Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning eronlik namoyishchilarga «yordami», sobiq prezidentga o‘lim jazosini so‘ragan Koreya va G‘azodagi og‘ir humanitar vaziyat – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp eronliklarga «yordam bermoqchi»
13 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp eronliklarni norozilik namoyishlarini davom ettirishga chaqirib, ularga «yordam yuborayotganini» aytdi.
«Eronlik vatanparvarlar, namoyishni davom ettiring — muassasalaringizni qo‘lga oling!!! Ërdam yo‘lda», deb yozdi Donald Tramp o‘z postida. U bu yordam nimadan iborat bo‘lishini aniqlashtirmagan. Tramp norozilik bildiruvchilarning «ma’nosiz o‘ldirilishi» to‘xtamaguncha eronlik rasmiylar bilan barcha uchrashuvlarni bekor qilganini aytdi.
«Yordam yo‘lda» deganda nimani nazarda tutganini so‘rashganda, Tramp jurnalistlarga buni o‘zlari tushunib olishlari kerakligini aytdi. Tramp Eronni jazolash uchun harbiy choralar ham variantlar qatorida ekanini bildirgan.
AQSh Davlat departamenti seshanba kuni amerikalik fuqarolarni Eronni darhol tark etishga, jumladan, Turkiya yoki Armaniston orqali quruqlikdan chiqib ketishga chaqirgan.
Eronlik bir amaldorning aytishicha, namoyishlarda qariyb 2 ming kishi halok bo‘lgan. Reutersʼning yozishicha, bu — hokimiyat tomonidan qurbonlar soni ilk bor ochiqlangan holatidir.
Trampning «yordam yo‘lda» degan postiga javoban Eronning BMTdagi elchisi Amir Said AQSh prezidentini zo‘ravonlikni qo‘zg‘atishda, mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga tahdid solishda hamda hukumatni beqarorlashtirishga urinishda aybladi.
Eron hokimiyati esa bir vaqtning o‘zida bostirish va iqtisodiy noroziliklarni «qonuniy» deb tan olish siyosatini yuritmoqda.
Shuningdek, Eronda aloqa cheklovlari, jumladan, internet blokirovkasi axborot oqimini cheklab qo‘ygan. BMT telefon aloqasi tiklanganini, biroq internetga hanuz cheklovlar borligini aytdi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Eronda bepul ishlay boshlagan. Biroq Eron tomonidagi manbalar Starlink to‘lqinlari ham to‘sib qo‘yilganini yozgan.
Rossiya Eron ichki siyosatiga «buzg‘unchi tashqi aralashuv»ni qoraladi. Tehronning asosiy iqtisodiy hamkori bo‘lgan Xitoy esa sanksiyalarni keskin tanqid qildi.
Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya bosimlarga norozilik sifatida Erondan elchilarini chaqirib oldi. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Eron hukumati tez kunlarda qulashiga ishonishini aytdi.
Sobiq prezidentga o‘lim jazosi so‘raldi
Prokurorlar Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga o‘lim jazosi tayinlanishini so‘radi.
Seuldagi sud Yun ishi bo‘yicha yakuniy nutqlarni tingladi. Unda sobiq prezident Yun Sok Yol «qo‘zg‘olon bosh tashkilotchisi» sifatida ayblanmoqda.
Bu ayblov 2024 yil dekabrida Yun tomonidan Janubiy Koreyada harbiy boshqaruv joriy etishga bo‘lgan urinishdan kelib chiqadi. Bu harakat bir necha soatgina davom etdi, biroq mamlakatni chuqur siyosiy inqirozga olib kirdi. Shundan so‘ng u parlament tomonidan impichment qilindi va sud oldida javob berish uchun hibsga olindi.
Qo‘zg‘olonga rahbarlik qilish — Yunga qo‘yilgan eng og‘ir ayblov, u o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq bilan jazolanadi. Yun o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda.
Yunning qo‘zg‘olon ishi uning ma’muriyatidagi yana ikki yuqori martabali shaxs — sobiq mudofaa vaziri va sobiq politsiya boshlig‘i ishlari bilan birlashtirilgan. Prokurorlar ulardan biriga umrbod qamoq, yana biriga esa 20 yil so‘ramoqda.
Sud hukmni fevral oyida e’lon qiladi. 65 yoshli Yun o‘tgan yili aprel oyida lavozimidan chetlatilgan va mamlakat tarixida hibsga olingan birinchi amaldagi prezident bo‘lgandi.
G‘azoda og‘ir humanitar vaziyat
Isroilning 2023 yil oktyabr oyida boshlangan genotsid urushi davomida G‘azo sektorida o‘ta sovuq sabab halok bo‘lganlar soni 24 nafarga yetdi, ularning 21 nafari bolalar.
G‘azo hukumati axborot idorasiga ko‘ra, joriy qish mavsumi boshlanganidan beri yetti nafar bola kuchli sovuq sharoitlar tufayli vafot etgan. «Barcha qurbonlar majburiy ko‘chirilgan falastinliklar bo‘lib, ular lagerlarda yashayotgan edi», deyiladi bayonotda.
Anadolu'ning yozishicha, hududdagi yomon ob-havo sharoitlari sabab taxminan 7 mingta chodir zararlangan yoki yaroqsiz holga kelgan.
Idora, vaziyat ayniqsa eng zaif guruh — bolalar hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini aytdi. Buning sabablari sifatida isitish vositalarining deyarli yo‘qligi, xavfsiz boshpananing yetishmasligi hamda humanitar yordam kirishiga qo‘yilgan cheklovlar davom etayotgani keltirildi.
Bayonotda Isroil bu o‘limlar uchun to‘liq javobgar ekani aytilib, bu holat «o‘ldirish, ochlik va majburiy ko‘chirish» siyosatining bir qismi sifatida ta’riflangan.
Axborot idorasi xalqaro hamjamiyat, BMT, inson huquqlari tashkilotlarini zudlik bilan xavfsiz boshpanalar tashkil etishga, isitish va yordam vositalarining cheklovsiz kirishiga ruxsat berishga va yangi qurbonlarning oldini olishga chaqirdi.
Hindistonda 22 kishini o‘ldirgan fil qidirilmoqda
Hindiston o‘rmon xo‘jaligi xodimlari sharqiy Jharhand shtatidagi bir necha kunlik hujumlarda o‘nlab odamlarni o‘ldirgan filni qidirmoqda.
The Guardianʼning mahalliy nashrlarga tayanib yozishicha, yanvar boshidan buyon Jharhandning g‘arbiy tumanida bir tishli fil 22 kishini o‘ldirgan. U o‘rmonlar va qishloqlarni kezib, yo‘lida uchraganlarni bosib ketmoqda. Hujumlar asosan kechalari sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida bolalar va o‘rmon xo‘jaligi xodimi ham bor.
Chaibasa tumani o‘rmon bo‘limi rahbari Aditya Narayanning taxminicha, yosh erkak fil podasidan ajralib qolib, «nihoyatda tajovuzkor» bo‘lib qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, filni tinchlantirish uchun uch marta muvaffaqiyatsiz urinish bo‘lgan.
Fil bir kunda qariyb 30 kilometr yo‘l bosmoqda, uni topish uchun 100 dan ortiq o‘rmon xo‘jaligi xodimi safarbar etilgan. Filning beqaror xulqi va o‘rmonlar bo‘ylab tartibsiz harakati uning qayerdaligini aniqlashni qiyinlashtirmoqda.
Hindistonda o‘rmonlarning qisqarishi, oziq-ovqat tanqisligi hamda ilgari fillarning yo‘li bo‘lgan hududlarda aholi yashash joylarining kengayishi — odamlar bilan fillar o‘rtasida halokatli to‘qnashuvlar ko‘payishiga olib kelmoqda. Xususan, so‘nggi besh yil ichida Hindistonda fillar bilan bog‘liq to‘qnashuvlarda 2 800 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
Kanada bosh vaziri Xitoyga kelmoqda
Kanada bosh vaziri Mark Karni 13 yanvar kuni Xitoyga yo‘l oldi. Karni u yerda savdo va xalqaro xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi. Bu 2017 yildan beri Kanada bosh vazirining Pekinga ilk tashrifi bo‘lib, Ottava yangi savdo va xavfsizlik hamkorlarini izlayotgan bir paytda muhim burilish bo‘lishi mumkin.
Bu safar ekspertlar hech bo‘lmaganda kelajakdagi bitimlar bo‘yicha va’dalar bo‘lishini kutmoqda.
Manbaga ko‘ra, bitimlar Kanada xom neftining Xitoyga ko‘proq eksportini ham o‘z ichiga olishi mumkin. Kanada neftining qariyb 90 foizini AQShga eksport qiladi. Biroq AQSh Venesueladan neft importini oshirishni rejalashtirayotgani – Kanada neftiga bo‘lgan talabni kamaytirishi mumkin.
Xitoy o‘tgan yili avgust oyida Kanadaning kanola importiga dastlabki antidemping bojlari joriy qilgandi. Bu Ottava bir yil avval Xitoy elektromobillariga boj qo‘ygani ortidan boshlangan savdo mojarosini keskinlashtirdi. Shu bois Kanada endi AQShdan keyingi ikkinchi hamkori – Xitoyga bojlarni kamaytirishi mumkin.
Sobiq liberal vazirlar maslahatchisi Greg Makicherning aytishicha, tashrif ramziy bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq natija beradi. U bu safar Vashingtonda ham kuzatilishini qo‘shimcha qildi.
«Bu prezident Trampni ranjitish xavfi bor, biroq bosh vazir Karni Kanadaning biznesga ochiqligini ko‘rsatmoqchi va Kanada hukumati bunga arziydi degan hisob-kitobni qilgan».
Mavzuga oid
13:54 / 13.01.2026
Daniya himoyasiga tayyor Yevropa, Trampning Eronga qarshi sanksiyalari va Ispaniyada ushlangan 10 tonna kokain – kun dayjesti
15:48 / 12.01.2026
AQShni ogohlantirgan Eron, Avstraliyada kuchli yong‘inlar va Kubaga bosim boshlagan Tramp – kun dayjesti
14:05 / 10.01.2026
Venesuelaga $100 milliard sarmoya, Yevroittifoq tasdiqlagan Mercosur va Ukrainaga otilgan «Oreshnik» – kun dayjesti
14:40 / 09.01.2026