demakdir. Vaholanki, bu zavodni qurish uchun 2017 yilda Xitoydan 156,4 mln dollar qarz olingandi.
2023 yil 20 yanvar kuni «O‘zkimyosanoat» AJ «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ (xalq tilida Angren shina zavodi) 100 foiz ulushini Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasiga 826,57 milliard so‘mga sotish bo‘yicha shartnoma tuzdi.
Avvaliga korporativ axborotlar portalida bitim summasi 826 million so‘m deb ko‘rsatilgandi. 26 yanvarda kunning ikkinchi yarmida portaldagi bu ma’lumot o‘chirilib, bitim qiymati 826 mlrd so‘m deb ko‘rsatilgan boshqa ma’lumot joylandi.
826 573 075 200 so‘m – Markaziy bankning 20 yanvardagi kursi bo‘yicha 73 mln 245 ming 288 dollarni tashkil etadi. Qayd etish lozim, zavod 2017 yilda Xitoyning Eksimbankidan olingan 156,4 mln dollar qarz hisobiga qurilgan edi.
Kompaniyaning ustav kapitali 658 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, uning sof aktivlari qiymati bitim tuzilishidan oldingi oxirgi chorakda 2,3 trln so‘m bo‘lgan.
2022 yil 2 dekabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya biznes forumi doirasida «O‘zkimyosanoat» va «Tatneft» o‘rtasida «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJning 100 foiz ulushini sotish va sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandi. O‘sha paytda bitim narxi ochiqlanmagan edi.
«Birinchi rezinotexnika zavodi» haqida
«Birinchi rezinotexnika zavodi» qurilishi 2017 yilda boshlangan edi. 2018 yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan.
Zavod 30 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uni qurishdan asosiy maqsad birinchi bosqichda yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu loyihaning mahalliy tashabbuskori «O‘zkimyosanoat» AJ hisoblanadi.
Zavodga 2019 yil avgustida bosh vazirning sobiq o‘rinbosari, Toshkent viloyatining sobiq hokimi G‘ulomjon Ibragimov bosh direktor etib tayinlangandi.
Umuman olganda, zavod chetdan qarz olib qurilgan, keyin yana chetdan qarz olib pandemiya davrida qo‘llab-quvvatlangan edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchiga oson bo‘lsin deb shina importiga boj joriy qilingandi. Ammo 2021 yilda korxona samarasiz ishlab kelgani ayon bo‘lgandi.
O‘shanda Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov 156,4 mln dollar tashqi qarz evaziga qurilgan Angren shina zavodi atigi 15 foiz quvvatda ishlayotganini aytgandi. «Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi, sababi doimgidek – sifat talabiga javob bermaydi», degandi u Hisob palatasi ma’lumotlariga asoslanib.
Zavod xususiylashtirilganidan keyin unga berilgan yengilliklar bekor qilinishi yoki yo‘qligi ma’lum emas.
«Tatneft» haqida
«Tatneft» – neft va gaz qazib olish, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, kompozit klaster, elektroenergetika sanoati, neft va gaz sanoati uchun uskunalarni ishlab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Tatariston (Rossiya) neft kompaniyasi.
Asosiy aktivlari Rossiya Federatsiyasi hududida joylashgan, biznes loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda amalga oshiradi.
Mavzuga oid
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
19:11 / 04.10.2024
Tashkent city hududidagi banklar binolarini sotib olishga 4 investor qiziqish bildirdi – Davaktiv
19:55 / 12.09.2024
Chirchiq metall tuzilmalar zavodi 39,9 mlrd so‘mga sotildi
17:46 / 12.09.2024