Jahon | 21:35 / 20.04.2026
5574
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh kotibi lavozimiga to‘rt nafar nomzod ko‘rikdan o‘tadi

Shu hafta Birlashgan Millatlar Tashkilotida bosh kotib lavozimiga to‘rt nafar nomzod bilan ommaviy interaktiv muloqotlar boshlanadi.

Foto: Valentin Flauraud/Keystone via AP

BMT bosh qarorgohida Bosh kotib lavozimiga nomzodlar bilan birinchi ochiq suhbatlar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AP News xabar berdi.

Amaldagi bosh kotib Antoniu Guterrish 2026 yil 31 dekabrda lavozimini tark etadi. BMT yangi rahbari 2027 yil 1 yanvardan boshlab besh yillik muddatga saylanadi. Tanlov jarayoni yuqori geosiyosiy keskinlik sharoitida o‘tmoqda, bu esa nomzodlarning nisbatan kam - atigi to‘rt nafar bo‘lishiga olib keldi, deb ta’kidlamoqda nashr.

Nomzodlar quyidagilar:

- Mishel Bachelet (Chili, 74 yosh) – ikki marta Chili prezidenti, BMT inson huquqlari bo‘yicha sobiq Oliy komissari. Nomzodi Braziliya va Meksika tomonidan ko‘rsatilgan.

- Rafael Mariano Grossi (Argentina, 65 yosh) – XAEA amaldagi bosh direktori (2019 yildan). Argentina tomonidan ko‘rsatilgan.

- Rebeka Grinspan (Kosta-Rika, 70 yosh) - Kosta-Rikaning sobiq vitse-prezidenti, 2021 yildan YuNKTAD (BMT savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi) bosh kotibi. Kosta-Rika nomzodi.

- Maki Sall (Senegal, 64 yosh) - Senegalning sobiq prezidenti. Burundi tomonidan ko‘rsatilgan (Senegal va Afrika Ittifoqining rasmiy ko‘magisiz).

Mishel Bachelet
Rafael Mariano Grossi
Rebeka Grinspan
Maki Sall

Avvalroq Virjiniya Gamba (Argentina) o‘z nomzodini olib tashlagan edi.

An’anaga ko‘ra, BMT Bosh kotibi lavozimi mintaqaviy rotatsiyaga amal qiladi. Yevropa vakilidan (Guterrish, Portugaliya) keyin ko‘pchilik Lotin Amerikasi nomzodini kutmoqda. Aynan shuning uchun dastlabki uch da’vogar kuchliroq pozitsiyaga ega.

Yakuniy qarorni BMT Bosh Assambleyasi Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga ko‘ra qabul qiladi, bu yerda doimiy a’zolar veto huquqiga ega.

2016 yilgi avvalgi saylovda 13 nafar nomzod qatnashganidan farqli o‘laroq, bu galgi poyga ancha ehtiyotkor va yopiq tarzda o‘tmoqda - ko‘plab nufuzli siyosatchilar asosiy davlatlar bilan munosabatlarni xavf ostiga qo‘yishni istamayapti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid