Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesuelaga $100 milliard sarmoya, Yevroittifoq tasdiqlagan Mercosur va Ukrainaga otilgan «Oreshnik» – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga boshqaruvchi tanlandi
Bolgariyalik siyosatchi va BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq elchisi Nikolay Mladenov AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi bosh direktori lavozimiga tanlandi.
Ushbu tayinlov 8 yanvar kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tomonidan e’lon qilindi. Mladenov Netanyahu jamoasi bilan muzokaralar olib borgan. AP nashrining yozishicha, tayinlov AQSh rasmiysi tomonidan ham tasdiqlangan.
Mladenov G‘azo sektorini boshqarish vazifasi yuklatilgan, lekin hali sinovdan o‘tmagan xalqaro tuzilmaning eng yuqori lavozimli rasmiysiga aylandi.
Sulh bitimiga ko‘ra, Tramp raislik qiladigan bu organ — yangi texnokrat falastinliklar hukumati ustidan nazoratni, Hamasni qurolsizlantirishni, xalqaro kuchlarni joylashtirishni, Isroil qo‘shinlari chekinishini va sektorni qayta qurishni nazorat qilishi kerak.
9 yanvar kuni Nikolay Mladenov Ramallahda Falastin ma’muriyatining yuqori martabali rasmiysi Husayn ash-Shayx bilan ham uchrashdi. Ikki tomon «G‘azo sektoridagi vaziyat, ikkinchi bosqichga o‘tish yo‘llari va Tramp rejasini amalga oshirish mexanizmlari»ni muhokama qilgan.
53 yoshli Mladenov uzoq vaqtdan beri Yaqin Sharq siyosati bilan shug‘ullanib keladi va arab dunyosi bilan ham, Isroil bilan ham ijobiy aloqalarga ega. U BMTning Iroq bo‘yicha maxsus vakili va Yaqin Sharq bo‘yicha tinchlik elchisi bo‘lib ishlagan. Mladenov bu lavozimda Isroil va Hamas o‘rtasida muzokaralar g‘oyasini saqlab qolishga yordam bergan.
Ukrainaga ikkinchi marta «Oreshnik» otildi
Jumaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga yuzlab dronlar va o‘nlab raketalar bilan yirik tungi hujum uyushtirdi, poytaxt Kiyevda kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urush davomida ruslar ikkinchi marta, yadroviy qurol tashish qodir gipertovushli raketa «Oreshnik»ni qo‘lladi. U Ukrainaning eng g‘arbiy qismi, NATO bilan chegaradosh Lviv oblastiga urildi. Bu esa Kiyevning NATOdagi ittifoqchilariga aniq ogohlantirish sifatida talqin qilinmoqda.
Rossiya bu hujum o‘tgan oy Putinning qarorgohlaridan biriga Ukraina droni hujum qilganiga javoban amalga oshirilganini aytdi. Lekin Tramp ham, Ukraina ham bu da’volarni rad etgan.
Moskva «Oreshnik» qayerga tekkanini aytmadi. Biroq rus OAVlari u Lviv viloyatidagi yerosti gaz omboriga zarba berganini yozdi.
Kiyevga hujumlarda esa Qatar elchixonasi va ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rgan. Ko‘plab aholi issiqlik ta’minotidan uzilib qolgan.
Yevropa yetakchilari hujumni «keskinlashtiruvchi va qabul qilib bo‘lmaydigan» deb qoraladi, Yevroittifoq esa Putinning diplomatiyaga javobi «yana ko‘proq raketalar va vayronagarchilik» bo‘lganini aytdi.
Venesuelaga 100 milliard dollar sarmoya
AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Oq uyda dunyoning eng yirik neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Trampga ko‘ra, ular Venesuelada ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 100 milliard dollar sarmoya kiritishni istayotganini aytgan.
«Amerika kompaniyalari Venesuelaning chirib ketgan energetika infratuzilmasini qayta tiklash va oxir-oqibat neft ishlab chiqarishni hech qachon ko‘rilmagan darajalarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi», dedi Tramp uchrashuv ochilishida.
«Qaysi neft kompaniyalari u yerga kirishini biz hal qilamiz», dedi u. Tramp Venesuelaning muvaqqat rahbariyati AQShga 50 million barrel xom neft yetkazib berishini maqtadi va bu cheksiz davom etishini kutayotganini aytdi.
AQSh kuchlari esa embargo ijrosini ta’minlash uchun Venesuela neft tankerlarini qo‘lga olishni davom ettirmoqda. Juma kuni shunday beshinchi tanker musodara qilindi.
Biroq yirik neft gigantlari yuqori xarajatlar va siyosiy beqarorlik tufayli mamlakatga katta, uzoq muddatli sarmoya kiritishga ikkilanmoqda. Chunki oldin bu korporatsiyalarning Venesueladagi aktivlari bir necha marotaba musodara qilingandi.
Tramp AQSh Venesuelaga sarmoya kiritayotgan kompaniyalarning jismoniy va moliyaviy xavfsizligini kafolatlashini aytdi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.
Mercosur tasdiqlandi
Juma kuni Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarining malakali ko‘pchiligi Mercosur kelishuvini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan Yevropa Komissiyasi hamda Lotin Amerikasining bir guruh davlatlari — Argentina, Braziliya, Paragvay va Urugvay o‘rtasida yigirma yildan ortiq davom etgan murakkab muzokaralarga nuqta qo‘yildi.
Euronewsʼga ko‘ra bitimga Fransiya, Polsha, Avstriya, Vengriya va Irlandiya qarshi ovoz bergan, Belgiya esa betaraf qolgan. Bitimni baholash uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan Italiya oxir-oqibat uni yoqlab ovoz berdi.
Yevropa fermerlarining bitimga qarshiligi juda keskin bo‘ldi. Bitim kuchga kirgach, aksariyat mahsulotlar bo‘yicha bojlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, biroq mol go‘shti, parranda go‘shti va shakar kabi mahsulotlarini himoyalash uchun kvotalar saqlab qolinadi.
Biroq bitimning yakuniy tasdiqlash tartibi Yevropa Parlamentining roziligini ham talab qiladi. Endilikda Fransiyadagi muxoliflar bitimni parlamentda to‘sib qolishdan umid qilmoqda.
BRIKS harbiy mashg‘ulotlar boshladi
9 yanvar kuni Keyptaun yaqinida Xitoy, Rossiya va Eron harbiy kemalari Janubiy Afrika mezbonligida bir haftalik dengiz mashg‘ulotlarini boshladi. Bu AQShning Venesuelaga hujumi fonida geosiyosiy keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Xitoy boshchiligidagi mashg‘ulotlar o‘tgan yili ham BRIKS doirasida tashkil etilgandi. Janubiy Afrika qurolli kuchlari bayonotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar dengiz xavfsizligi va qaroqchilikka qarshi amaliyotlarni mashq qilish hamda «hamkorlikni chuqurlashtirish»ga qaratilgan.
Xitoy, Rossiya va Janubiy Afrika BRIKSning uzoq yillik a’zolari hisoblanadi, Eron esa guruhga 2024 yilda qo‘shilgan. Eron harbiy-dengiz kuchlari ham mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Ayni paytda esa mamlakat ichida norozilik namoyishlari kuchayib bormoqda.
BRIKS guruhiga kiruvchi boshqa davlatlar — jumladan, Braziliya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari mashg‘ulotlarda qatnashadimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas.
Bu mashg‘ulotlar AQSh bilan Janubiy Afrika o‘rtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirishi kutilmoqda. JAR Afrikadagi eng rivojlangan iqtisodiyotlardan biri, biroq Tramp ma’muriyati tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.
Mavzuga oid
14:40 / 09.01.2026
G‘azoda buzilayotgan sulh, Rossiyaning «qonuniy nishonlari», Istanbulda kuchli dovul va internetdan uzilgan Eron – kun dayjesti
15:00 / 08.01.2026
Eronda kuchaygan namoyishlar, Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerni musodara qilgan AQSh va SDFga qarshi amaliyot boshlagan Suriya – kun dayjesti
14:10 / 07.01.2026
Grenlandiyani ko‘zlayotgan Tramp, Yaponiyaga Xitoydan iqtisodiy zarba, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida siljish – kun dayjesti
15:59 / 06.01.2026