O‘zbekiston | 12:10 / 19.01.2019
292748
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning qoq markazida qiymati millionlab dollarga teng osori atiqalarga to‘la xazina topildi (Fotoreportaj)

O‘zbekiston milliy universiteti olimlari poytaxtimizning markazidagi eski binolardan birida olib borilgan qidiruv ishlari vaqtida, yerto‘ladan 80 yillar avval yo‘qolgan va million AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega xazina topishdi.

Bino 1870 yillarda qurilgan bo‘lib, uning yerto‘lasi ostida yana bir yashirin hujra mavjud bo‘lgan. Bu hujraga tushish joyi ko‘milib ketganligi sababli salkam 80 yil bu haqida hech kim bilmagan.

Noyob san'at asarlari, oltin kumush tanga va idishlar, burjuaziya uslubida ishlangan buyumlar Toshkent shahridagi XIX asr avliyo Yevangel protestantlar va xristian provaslavlar cherkovlari devorlariga ishlangan qadimiy suratlar, ikonalar, qimmatli metalldan yasalgan buyumlar shular jumlasidandir.

Hozirda topilmalar muzeyga olib kelinmoqda. Ayrim topilmalar restavratsiya ishlarini olib borish uchun Germaniya va polshalik mutaxassislar guruhidan iborat maxsus laboratoriyaga topshirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu topilmalar orasida 1918 yil Toshkentdagi knyaz Romanov saroyining noyob kolleksiyalari, 1920 yilda Toshkentga Yevropa va Sankt-Peterburgdan kelgan mashhur dvoryanlar va olimlarga hamda 1932-38 yillarda Stalin repressiyasi qurbonlari hamda general Jo‘rabek uyidan yo‘qolgan ashyolar ham mavjud.

Hozircha topilmalari aniq soni, nomi va qiymati to‘liq e'lon qilingani yo‘q. Qidiruv ishlari O‘zFA ning tarix va arxeologiya sohasidagi akademik ekspertlar guruhi bilan davom ettirilmoqda. Quyidagi suratlarda ushbu xazinadan misollar keltirib o‘tamiz.

Oltin mikroskop. XIX asr. Avstriya imperiyasi

Oltin mikroskop. XIX asr. Avstriya imperiyasi

Oltin-kumush tangalar namunalari. Bu joyda ko‘plab tangalardan biri keltirilgan. Xazinada o‘nlab bunday tangalardan mavjud

Ikona. XIX asr

Oltin quymalari. XX asr. Bunday quymalar jami 8 kg bo‘lib, suratda uning bir qismi xolos

Kumush quymalaridan bir dona namuna

XVIII-XIX asrlarda Rossiya imperatorining saroyidan keltirilgan, oltin bilan bezatilgan kitoblar

1830 yilgi Amerika qushlari kitobi. Narxi 150 ming AQSh dollari atrofida. Bunday qimmatbaho kitoblardan xazinada 4 dona mavjud

1535 yilgi kitob. Eski lotin va yunon tilida

XV-XVI asrlar atrofidagi qimmatbaho kitoblar

XII asrdan XVIII asrgacha bo‘lgan qo‘lyozmalar

Nikolay Dimo ismli badavlat rus fuqarosi, ushbu xazinaning O‘rta Osiyoga olib kelinishiga sababchi bo‘lgan shaxs

Topilmalar orasida o‘rta asrlarga(XII-XVII) tegishli mashhur o‘zbek allomalarining o‘nlab qo‘lyozma kitoblari mavjud bo‘lib ulardan ayrimlari bizgacha yetib kelmagan deb hisoblanardi.

1920 yil Peterburgdan Toshkentga kelgan poyezd. Xazinani yurtga olib kelgan insonlar.

Ushbu noyob va bebaho kitoblar nafaqat O‘zbekiston balki jahonning mashhur muzeylarini ham bezashga arziydigan katta xazinadir.

Kitoblar bilan birga o‘zbek xonliklari davridagi o‘nlab diniy siyosiy hujjatlar shajaralar tarixiy ma'lumotlar ham topildi.

Hozirgi kunda ushbu qidiruv ishlari hali davom etmoqda. Olimlarimiz ilmiy izlanishlarida yanada ko‘proq topilmalar aniqlashiga umid qilib qolamiz.

Ushbu topilmalar tarixiy ahamiyatga molik yodgorlik bo‘lganligi sababli davlat muhofazasiga olingan.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid