Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojxona omborlari qanday tashkil etiladi?
Bojxona omborlari nima? Uni qanday tashkil etish mumkin? Lisenziya kimlarga beriladi? “Bojxona qoidalari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida shu kabi savollarga javob olishingiz mumkin.
Kun.uz Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlab kelayotgan “Bojxona qoidalari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonini havola qiladi. Bu safar bojxona omborlarini tashkil etish tartibi haqida so‘z yuritiladi. Bojxona omborlari nima maqsadlarda tashkil etilishi, buning uchun qanday hujjatlar talab qilinishi va umuman ushbu mavzu haqida qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Abbos Berdiyev savollarga javob beradi.
Bojxona omborini tashkil etishdan maqsad nima?
Ma'lumki, import qilinayotgan tovarlar respublikamizga kirib kelganidan so‘ng, ularga qonun hujjatlariga muvofiq tegishli sertifikatlar olinishi hamda bojxona to‘lovlarini to‘lashda ma'lum bir muddat ketadi. Mazkur tovarlar bojxona nazorati ostidagi tovarlar bo‘lganligi uchun maxsus ajratilgan, begona shaxslarning yaqinlashish imkoni bo‘lmagan, tasarruf etilishi cheklangan joylarda vaqtinchalik saqlanadi. Aynan ushbu turdagi tovarlarni saqlab berish uchun tadbirkorlar
tomonidan tegishli talab va shartlar asosida maxsus bojxona omborlari tashkil etiladi. Bunday faoliyat bilan shug‘ullanish uchun bojxona organlaridan litsenziya olinadi.
Bojxona omborlarining turlari haqida
Bojxona organlari tomonidan 3 turdagi ombor faoliyati uchun litsenziyalar berilmoqda.
1. Bojxona ombori - Nizom talablariga muvofiq bo‘lgan tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan hudud uchun amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladigan litsenziya. Bojxona ombori ochiq yoki yopiq turda bo‘lishi mumkin:
- ochiq turdagi bojxona ombori - har qanday shaxslar foydalanishi mumkin bo‘lgan bojxona ombori;
- yopiq turdagi bojxona ombori - litsenziya olgan shaxsning tovarlarini saqlashga mo‘ljallangan bojxona ombori;
2. Erkin ombor - Nizom talablariga muvofiq bo‘lgan tovarlarni erkin ombor rejimida bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan hudud uchun amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladigan litsenziya.
3. Boj olinmaydigan savdo do‘koni (duty free) - tovarlarni boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi talablariga va shartlariga muvofiq bojxona nazorati ostida realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan savdo obekti uchun amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladigan litsenziya.

Erkin ombor bilan bojxona omborining asosiy farqlari nimalardan iborat?
Bojxona ombori va erkin omborning quyidagi ikkita farqi mavjud. Birinchi farqi mahsulotlar va tovarlarning saqlanish muddatiga doir.
- Bojxona omborida saqlanadigan tovarlar “vaqtincha saqlash” (2 oygacha) va “bojxona ombori" (3 yilgacha) tartibida saqlanadi.
- Erkin omborda saqlanadigan tovarlar muddatsiz ravishda saqlanishi mumkin, ya'ni “erkin ombor”da tovarlarni saqlash muddati chegaralanmagan.
Ikki turdagi omborning ikkinchi farqi shundan iboratki, bojxona omborida tovarlar bilan ishlab chiqarish operatsiyalari hamda boshqa tijorat operatsiyalari amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, tegishli bojxona rejimida nazarda tutilgan operatsiyalar bundan mustasno.
Bugungi kunda O‘zbekistonda nechta bojxona ombori mavjud?
O‘zbekistonda bojxona nazoratidagi tovarlarni saqlashga mo‘ljallangan litsenziyaga ega omborlar jami 370tani tashkil etmoqda. Shundan:
- 355tasi bojxona ombori (ulardan 264tasi ochiq va 91tasi yopiq turdagi bojxona ombori);
- 7ta erkin ombor;
- 8ta boj olinmaydigan savdo do‘koni (duty free) mavjud.

Bojxona omborini kimlar tashkil eta oladi?
O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxsgina respublika hududida bojxona omborlarini tashkil eta oladi. U litsenziya da'vogari deb ataladi. Shu bilan birga, bojxona ombori tashkil etish talablaridan biri shuki, temir yo‘l va avtomobil transport uzellari hamda transport magistrallaridan olib boruvchi, transport vositalari harakati uchun yetarli kenglikka ega bo‘lgan yo‘ldan bojxona omborigacha bo‘lgan masofa 3 km.dan oshmasligi kerak.
Bojxona ombori faoliyatini tashkil etish tartibi haqida
Bugungi kunda bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga 3 turdagi litsenziya beriladi. Shulardan biri bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash bo‘lib, ushbu litsenziyaga O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash tartibotlari Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 apreldagi 210-son qarori bilan tasdiqlangan “Bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti” asosida tartibga solinadi.
Ma'muriy reglament bilan litsenziyalashning umumiy qoidalari bilan birga:
- litsenziya talablari va shartlari;
- litsenziya olish uchun zarur hujjatlar;
- litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi;
- litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilishini to‘xtatib turish,
- tugatish, litsenziyani bekor qilish;
- litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
- litsenziyalar reyestrini yuritish;
- davlat bojini va davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘imni to‘lash tartibi;
- lisenziatning javobgarligi, bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlash masalalari atroflicha yoritib berilgan.
Lisenziyalashning eng muhim jihatlaridan biri litsenziya talablari va shartlari hisoblanib, yuridik shaxslar ma'muriy reglamentda berilgan talablar va shartlarga rioya qilganda ularga litsenziya rasmiylashtirilishi mumkin bo‘ladi.
Ma'muriy reglamentga muvofiq, yuridik shaxslar ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun faqat davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Bunda, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning har bir bosqichida yuridik shaxslar murojaatini ko‘rib chiqish bosqichi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida kuzatib borish mumkin. Shu bilan birga, mazkur xizmatlardan foydalanish uchun yuridik shaxslardan elektron raqamli imzo talab etiladi.
Lisenziya olish uchun qanday hujjatlar taqdim etiladi?
- litsenziya da'vogari ega bo‘lgan va bojxona ombori sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan binolar va (yoki) ochiq maydonchalar, ularning o‘lchamlari, hajmi va (yoki) maydoni, ular joylashgan joy, ularning jihozlanishi, videokuzatuv tizimi, asbob-uskunalar va moddiy-texnika bilan ta'minlanganligi hamda mulk huquqi, ashyoviy huquqlar yoki ijara asosida tegishliligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
- avtomobil va temir yo‘llar ko‘rsatilgan holda, bojxona ombori uchun mo‘ljallangan hudud (shuningdek, yondosh) va binolarning sifatli tarhi va chizmasi (qo‘riqlanadigan hudud, bojxona nazorati zonasi, aniq o‘lchamlari ko‘rsatilgan);
- O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona to‘lovlari to‘langanini tasdiqlovchi hujjat.
Lisenziya da'vogaridan ushbu Reglamentda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.