Jahon | 19:36 / 21.04.2026
4211
9 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibligiga 4 nomzod: ular kim va qanday saylanadi?

Lotin Amerikasidan 3 nafar va Afrikadan 1 nafar nomzod BMTning navbatdagi bosh kotibi bo‘lish uchun o‘ziga xos «ko‘rik»dan o‘tadi. Ular shu hafta BMTga a’zo davlatlar elchilari oldida o‘z dasturini taqdim etadi.

BMT Bosh Assambleyasi zali / Foto: Basil Soufi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 10-bosh kotibi 2026 yilda saylanadi va u 2027 yil 1 yanvardan boshlab besh yillik muddatga o‘z vazifasiga kirishadi.

Bosh kotib bo‘lish uchun to‘rt nafar nomzod 21-22 aprel kunlari BMTga a’zo 193 davlat elchilari oldida uch soatlik savol-javob sessiyasida ishtirok etadi. Shuningdek, ular Bosh Assambleya zalida kotiblik davri uchun o‘z dasturini taqdim etadi.

BMT Nizomiga ko‘ra, Bosh Assambleya bosh kotibni Xavfsizlik Kengashining tavsiyasi asosida saylaydi. Bu esa besh doimiy a’zo – AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiyaga qaror qabul qilishda veto huquqini beradi.

Associated Press nashrining yozishicha, an’anaga ko‘ra, bosh kotib lavozimi mintaqalar bo‘yicha almashib turadi. Xususan, ayni vaqtda dunyodagi eng katta xalqaro tashkilotni 2017 yildan buyon Yevropa vakili – portugaliyalik Antonio Guterrish boshqarib kelmoqda. Antoniu Guterrish g‘olib bo‘lgan 2016 yildagi poygada 13 nafar nomzod ishtirok etgandi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish / Foto: EPA

Unga qadar 10 yil davomida (2007-2017 yillarda) Osiyo vakili – janubiy koreyalik Pan Gi Mun BMTda kotib bo‘lgan. Undan oldingi o‘n yillikda (1997-2006 yillarda) esa Afrika vakili – ganalik Kofi Annan BMT bosh kotibi bo‘lgan. Nashrning yozishicha, bu yozilmagan qoidaga ko‘ra, endi navbat – Lotin Amerikasi vakiliga kelishi kerak. Lekin shu vaqtga qadar Sharqiy Yevropadan hech kim bu lavozimni egallamagan.

Kimlar nomzod va ularni qaysi davlatlar tavsiya qildi?

Reuters nashri BMTning amaldagi bosh kotibi o‘rnini egallash uchun o‘z nomzodini ko‘rsatgan da’vogarlar bilan tanishtirdi.

Rafael Grossi – 65 yoshli argentinalik professional diplomat. U 2019 yildan beri BMTning yadroviy nazorat bo‘yicha organi (MAGATE) bosh direktori sifatida hamma joyda «hozir-u nozir» va o‘ta faol rahbar sifatida tanildi.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik uzoq vaqtdan beri Eronning yadroviy dasturini nazorat qilib kelayotgandi. Grossi 2018 yilda Donald Tramp AQShni bitimdan chiqarganidan so‘ng, Tehron va yirik davlatlar o‘rtasidagi tarixiy yadroviy kelishuvning qismlarini saqlab qolishga qaratilgan muzokaralarga boshchilik qildi.

Rafael Grossi / Foto: Reuters

Ingliz, ispan, fransuz hamda italyan tillarida erkin so‘zlashuvchi Grossi xalqaro inqirozlar davridagi «vositachilik (shuttle) diplomatiyasi» orqali ham o‘zining, ham agentlikning nufuzini sezilarli darajada oshirdi.

Uning eng katta yutug‘i — Rossiya-Ukraina urushida front chizig‘ini bir necha bor kesib o‘tib, Rossiya tomonidan bosib olingan Zaporojye AESga MAGATE'ning kichik guruhini joylashtirishga erishganidir.

Ko‘pgina diplomatlar uni BMT bosh kotibiligiga asosiy da’vogar deb hisoblamoqda. Chunki u yillar davomida BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi bilan aloqalarni muvozanatda saqlashga harakat qildi. Ovoz berishda esa aynan ularning roli eng muhim.

Rebeka Grinspan – 70 yoshli siyosatchi Kosta-Rikaning sobiq vitse-prezidenti va 2021 yildan buyon BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) rahbari hisoblanadi.

Grinspan saylov kampaniyasi paytida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmasligi uchun joriy yil sentabrga qadar o‘z vazifalaridan vaqtincha chekinganini bildirdi.

Rebeka Grinspan / Foto: Reuters

U o‘zini islohotchi va gender to‘siqlarini yengib o‘tgan ko‘p tomonlama hamkorlik tarafdori sifatida ko‘rsatmoqda.

Agar Grinspan saylansa, BMT tarixidagi birinchi ayol bosh kotibga aylanadi. «Men o‘zimga alohida munosabat kutayotganim yo‘q. Men teng huquqli munosabatni xohlayman», dedi u Reuters agentligiga.

Iqtisodchi bo‘lgan Grinspan o‘zini BMTning asosiy qadriyatlarini himoya qilgan holda, uni yanada chaqqon tashkilotga aylantira oladigan «yetuk yetakchi» deb hisoblaydi.

Mishel Bachelet – 74 yoshli siyosatchi xonim Chilining ikki karra prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari bo‘lgan. Shuningdek, u 2010–2013 yillarda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi «BMT-Ayollar» (UN Women) agentligining ijrochi direktori bo‘lib ishlagan.

Mishel Bachelet / Foto: EPA

O‘tgan oyda Chilining amaldagi rahbariyati Bacheletni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi. Chili prezidenti Xose Antonio Kast hukumati Bacheletning nomzodi – ichkarida keng siyosiy kelishuvga ega emasligini va xalqaro maydonda g‘alaba qozonish imkoniyati pastligini bildirdi. Biroq u Braziliya va Meksika ko‘magi bilan poygani davom ettirishini ma’lum qildi.

Maki Sall – 12 yil davomida (2012-2024 yillarda) Senegal prezidenti bo‘lgan siyosatchi o‘zining davlat rahbari sifatidagi tajribasini bosh kotiblik roli uchun asosiy ustunlik deb biladi.

64 yoshli Maki o‘z prezidentligi davrida yirik infratuzilma loyihalarini yakunladi va Afrika taraqqiyoti uchun kurashdi. U qarz yukidan qiynalayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash, rivojlanayotgan davlatlarning Xavfsizlik Kengashida doimiy o‘rinlarga ega bo‘lish haqidagi talablariga qo‘shilib, kengashni tubdan isloh qilishga chaqirmoqda.

Maki Sall / Foto: Reuters

Nashr o‘rgangan diplomatik qaydlarga ko‘ra, Afrikada uning nomzodiga munosabat turlicha: uning vatani Senegal va Nigeriya hozircha uni qo‘llab-quvvatlamayapti. Uning nomzodi Burundi tomonidan ilgari surilgan. Agar saylansa, u BMTning afrikalik bo‘lgan uchinchi bosh kotibi bo‘ladi.

Virjiniya Gamba — argentinalik taniqli diplomat, xalqaro xavfsizlik, qurol-yarog‘ nazorati va inson huquqlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi ekspertlardan biri. U 2026 yil 11 mart kuni BMTning navbatdagi Bosh kotibi bo‘lish uchun kurashda ishtirok etishga harakat qildi. Biroq, oradan 2 hafta o‘tib — uning nomzodini ilgari surgan Maldiv orollari sababini ko‘rsatmagan holda arizasini qaytarib oldi.

2016 va 2026 yillar: vaziyat qanday o‘zgardi?

Bugungi kunda ko‘pchilik mutaxassislar BMTga yangi kotib tayinlanishidan juda katta xalqaro o‘zgarishlar kutmayapti. Chunki 2026 yilning chuqur qutblashgan va mojarolar bilan to‘la dunyosi – 2016 yildagi nisbatan tinch dunyodan tubdan farq qiladi.

Bugungi kunda BMT nufuzi pasayib ketgan. Dunyo kuchlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar shunchalik chuqurki, BMTning qudratli Xavfsizlik Kengashi – Ukraina, G‘azo va Erondagi urushlarni to‘xtatishda ojizlik qilmoqda. Kengashning asosiy a’zolari bo‘lgan Rossiya va AQSh bugun boshqa davlat bilan urush olib bormoqda.

Xalqaro inqiroz guruhi tahlilchisi Richard Gouanning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda nomzodlar va ularni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumatlar ancha ehtiyotkor bo‘lib qolishgan. Chunki nomzodning birgina xatosi Vashington yoki Pekinning ko‘ngliga tegsa, bu jiddiy diplomatik zarar keltirishi mumkin.

AQSh va gender masalasi

BMTni ayol kishi boshqarishi kerakligi haqidagi bosim davom etmoqda, deb yozmoqda AP nashri. Tahlilchi Richard Gouanning fikricha, Trampning Oq uyga qaytishi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin:

«Avvalroq bu safar [BMT bosh kotibi sifatida] albatta ayol kishi g‘alaba qozonishi kerak, degan qarash bor edi. Ammo endi ko‘plab diplomatlar AQSh prinsipial jihatdan erkak kishining nomzodini talab qiladi, deb taxmin qilmoqda», deydi u.

BMT Xavfsizlik Kengashi majlisi / Foto: Reuters

Xususan, ayol nomzodlardan biri – Mishel Bachelet allaqachon AQShda qarshilikka duch kelgan. 28 nafar respublikachi qonun chiqaruvchi AQSh Davlat kotibi Marko Rubioga maktub yo‘llab, Mishelni «abortlar tarafdori bo‘lgan ashaddiy mutaassib» deb atadi va unga qarshi veto qo‘yishni talab qilishdi.

Bundan tashqari, AQSh senatori Pit Rikketsning ta’kidlashicha, Bachelet 2022 yilda BMT Inson huquqlari rahbari sifatida Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan harakatlarini «genotsid» deb atashdan qochgan. Shuningdek, u abortni insonni asosiy huquqi sifatida targ‘ib qilgan. Rasmiy Pekin hozircha uning nomzodi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ma’lum qilmagan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid