Iqtisodiyot | 11:52 / 26.12.2025
646
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yildan QQS tushumining bir qismi hududlarda qoldiriladi

2026 yil 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumining bir qismi hududlarda qoldirilib, uning yarmi tuman budjetlariga o‘tkaziladi. Bu orqali tumanlar daromad bazasini kamida ikki barobar oshirish va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun qo‘shimcha moliyaviy manba yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2026 yildan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlarini samarali moliyalashtirish maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tushumining bir qismi hududlarda qoldirilib, tuman budjetlariga yo‘naltiriladi. Bu orqali tumanlar daromad bazasini kamida ikki barobar oshirishga sharoit yaratilishi qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 yanvardan QQS tushumining Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda esa 20 foizi hududlarda qoldiriladi. Qoldiriladigan mablag‘ning yarmi tumanlar budjetiga o‘tkazilishi belgilandi.

Shu bilan birga, tuman budjetlarini mustahkamlash uchun qo‘shimcha manbalar ham belgilanmoqda. Xususan:

  • daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi;
  • ekin yerlarini ijaraga berishdan tushumlar;
  • bozorlardan tushumlar to‘liq tuman budjetiga berilishi aytildi.

Bundan tashqari, viloyat va tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni aholi o‘rtaga qo‘yayotgan masalalarni hal qilishga yo‘naltirishga ruxsat berilishi belgilandi. Ushbu choralar hisobidan tumanlar budjetida 5 trln so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanishi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m mablag‘ viloyatlarning o‘ziga beriladi. Ushbu mablag‘lar “tuman uchun emas”, balki mahallada ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltirilishi va budjet mablag‘larini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv qo‘llanilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanishi, shaharlarning tartibsiz kengayishini cheklash uchun aniq mezonlar belgilanishi, respublikada ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududi ajratilishi ma’lum qilindi. Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasi ishga tushirilib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish orqali har bir mahallaga xos muammolarni aniqlash va manzilli yechimlar berish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid