Bu yil 1,5 millionga yaqin abituriyent oliy ta'lim olish uchun xujjat topshirdi. Qabul qilinadigani – taxminan 150 ming. Bundan tashqari, kunda-kunora reklamalarga ko‘zimiz tushmoqda: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi OTMlar ham o‘zbek yoshlarini «ovlashga» tushib ketdi.
Xabaringiz bor, joriy yil avvalida qo‘shni davlatlarda o‘qiyotganlarni qaytarish bo‘yicha (shoshilinch qilingan bo‘lsa-da) yaxshi qaror qabul qilindi. Ijroni yaxshi eplolmadik, nazarimda. Undanam achinarlisi, yurtdoshlarga bir yolg‘on umid berib qo‘ydik. «Bu yil qo‘shni davlatda o‘qib tursak, keyingi yili o‘zimizga ko‘chirib olamiz», deb imtihonsiz qabul qilayotgan turli qo‘shni davlatlar universitetlariga o‘qishga kirayotgan yurtdoshlarimiz soni kundan kunga ko‘paymoqda.
Har bir talaba bo‘lish orzusidagi yurtdoshimiz 1000 dollardan to‘lov qilsa ham, 100 ming odam qo‘shni davlatda o‘qigan taqdirda 100 mln dollarni shundoq qo‘shni davlatlarga chiqarib beryapmiz. Imtihonsiz qabulni reklama qilaëtgan OTMlarda ta'lim sifati yuqori bo‘lsa ham mayli edi.
Men hozir o‘qishga kira olmaganlarning 1/10 qismi haqida gapirdim, xolos. Raqam 5 barobar ëki undanam ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Shunda faqat o‘qish to‘lovi uchungina yarim milliard dollarni «sovg‘a» qilayotgan bo‘lamizmi?
Vaholanki, bu yil aksariyat universitetlar onlayn ta'lim bermoqchi. Hali yurtdoshlarimiz u universitetlarga borib o‘qishni boshlasa, qancha mablag‘lar chetga oqib ketishini tasavvur qilavering. Ming azob bilan topilgan bu pullar oliy ta'limni tashkil qilishni eplolmaganimiz sababli yana chetga chiqib ketaverishi ustida, albatta, mas'ullar bosh qotirishi shart.
Xo‘sh, nima qilishimiz kerak?
Avvalo, xususiy OTMlar ochilishi va faoliyat yuritishi uchun yagona qonun yaratilishi shart. Turli qonunosti hujjatlari orqali bir to‘da shaxslar tomonidan bu jaraën manipulyatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Har bir xususiy universitet uchun Vazirlar Mahkamasi qarori chiqarilib, shubhali tarzda yerlar, binolar berilishi to‘xtatilishi zarur.








