Jahon | 14:25 / 07.07.2025
4790
10 daqiqa o‘qiladi

Husiylar bilan zarbalar almashgan Isroil, “America Party” tuzmoqchi bo‘lgan Mask va milliardlab zarar ko‘rayotgan Rossiya aeroportlari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilda minglab odamlar Hamas bilan kelishuvga chaqirib namoyishga chiqdi

Isroil hukumati tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklif «ma’qullangach», minglab norozilar HAMAS harakati bilan doimiy sulh tuzish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv talab qilib, ko‘chalarga chiqdi.

Namoyishlar Bosh vazir Binyamin Netanyahuning Vashingtonga qiladigan tashrifi arafasida o‘tkazildi. Aksiyalar markazi sifatida Tel-Aviv ajralib turdi — minglab namoyishchilar Begin prospekti va Habima maydonini to‘ldirdi.

Isroil harbiy asiri Nimrod Kohenga qarindosh bo‘lgan Yotam Kohen mitingda so‘zga chiqib, faqatgina 60 kunlik sulh va isroillik asirlarning taxminan yarmini bosqichma-bosqich ozod etishni nazarda tutuvchi kelishuv taklifini tanqid qildi.

Kohen ultrao‘ng qanot vakillari — Isroil ichki xavfsizlik vaziri va moliya vazirlarini tanqid qilib, ularni Isroilni «diniy urush» tomon yetaklayotganlikda aybladi. U askarlar hayoti va asirlar taqdirini noqonuniy posyolkalar va o‘z ambitsiyalari yo‘lida qurbon qilmaslikka chaqirdi.

«Rahbarlar go‘yoki biz ularning kursilari uchun, abadiy kurashish uchun yashaymiz, deb o‘ylashadi, ammo bu katta xato», — dedi yana bir namoyishchi.

Anadolu nashrining yozishicha, shu bilan birga, Tel-Avivda yuzlab odamlar G‘azodagi isroillik zarbalar oqibatida halok bo‘lgan bolalarni xotirlab «sukunat daqiqasi» aksiyasini o‘tkazdi.

Kaplan ko‘chasida 400 dan ortiq ishtirokchi yig‘ilib, 18 mart kuni Isroil sulhni buzib, G‘azoga yana vayronkor hujum boshlaganidan keyin halok bo‘lgan bolalarning suratlarini ko‘tardi. Aksiyada muxolifatda bo‘lgan Birlashgan ro‘yxat partiyasi a’zosi, Isroil Knesseti deputati Ofer Kassif ham qatnashdi.

AQShda uchinchi yirik partiya tuziladimi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Ilon Maskning yangi siyosiy partiya tuzish rejasini «bema’ni» deb atadi va texnologiya magnatiga qarshi navbatdagi keskin tanqidlarini yo‘lladi.

Yakshanba kuni Nyu-Jyersi shtatidagi golf klubidan Vashingtonga qaytayotgan Tramp Air Force One bortiga chiqishdan oldin jurnalistlar bilan suhbatlashdi.

«Uchinchi partiya tuzish — bu bema’ni fikr. Bizda Respublika partiyasi bilan ulkan muvaffaqiyatlar bor. Demokratlar yo‘ldan adashgan, ammo bu tizim har doim ikki partiyaga asoslangan bo‘lgan va uchinchi partiya faqat chalkashlikka olib keladi. Bu tizim aynan ikki partiya uchun ishlab chiqilgan. Uchinchi partiyalar hech qachon ishlamagan, u xohlasa bu bilan o‘ynab ko‘rishi mumkin, lekin bu mutlaqo bema’ni», dedi Tramp.

Mask haqida gapirganidan ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining Truth Social platformasida post qoldirdi:

«Ilon Mask butunlay 'yo‘ldan chiqib ketganiniʼ kuzatib yurish menga og‘riq beradi — u so‘nggi besh hafta ichida, aslida, TO‘LIQ FOJIAga aylangan».

Mask shanba kuni o‘zining yangi siyosiy kuchi — America Party (Amerika Partiyasi) tashkil etilayotganini e’lon qilgandi. U bu partiyani Tramp tomonidan qabul qilingan soliq va budjet xarajatlari to‘g‘risidagi qonunga javoban tashkil qilmoqda. Maskka ko‘ra, bu qonun mamlakatni moliyaviy halokatga olib boradi.

«DOGE'ni yaratishdan maqsad nima edi, agar Tramp qarzni yana 5 trillion dollarga oshirmoqchi bo‘lsa?» — deb yozdi Mask. U qisqa vaqt mobaynida hukumatni qisqartirish agentligi (DOGE)ni boshqargan edi. Tanqidchilar bu qonunni federal budjet tanqisligini keskin oshirishi va iqtisodiy xavflarni kuchaytirishi mumkinligi sababli tanqid qilmoqda.

Mask aytishicha, uning yangi partiyasi keyingi yilgi oraliq saylovlarda Trampning «katta va go‘zal qonun loyihasi»ni qo‘llab-quvvatlagan Respublikachi kongressmenlarni lavozimidan chetlatishga urinadi.

Tramp Maskning norozi bo‘lishiga sabab sifatida ushbu qonun Tesla’ning elektromobillariga beriladigan ekologik imtiyozlar (yashil energiya kreditlari)ni bekor qilganini ta’kidladi. Shuningdek, Tramp Mask tanqidlariga javoban Tesla va SpaceX kompaniyalariga ajratilayotgan milliardlab dollarlik davlat subsidiyalarini to‘xtatish bilan tahdid qilgan.

AQSh siyosiy tizimi asosan ikki partiyaga tayanadi: Demokratlar va Respublikachilar. Bundan tashqari ko‘plab kichik partiyalar va mustaqil nomzodlar ham bor, lekin ular mahalliy darajada faol.

Isroil va husiylar o‘rtasida zarbalar almashildi

Yaman husiylari gipertovushli ballistik raketa bilan Isroil poytaxtidagi Ben-Gurion aeroportiga zarba berdi. «Ansorulloh» harakatiga ko‘ra, zarba berishda o‘zlari tomonidan muhim texnologik yutuq deya ta’riflanadigan «Falastin-2» raketasidan foydalanilgan. U 2024 yilda G‘azoni qo‘llab-quvvatlash operatsiyasi uchun yaratilgan edi.

Zarba nishonga tekkan va aeroportdagi harakatning to‘xtatilishiga olib kelgan. Isroil Mudofaa armiyasi tunda Yaman tomonidan uchirilgan raketalar muvaffaqiyatli tutib qolinganini ma’lum qilgandi. O‘lik dengiz atrofi va O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi ayrim hududlarda sirenalar yangragan.

Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan keyin husiylar bir necha bor Isroilga ballistik raketalar hamda dronlar bilan hujum qildi. Ular bu ishni G‘azo sektoridagi falastinliklarga birdamlik belgisi sifatida amalga oshirayotganliklarini ta’kidlab keladi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kaats bu zarbalarni tasdiqladi. Isroil shundan so‘ng husiylarga qarshi «Qora bayroq» operatsiyasini o‘tkazib, ularning «Hodeyda, Ras-Isa va Salif portlaridagi obektlariga» zarba berayotganini ma’lum qildi. Nishonlar orasida elektrostansiya va Galaxy Leader kemasi ham bor — bu kema 2023 yil noyabr oyida husiylar tomonidan Qizil dengizda musodara qilingan edi.

«Avval ogohlantirganimdek, Yamanga ham Tehron bilan bo‘lgani kabi munosabatda bo‘linadi», — dedi Kaats.

Ynet nashrining yozishicha, Isroil ushbu portlar, kema va elektr stansiyasiga taxminan 50 ta raketa va bomba yo‘llagan. Bosh vazir Binyamin Netanyahu AQShga uchib ketayotgan samolyotida husiylarga qarshi harakatni shaxsan kuzatib borgan.

Husiylar harakati «Ansorulloh» siyosiy byurosi Al-Mayadeen kanaliga bergan bayonotida Isroil hujumini «G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan jinoyatkor tajovuz» deb atadi. Shuningdek, Yaman havo mudofaa kuchlari Isroil hujumiga qarshi zarbani muvaffaqiyatli qaytarganini ta’kidlagan.

Xarkovga hujum

7 iyul tongida Xarkov shahri Rossiyaning dron hujumiga uchradi, bir nechta tumanlarga zarba berilgan, jabrlanganlar soni ortmoqda.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, jabrlanganlar soni 16 nafarga yetdi. Hozirgi vaqtda Shevchenkivski tumanida – 11 kishi, ularning orasida 2 nafar bola bor. Slobidski tumanida – 5 kishi, shulardan 1 nafar bola.

Tongda Xarkov meri Igor Terexov shahar ikki «Shahed» rusumidagi dushman droni bilan hujumga uchraganini xabar qildi. U, shuningdek, portlashlar va shaharda yana dronlarning paydo bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

4 iyul kuni Rossiya Ukrainaga qarshi 539 ta «Shahed» droni, simulyator dronlar va turli rusumdagi raketalarni uchirgan edi.

Ukraina Qurolli Kuchlari Uchuvchisiz tizimlar qo‘mondonligi boshlig‘ining ogohlantirishicha, Rossiya tez orada kuniga 1000 ta zarbali dron uchirish salohiyatiga ega bo‘ladi.

Rossiya aeroportlarida kollaps

Rossiyada kecha dron xavfi va xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi oqibatida deyarli 400 ta reys bekor qilindi yoki kechiktirildi.

Rosaviatsiya xabariga ko‘ra, Moskva, Sankt-Peterburg va Nijniy Novgorod aeroportlarida xavfsizlik maqsadida cheklovlar joriy etilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa mamlakat hududi ustida qariyb 50 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi.

Cheklovlar quyidagi aeroportlarga ta’sir qildi:

  • Moskva — Sheremetevo,
  • Sankt-Peterburg — Pulkovo,
  • Nijniy Novgorod — Chkalov (Strigino).

Shuningdek, Ivanovo, Kaluga, Pskov, Tambov va Yaroslavl aeroportlari ham vaqtincha aviaqatnovlarni amalga oshirmagan. Rossiya Transport vazirligi va Rosaviatsiya bu choralar «parvozlar xavfsizligini ta’minlash» maqsadida ko‘rilganini bildirdi.

Tahlilchilar hisob-kitobiga ko‘ra, ikki kunlik avia-kollaps Rossiya aviakompaniyalariga taxminan 20 milliard rubl — 250 million dollar zarar keltirishi mumkin.

6 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakat osmonida 48 ta dron urib tushirilganini e’lon qildi. Hujumlar mamlakatning sakkiz viloyatida sodir bo‘lgan.

Mavzuga oid