20:22 / 05.08.2021
14378

Bojxona qoidalari: Qaysi holatlarda deklaratsiya to‘ldirish kerak?

Xorijga chiqishni rejalashtirgan fuqaro borki, deklaratsiya degan so‘zga duch keladi. Bojxona tizimida keng qo‘llanadigan bu tushuncha haqida ayniqsa chet mamlakatga tez-tez chiqib turadigan fuqarolarimiz to‘liqroq ma'lumotga ega bo‘lishlari foydadan xoli emas. Bu – bilmagan holda qonunbuzarlik sodir etib qo‘yishning oldini oladi.

Kun.uz va Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida tayyorlanayotgan «Bojxona qoidalari» ko‘rsatuvining bugungi sonida bojxona deklaratsiyasi haqida so‘z boradi. Mavzu yuzasidan qo‘mita katta inspektori Mardon Sobirov ma'lumot beradi.

Bojxona nazorati maqsadlari uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar ko‘rsatilgan hujjat bojxona deklaratsiyasi hisoblanadi va uch turga bo‘linadi:

1. Transport vositasi uchun deklaratsiya – transport vositasi, uning yo‘nalishi, tashilayotgan tovarlar, ekipaj va yo‘lovchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan, tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasining kelishi yoki ketishi to‘g‘risidagi hujjat;

2. Bojxona yuk deklaratsiyasi – deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan bojxona organiga taqdim etiladigan va muayyan bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarlar haqidagi to‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilgan hujjat;

3. Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi – notijorat maqsadlar uchun mo‘ljallangan, deklaratsiyalanadigan tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tayotgan jismoniy shaxs tomonidan to‘ldiriladigan va bojxona organiga taqdim etiladigan hujjat.

Deklaratsiyalashning qanday usullari bor?

Deklaratsiyalash og‘zaki, yozma hamda elektron shaklda amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi, qiymati va miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normalaridan va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalaridan oshmaydigan tovarlarni deklaratsiyalashda og‘zaki deklaratsiyalash qo‘llaniladi.

Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasidan foydalanilgan holda, quyidagilar yozma deklaratsiyalanadi:

  • jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi, qiymati va miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normalaridan va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalaridan oshadigan tovarlari;
  • jismoniy shaxsning yashash joyi o‘zgarganda uning shaxsiy mol-mulki bo‘lgan tovarlar (avtotransport vositalari mustasno);
  • chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududida bo‘lish davriga vaqtincha olib kirilayotgan yoki O‘zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari tomonidan bojxona hududidan tashqarida bo‘lish muddatiga olib chiqilayotgan notijorat maqsadlardagi transport vositalari;
  • O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasi va valuta boyliklari. Bunda, olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan milliy va xorijiy valuta miqdori 70 mln so‘mdan ortiq bo‘lmasa, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldirish talab etilmaydi. Albatta, jismoniy shaxsning xohishiga ko‘ra, istalgan qiymatdagi naqd valuta mablag‘lari ham deklaratsiya qilinishi mumkin.
  • Elektron (yozma) shaklda – bojxona yuk deklaratsiyasidan foydalanilgan holda esa:
  • yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan tovarlar (qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha bo‘lgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish holatlari mustasno);
  • jismoniy shaxslarning tijorat maqsadlaridagi tovarlari;
  • jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi transport vositalari (chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududida bo‘lish davriga vaqtincha olib kirilayotgan yoki O‘zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari tomonidan bojxona hududidan tashqarida bo‘lish muddatiga olib chiqilayotgan notijorat maqsadlardagi transport vositalari bundan mustasno);
  • jismoniy shaxs kirib kelishidan yoki chiqib ketishidan oldin yoki keyin olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan, alohida kuzatib kelinayotgan bagajda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar elektron tarzda yoki yozma deklaratsiyalanadi.
  • Quyidagi holatlarda tovarning kuzatuv hujjatlaridan foydalangan holda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirmasdan tovarlarni olib chiqishga ruxsat beriladi:
  • yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar tomonidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha bo‘lgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish;
  • xorijdagi ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun mo‘ljallangan, 5 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan ekvivalentdagi tovarlarni olib chiqishda;
  • jismoniy shaxslarga umumiy qiymati 5 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan tovarlarni olib chiqishda.

Quyidagi tovarlar esa mustasno:

Eslatma: ushbu normalar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tishda tatbiq etilmaydi.

Ta'kidlash kerak, bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirish yoki to‘ldirmaslik bojsiz va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalariga bog‘liq.

Bojsiz va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normalari nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3512-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxs tomonidan respublikaga olib kiriladigan, bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan tovarlarning normalari belgilangan.

Unga ko‘ra, quyidagilar bojxona to‘lovlariga tortilmaydi:

  • xalqaro aeroport bojxona chegaralari o‘tkazish punktlari orqali olib o‘tishda – 2 000 AQSh dollari ekvivalentidan oshmaydigan tovarlar;
  • temir yo‘l va daryo bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali olib o‘tishda – 1 000 AQSh dollari ekvivalentidan oshmaydigan tovarlar;
  • avtoyo‘l (piyoda) bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali olib o‘tishda – 300 AQSh dollari ekvivalentidan oshmaydigan tovarlar;
  • xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun – bir chorak mobaynida 1 000 AQSh dollari ekvivalentidan oshmaydigan tovarlar;
  • xalqaro pochta jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun – 100 AQSh dollari ekvivalentidan oshmaydigan tovarlar.

Mazkur qarorning 1-ilovasi bilan, respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan ayrim turdagi tovarlarning me'yorlari ham tasdiqlangan:

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi 463-son qarori ilovasi bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishga doir me'yorlari belgilangan bo‘lib, ushbu normalar jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasining o‘tkazish punktidan faqat birinchi marta o‘tishida qo‘llaniladi.

Bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirish tartibi haqida

Bojxona yuk deklaratsiyalarini to‘ldirish 2016 yil 6 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2773-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma talablari asosida amalga oshiriladi.

Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish 2014 yil 5 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2606-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma talablari asosida amalga oshiriladi.

Tovarlarni deklaratsiyalash bo‘yicha qanday imkoniyatlar yaratilgan?

Ilgari bojxona yuk deklaratsiyalari faqatgina deklarant yoki bojxona brokerlari tomonidan bojxona organiga taqdim etilishi mumkin edi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 14 apreldagi PF-5414-sonli farmoniga muvofiq, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqi berildi.

Bugungi kunda, Davlat bojxona qo‘mitasining customs.uz rasmiy veb saytida va my.gov.uz portalida tovarlarni elektron deklaratsiyalash interaktiv xizmati joriy etilgan bo‘lib, istalgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi ushbu interaktiv xizmatdan foydalangan holda, bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organlariga real vaqt rejimida taqdim etish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, oldinlari bojxona chegarasi orqali harakatlanadigan, 16 yoshga to‘lgan har bir jismoniy shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldirishi majburiy edi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari faqatgina Bojxona kodeksining 260-moddasida ko‘rsatilgan, yuqorida sanab o‘tilgan holatlardagina to‘ldiriladi.

Bundan tashqari, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi va boshqa masalalar bo‘yicha 3 haftalik o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolar va tadbirkorlar ushbu kurslarda o‘z bilim va malakalarini oshirishlari mumkin.

Top